Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Imom Zaynul Obidiynning jumardligi

13.04.2017   9262   2 min.
Imom Zaynul Obidiynning jumardligi

Hasan ibn Hasan bilan Zaynul Obidiyn aka-ukaning – Imom Hasan va Imom Husaynning farzandlari – amakivachchalar. Nimadir bo‘lib ikkalasining gapi chiqishmay qolibdi.  Jahl kelsa aql ketadi deganlaridek, g‘azab otiga mingan Hasan ibn Hasan og‘ziga nima kelsa qaytarmasdan aytib, uni bas deguncha xaqorat qilibdi. O‘sha vaqtda ular jamoat bilan masjidda ekanlar. Zaynul Obidiyn sukut qilib, javob qaytarmabdi.

Bu yog‘ini o‘zlaridan eshitamiz.

“So‘ng uyga qaytdim, qorong‘u tushganda to‘satdan kimdir eshik qoqib  qoldi. Eshikni ochsam, Zaynul Obidiyn turibdi. U endi rosmana janjallashgani kelgan bo‘lsa, kerak deb o‘yladim. Lekin u mutlaqo xotirjam edi: “Ey, og‘ajon, sen men haqimda aytgan gaplaring rost bo‘lsa, Alloh meni mag‘firat qilsin; agar aksi bo‘lsa, seni mag‘firat qilsin, – deb bir oz sukut saqlab turdi-da, – senga Allohning salomi bo‘lsin”, – deya ortiga  qayrilib ketdi. Orqasidan ergashib, borib: “Allohga qasamki, ikkinchi bor senga yoqmaydigan ish qilmayman”, deb uzr so‘radim. U meni bag‘riga bosib mehrli bir sasda: “Menga nima degan bo‘lsang hammasidan kechdim”, dedi”.

***

Madinaliklardan biri aytadi: “Zaynul Obidiyn masjiddan chiqayotganda unga ergashib so‘ka boshladim. O‘zi uni so‘kishimga biror sabab ham yo‘q edi. Bu holni ko‘rgan odamlar yoppasiga ustimga bostirib kela boshladi. Agar meni ushlasalar burda-burda qilib tashlashi tayin edi. Shunda u zot odamlarga qarab: Unga indamanglar”, dedi. Ular to‘xtashdi. Mening qaltirayotganimni ko‘rib, ochiq chehra bilan yaqinlashdi ichimdagi qo‘rquvni ketkazib, tinchlantira boshladi. So‘ng esa: “Sen kaminani bilganlaring bilan so‘kding, hali sen bilmaganlari  qancha!  Biror ehtiyojing bormi, yordam beraylikmi?!” dedi. Uyatning zo‘ridan hech narsa deya olmadim. Xijolatdan terga botganimni ko‘rib ustidagi to‘nini yelkamga tashladi-da, menga yana ming dirham berishlarini amr qildi”.

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Xato – bandaniki

24.06.2025   996   1 min.
Xato – bandaniki

Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi: 
 

– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...


Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.


Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:

– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.


Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.


Imom unga dedi:

– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?


Yigit javob berdi:

– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.


Imom dedi:

– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...


Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi. 


Akbarshoh RASULOV