“Niyat” arabcha so‘z. O‘zbekchada “maqsad”, “o‘y”, “mo‘ljal”, “o‘ylab qo‘yilgan ish” ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa niyatga Muhammad Amin ibn Obidin rahmatullohi alayh “Raddul Muxtor” kitobida quyidagicha ta’rif bergan: “Niyat biror amalni bajarishda Alloh taologa yaqinlikni hosil qilish va toatni qasd qilishdir”.
Ulamoning aksari niyatning o‘rni qalb ekaniga ittifoq qilgan. Lekin o‘sha niyatni til bilan izhor qilib qo‘yishni ma’qul sanaganlar.
Ular amallarga kirishishdan oldin niyat qilishning bir necha hikmatlarini quyidagicha bayon qiladilar: “Niyatning hikmati shuki, u bilan ibodatlarni odatda qilinadigan amallardan ajratish, ibodatlarning ba’zilarini boshqalaridan farqlash, Alloh uchun bo‘ladigan amallarni boshqalar uchun bo‘ladiganlaridan ajratishdir”. Masalan, ovqat yemaslik parhez uchun bo‘lishi ham mumkin yoki ro‘za uchun bo‘lishi ham mumkin. Ana shu ikki amalning orasini niyat ajratib beradi.
Niyat qalbning ishi bo‘lib, uni Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi. Niyatning yaxshi-yomonligiga qarab, mukofot yoki jazo beriladi. Chunki amallar niyatga bog‘liq bo‘ladi.
عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim: “Amallar niyatga qarab baholanadi”, dedilar”.
Har qanday amalning zohiri va botini mavjud. Amalning zohiri Alloh va Rasulining shari’atiga muvofiq bo‘lsa, o‘sha amal to‘g‘ri bo‘ladi. Agar amalning zohiri shari’atga xilof bo‘lsa, bu amal bekor bo‘ladi. Amalning botini esa, qasd va niyat hisoblanadi. Alloh taolo beradigan mukofotlar ham aynan o‘sha botinga asoslangan bo‘ladi.
عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " أَلا إِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلُحَتْ صَلُحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ ، وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلَّهُ أَلا وَهِيَ الْقَلْبُ...
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “...Ogoh bo‘ling! Tananing ichida bir parcha go‘sht bor. Agar u sog‘lom bo‘lsa butun tana sog‘lom bo‘ladi. Agar u yaroqsiz bo‘lsa, tananing hammasi yaroqsiz bo‘ladi. Bilingki, u – qalbdir...”, deb har narsaning avvalida qalb va undagi niyat turishiga urg‘u berganlar (Buxoriy rivoyati).
Shuning uchun ham niyat amalning ruhi hisoblanadi. Musulmonlarning bir-biriga niyatingni to‘g‘rila, niyatni xolis Alloh uchun qil, deb eslatishlari ham bejiz emas. Chunki botin to‘g‘ri bo‘lsa, zohir ham to‘g‘ri bo‘ladi. Botini ham, zohiri ham to‘g‘ri bo‘lgan amal esa, Allohning roziligiga sabab bo‘ladi. Allohning roziligi sababli ikki dunyo saodatiga erishiladi.
Odamlarning niyati har xil bo‘ladi. Ba’zilar Allohning azobidan qo‘rqqanidan ibodat qiladi. Yana bir toifa Allohning rahmatidan umid qilib amal qiladi. Bu ikkalasidan ham yuqori turuvchi toifa esa Allohning toatga, ibodatga loyiq, ulug‘ Zot ekani uchun ibodat qiladi. Bu niyatlarning eng ulug‘i va kuchlisidir. Dunyoga rag‘bat qo‘ygan kishilarning bunday niyat qilishi u yoqda tursin, uni tushunish ham oson emas. Bu maqomga erishgan inson Allohga bo‘lgan muhabbati sababli Rabbisini zikr qilishdan va Uning ulug‘ligi to‘g‘risida tafakkur qilishdan ortmaydi. Niyatsiz bo‘lgan amal go‘yo qilinmagani kabi e’tiborsizdir. Ixlossiz niyat esa, riyoning alomatidir. Allohga ibodat qilishni xohlagan har bir banda, eng avvalo, niyat nima ekanini bilib olishi kerak. So‘ngra niyati bilan ixlos va amalni birlashtirib, najot tomon intilishi zarur. Shundagina uning amallari oxiratda foyda beradi.
Inson uchun berilgan ne’matlar bisyor. Shulardan biri aziz umrimizdir. Ammo bir marta beriladigan bu omonat umrni qanday sarflayotganimiz bilan bir-birimizdan farqlanamiz va Yaratgan huzurida daraja topamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimni o‘rtacha yoshi 60 bilan 70 orasidadir...”-deganlar (Termiziy rivoyati). Ha, juda qisqa bir fursat!
Tadqiqotchi olimlar fikricha, agar inson 70 yil umr ko‘rsa, o‘rtacha kuyidagi jadvalda keltirilgan amallarni bajarishga vaqti sarflanar ekan.
|
Amallar |
Bir kunda sarflaydigan vaqt |
70 yilda sarflaydigan vaqt |
|
Uyqu |
6 soat |
17.5 yil |
|
Taom |
1 soat |
3 yil |
|
Hojat va hammom |
30 daqiqa |
1.5 yil |
|
Ish |
8 soat |
23 yil |
|
Jami |
15.5 soat |
45.5 yil |
Ammo yaratgan Allohning fazli ila shu qisqa umrni niyat va ixlosli amallarimiz ila ziyoda qilish imkoni bor. Bu esa nomai a’molimizga “ibodat” deya yozilishi uchun ulkan imkonyatdir.
Abu Kabsha al-Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Albatta, dunyo to‘rt kishinikidir:
1) Alloh taolo bir bandasiga mol-dunyo hamda ilm bergan bo‘lsa, u kishi Rabbisiga taqvo qilib, qarindoshlari bilan aloqalarini bog‘lasa va bu topgan mol-dunyosida Allohning haqqi borligini bilsa, shu kishi eng afzal maqomdadir.
2) Alloh taolo bir bandasiga ilm bergan bo‘lsa-yu, mol-dunyo bermagan bo‘lsa, ammo bu kishining niyati xolis bo‘lib, agar menda ham mol-dunyo bo‘lganida edi, falonchi kishi kabi yaxshiliklar qilar edim deb aytsa, bu qilgan niyati ila yuqoridagi birinchi kishi bilan savobi tengdir.
3) Alloh bir bandasiga mol-dunyo bergan bo‘lsa-yu, ammo ilm bermagan bo‘lsa, u kishi molni andishasiz, pala-partish ishlatib, Rabbisiga taqvo qilmasdan, qarindoshchilik aloqalarini uzib va bu topgan molida Allohning haqqi borligini bilmasa, shu kishi eng yomon maqomdadir.
4) Alloh taolo bir bandasiga mol-dunyo ham, ilm ham bermagan bo‘lsa, bu kishi: “Agar mening mol-dunyoyim bo‘lganida, falon kishi kabi (ya’ni uchinchi kishidek) ishlatar edim”, deb aytsa, bu kishi mana shu niyati bilan uchinchi shaxs kabi gunohi tengdir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, amallarning qabul bo‘lishi, albatta, niyatga bog‘liqdir. Har ishimizda va har onda yaxshi niyatlar qilib, shular asosida hayot kechirish barchamizga nasib etsin.
Jaloliddin HAMROQULOV,
Toshkent islom institutining “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri
Dinimizning ko‘zga ko‘ringan barcha ulamolari “jihod” so‘ziga quyidagicha ta’rif berganlar:
“Jihod” so‘zi lug‘atda inson tomonidan barcha imkoniyatni ishga solib harakat qilish ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa, dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasi uchun shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshiriladigan kurash harakatlarini anglatadi.
Shundan kelib, musulmon odam jihod qilmoqchi bo‘lsa, o‘zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo‘lida, Uning dini uchun sarflashi kerak.
Ta’kidlash lozim, “jihod” so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Urushni arab tilida boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida “qitol”, “harb” so‘zlari ishlatiladi.
Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan tolibi ilm “mujtahid talaba” deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.
Shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan ulkan olimlar ham “mujtahid” deb atalgan. Unday kishilar shar’iy ilmlarni ravnaq toptirish va tarqatishda jihod qilganlar.
Xulosa qilib aytganda, “jihod” so‘zining lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqib, jihodning turlari ko‘p va o‘shalarning ichida dushmanga qarshi joni, vatani va dinini saqlash uchun jon-jahdi bilan jang qilish ham jihod deyilgan.
Islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo Furqon surasida quyidagi xitobni qiladi: “Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u(Qur’on) bilan katta jihod qil!”.
Demak, Qur’on bilan katta jihod qilingan. Bunda urush olib borish ma’nosi yo‘qligini anglash zarracha aqli bor odam uchun qiyin emas.
Islomda jihod ma’nosi, avvalo, urush emas, balki Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
Imom Termiziy, Imom Ibn Hibbon va Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taolo uchun havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deganlar.
“Jome’ul ahodis” kitobida (J. 4. B. 741) keltirilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
قَدِمْتُمْ مِنْ خَيْرِ مَقْدَمٍ نَ الْجِهَادِ الْأَصْغَرِ إِلَى الْجِهَادِ الْأَكْبَرِ مُجَاهَدَةَ الْعَبْدِ هَوَاهُ
“Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi-nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsi yo‘liga kirmaslik, uni yengib, shariatga muvofiq yashash uchun jon-jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekani, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani kelib chiqadi.
Imom Buxoriy va boshqa muhaddis olimlar rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
جَاءَ رَجُلٌ إلى النبيِّ صَلَّى اللَّهُ عليه وَسَلَّمَ سْتَأْذِنُهُ في الجِهَادِ فَقالَ: أَحَيٌّ وَالِدَاكَ قالَ: نَعَمْ قالَ: فَفِيهِما فَجَاهِدْ
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga:
“Ota-onang bormi?” dedilar.
“Ha”, dedi.
“Unday bo‘lsa, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar».
Demak, ota-onaning xizmatini qilish ham jihod bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom har doim ishlarni tinch yo‘li bilan hal qilishga chaqirganlar. U zot doimo mojaroli holatlarni chiroyli hikmat bilan isloh qilganlari va o‘rtada tinchlik o‘rnatganlari bilan mashhurdirlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo insonlarni ozor berishdan, boshqalarga zarar yetkazishdan qaytarganlar.
Musulmonning qoni va moli haromligi, ya’ni tajovuz qilish mumkin emasligi, joni daxlsizligi haqida quyidagilarni aytganlar:
فإنَّ دِمَاءَكُمْ وأَمْوَالَكُمْ وأَعْرَاضَكُمْ وأَبْشَارَكُمْ علَيْكُم حَرَامٌ كَحُرْمَةِ يَومِكُمْ هذا في شَهْرِكُمْ هذا في بَلَدِكُمْ هذا
“Zero, sizlarning qonlaringiz, mol-mulklaringiz va obro‘laringiz bir-biringizga xuddi ushbu (arafa) kuningiz, ushbu (Zulhijja) oyingiz va ushbu (Makkai mukarrama) shahringiz hurmati kabi hurmatlidir (ya’ni, o‘zganing qonini to‘kish, norozi qilib molini olish va obro‘sini to‘kish haromdir)” (Imom Muslim rivoyati).
Nafaqat, musulmonni balki, boshqa dindagi kishilarni ham nohaq o‘ldirish Islomda katta gunoh va og‘ir jinoyat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
مَنْ قَتَلَ مُعَاهَدًا لَمْ يَرَحْ رَائِحَةَ الْجَنَّةِ وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَد مِنْ مَسِيرَةِ أَرْبَعِينَ عَامًا
“Kim bir muohadni (musulmonlar bilan o‘rtalarida ahd bo‘lgan g‘ayridin kishini) nohaq o‘ldirsa, u jannatning hidini ham topolmaydi. Holbuki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida:
الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللهُ عَنْهُ
“Tili va qo‘lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan chetlangan inson haqiqiy hijrat qiluvchidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday keladi:
عَنْ أُمِّ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّهَا قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ أَوْصِنِي قَالَ اُهْجُرِي الْمَعَاصِي فَإِنَّهَا أَفْضَلُ الْهِجْرَةِ وَحَافِظِي عَلَى الْفَرَائِضِ فَإِنَّهُ أَفْضَلُ الْجِهَادِ وَأَكْثِرِي مِنْ ذِكْرِ اللهِ فَإِنَّكِ لَا تَأْتِينَ لِلَّهِ بِشَيْءٍ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ كَثْرَةِ ذِكْرِهِ.
“Ummu Anas roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat qilishni so‘raydilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Mashhur alloma Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “jihod”ni noto‘g‘ri talqin qiladiganlarga raddiya sifatida yozgan “al-Jihod fil Islom” nomli kitobida bunday degan: “Men bu asrda ba’zi bir doiralar nazdida yangi Islom tug‘ilayotganini mulohaza qilmoqdaman. U Allohning huzuridan vahiy bo‘lib tushmaydi. Lekin ba’zi odamlarning fikrlari va mijozlaridan kelib chiqadi. Uning hukmlari shar’iy dalillar hukmi ila birlashmaydi va shar’iy hujjatlarga bo‘ysunmaydi. U faqat ba’zi shaxs va jamoalarning taassubidan yoki shahvatu havoyi nafsidan kelib chiqadi”.
Jang asosida olib boriladigan jihod ikki qismdan iborat:
1. Talab jihodi – farzi kifoya. U hozir yo‘qligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Chunki hozirda davlatlar o‘rtasida o‘zaro tinchlik bitimi mavjud bo‘lib, urushmaslikka kelishilgan.
2. Mudofaa jihodi – farzi ayn. U dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo‘ladi.
Ma’lumki, jihodning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Xalifa” bo‘lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma’lum.
Qolaversa, jihod joriy bo‘lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga Islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Demak, hozirgi kunda mazkur ko‘rinishdagi jihodga chaqirayotganlarning chaqiriqlari hech qanday asosga ega emasligini anglab olmoq lozim bo‘ladi. Zero, men jihod qilaman deb o‘zga yurtlarda begunoh insonlarga qarshi qurol ko‘tarib, ularning tinchligiga raxna solib, qotillik qilayotgan yoki o‘zi o‘lsa, shahid emas, balki johiliyat o‘limida o‘lib ketish ehtimoli mavjud.
Bugungi kunda jihodga targ‘ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o‘zlari ham bilmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma’lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa, demak, u johiliyat o‘limini topibdi”, deganlar.
Kim noma’lum bayroq ostida, u bayroq kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va shu yo‘lda o‘lsa, u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi.
Dinimiz hatto urush ostida bo‘lgan va dushman yerida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo‘lmagan insonlarning o‘ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. Jihodga chaqirayotganlarning aksariyati xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda begunoh insonlar o‘ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar’an ruxsat ko‘zi bilan qarashi juda achinarlidir.
Niso surasida bir mo‘min kishini qasddan o‘ldirganlar jahannam azobiga duchor bo‘lishi xabar berilgan.
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir” deb bu jinoyatning oqibati qanchalik yomon ekaniga ishora qilganlar (Ibn Moja rivoyati).
Buzg‘unchi toifalar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilishi natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘layotgani achinarli hol, albatta.
Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aynan nizoli hududlarning ichida bo‘lgan va terrorchilar xususida bunday degan: «Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. U zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?!».
Dinimizda begunoh insonning qonini to‘kish buzg‘unchilikning eng qabihi, katta qabohat hisoblanadi. Islom hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dindorlik haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da’volari soxta ekanini fosh etmoqda.
Ba’zi olimlar jihodni uch turga bo‘ladilar:
1. Badan bilan, ya’ni har qanday harbiy vositalar bilan vatan, millat-din va xalq himoyasi uchun kofir-dushmanlarga qarshi jihod qilinadi. Bu jihodni faqat davlat rahbarlarigina amalga oshiradi, boshqarib boradi. Hozir, ming afsuski, ko‘plab musulmonlar jihod deganda faqat shu – davlat zimmasidagi vazifani tushunadi, xolos.
2. Ommaviy axborot vositalari oroqali Islomni insoniyatga yetkazish. Bu tur jihodni ulamolar qiladilar. Ulamolardan mahrum zamonlarda yashagan oddiy musulmonlarning, missionerlar va bid’at ahlining hujumlaridan himoyalanish uchun avval yashab o‘tgan ahli sunna olimlarining asarlarini, nasihatlarini kitoblar orqali, ommaviy axborot vositalari va nashrlar orqali butun dunyoga tarqatishlari, eshittirishlari kerak.
Islomning ichki va tashqi dushmanlarining buzg‘unchi, yolg‘on va soxta tashviqotlariga qarshi kurashishda ahli sunna val jamoa olimlari e’tirof etgan dinning sof ta’limotini yoyishdagi uslub bugungi kunda ham dolzarb hisoblanadi.
3. Duo bilan qilinadigan jihod. Bu jihod umumiy tarzda barcha musulmonlarga hamisha farzi ayndir. Yuqorida keltirilgan jihod turlari farzi kifoyadir. Shu uchinchi jihodga beparvo bo‘lish katta gunohdir.
Jihod – inqilob qilish, amirlarga, boshliqlarga qarshi chiqish va isyon qilish, buzish, sindirish-qiyratish, portlatish va vayron qilish degani emas. Bunday harakatlar fitna bo‘lib, Islom va boshqa musulmonlar uchun kulfat keltiradi. Musulmonlarning ezilishiga, hibsga tushishiga va din, iymon ilmlarining taqiqlanishiga yo‘l ochadi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi