Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2026   |   18 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:44
Bismillah
03 Iyul, 2026, 18 Muharram, 1448

Bu yaxshi!

17.04.2017   9903   1 min.
Bu yaxshi!

Qadim zamonda Afrikada bir podshoh bo‘lib, uning do‘sti bor ekan. Do‘stining bir odati bor ekanki, u nima ish sodir bo‘lsa, yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham, "Bu yaxshi!" der ekan.

Podshoh ovga chiqqan paytida do‘stini o‘zi bilan olib borar, u shohga miltig‘ini o‘qlab berib turar ekan. Bir kuni miltiqni noto‘g‘ri o‘qlagani sababli podshoh undan otganida bosh barmog‘i uzilib ketibdi. Buni ko‘rib podshohning do‘sti har doimgidek "Bu yaxshi!" debdi. Og‘riqdan g‘azablangan podshoh: "Yo‘q, bu yaxshi emas", deb do‘stini qamab qo‘yishni buyuribdi.

Oradan bir yil o‘tib, podshoh yana ov qilib yurganida odamxo‘r qabila a’zolari uni o‘g‘irlab ketibdi. Podshohni ustunga bog‘lab, o‘tin hozirlay boshlashibdi. Odamxo‘rlardan biri tasodifan podshohning bitta barmog‘i yo‘qligini ko‘rib qolibdi. Ular irim qilib nogironlarni yeyishmas ekan. Shu sababli podshohni qo‘yib yuborishibdi. Podshoh odamxo‘rlardan qutilishiga sabab bo‘lgan voqeani eslab, qilgan ishidan uyalib, tezda zindonga borib, do‘stini chiqarib olibdi va unga bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Do‘sti uning gaplarini tinglab "Bu yaxshi!" debdi. Podshoh hayron bo‘lib so‘rabdi: "Nega yaxshi bo‘ladi, axir men seni bir yil zindonda saqladim-ku?!" "Yaxshiligi shundaki, agar men zindonda bo‘lmaganimda siz bilan ovga borar va odamxo‘rlarga yem bo‘lar edim".

Xulosa. Har bir ishda bir yaxshilik bo‘ladi. Ba’zida biz yaxshilik deb o‘ylagan narsaning ketidan yomonlik kelishi va ba’zan biz yomonlik deb o‘ylagan narsaning ketidan yaxshilik kelishi mumkin.

 

Akbarshoh Rasulov tayyorladi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon

29.06.2026   10602   3 min.
Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon

Joriy yilning 27 iyun kuni Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazida “Tamaddun” loyihasi qo‘shma dasturi doirasida “Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
 

Nufuzli anjumanda yurtimizdagi ko‘plab diniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalar, jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent islom instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mir Arab oliy madrasasi, Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti rahbariyati, ilmiy xodimlari va soha mutaxassislari ishtirok etdilar.


Yot g‘oyalarga qarshi sof aqidaviy maktab


Konferensiyada bugungi kunda global muammoga aylangan diniy radikalizm, takfirchilik va turli yot fikriy oqimlarga qarshi mafkuraviy kurashda sof Naqshbandiya tariqati, Moturidiylik aqidasi va Hanafiylik mazhabining o‘rni hamda ahamiyati beqiyos ekanligi alohida ta’kidlandi.


Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida haqiqiy tasavvuf aslo boqimondalik yoki dunyodan uzilish emasligini qayd etdilar. Aksincha, sobiq sovet tuzumi davrida insonlarni materialistik hayot tarziga moslashtirish va dinning asl mohiyatini buzib ko‘rsatish maqsadida ataylab soxta tariqatchilik g‘oyalari yoyilgani tarixiy dalillar va ilmiy asoslar bilan ochib berildi.


Xalqaro hamkorlik va ilmiy muloqot


Diniy-milliy qadriyatlarimizni tiklash, xalqimizning ma’naviy merosini asrash va jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashni maqsad qilgan ushbu anjumanda mahalliy ulamolar bilan bir qatorda xorijlik nufuzli olimlar ham qatnashdi. Jumladan, Buxoro davlat universiteti professori Ayman Usmon Ash-Shuray’iy va Turkiyaning Dijle (Dicle) universiteti xodimi Mustafo Alago‘zog‘lu (Mustafa Alagözoğlu) o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib, Naqshbandiya ta’limotining jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdilar.


Amaliy takliflar va istiqboldagi vazifalar


Anjuman yakunida bugungi davr talablari va yoshlar tarbiyasidagi dolzarb masalalardan kelib chiqqan holda bir qator muhim amaliy takliflar ilgari surildi: 
 

  1. Raqamli platformalar yaratish: Sof Naqshbandiylik manbalari, ulamolarning asarlari va ularning sharhlarini o‘z ichiga olgan maxsus raqamli platformalar hamda mobil ilovalarni ishlab chiqish;

  2. Ta’lim dasturlarini boyitish: Diniy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga tasavvuf fanlarini, xususan, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutasavviflar merosini chuqurlashtirilgan holda o‘rganishni tizimli kiritish;

  3. «Dil ba yor» shiorini targ‘ib qilish: Yoshlar o‘rtasida mehnatsevarlik, halol kasb va vatanparvarlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Naqshbandiya ta’limotining bosh g‘oyasi bo‘lmish “Dast ba koru dil ba yor” (Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin) shiori ostida yashab o‘tgan ulamolarning hayot yo‘lini keng jamoatchilikka yetkazish.


Anjuman ishtirokchilari bu kabi ilmiy uchrashuvlar yurtimizda din sofligini asrash va yoshlarni yot ta’sirlardan himoya qilishda muhim poydevor bo‘lishini e’tirof etdi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati
 

Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon
O'zbekiston yangiliklari