Menimcha yuqoridagi savolni o‘qigan har qanday shaxs, unga javoban: “Albatta, men fayz va barakaga erishishni xohlayman” deya javob bergan bo‘lsa, ajab emas. Chunki, insonlar bu dunyo besh kunlik bo‘lsada, unda yaxshi hayot kechirishni hohlaydilar. Albatta, bunday yaxshi hayot kechirishga Alloh taoloning O‘zi kalomida va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarida tavsiyalar berganlar.
Ana shu tavsiyalardan biri “Mulk” surasi haqida bo‘lib, bu suraning fazilatlari haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir qancha hadislar rivoyat qilingan.
Hazrati Imom Termiziy rahmatullohi alayhi bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “U (Mulk surasi) saqlovchi va najot beruvchidir. Qabr azobidan najot beradi”, deganlar.
Mulk surasi xalqimiz orasida “Taborak” nomi bilan ham ma’lum-mashxurdir. Shuningdek u “Saqlovchi” va “Najot beruvchi” deb ham yuritiladi, chunki u bandalarni Do‘zax azobidan saqlaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir hadislarida: “Albatta, Allohning kitobida (Qur’onda) bir sura bor, uning oyatlari o‘ttizta bo‘lib, o‘z o‘quvchisini qiyomat kuni shafoat qiladi. Uni Do‘zaxdan chiqarib, Jannatga kiritadi. U “Taborak (Mulk) surasidir” deganlar.
Boshqa bir hadisda Rasulalloh sollallohu alayhi va sallam: “Mulk surasi har bir mo‘min qalbida bo‘lishini hohlardim”, deganlar.
Rasulalloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytganlarki: “Har kim “Mulk” surasini o‘qisa, Qadr kechasiga yetishganning savobini topadi. Bu sura o‘z o‘quvchisini shafoat qiladi va uning gunohlari avf etiladi. Har kim bu surani o‘qisa, Alloh ta’loning hamma kitoblarini o‘qiganlik savobiga erishadi. Agar sidq bilan uning oyatlarini o‘qisa qabr azobini ko‘rmaydi. Agar qabr boshida o‘qilsa, o‘sha qabodagi mayitning azobi yengil bo‘ladi va qabri Jannat bo‘stoni aylanadi”.
Rivoyat qilinadi, kimki og‘ir bir musibatga uchrasa, Alloh taolodan so‘rab, to‘g‘ri sof iymon-e’tiqod va ixlos bilan ma’nolarini tadabbur va tafakkur qilib, “Mulk” surasini kirq bir marta o‘qisa, inshaa Alloh, U zot yengillik beradi.
Va yana biror bir manzil-makonda yuqorida aytib o‘tilgan shartlarga amal qilgan holda ushbu sura o‘qilsa, u yerda, inshaa Alloh, fayz va baraka ziyoda bo‘ladi.
Agar kimki ko‘z og‘rig‘iga uchragan bo‘lsa, uch kun davomida har kuni uch marta “Mulk” surasini, bunda ham yuqorida aytib o‘tilgan shartlarga amal qilgan holda o‘qisa, insha Alloh, shifo topadi.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdus Somad Abdul Bosit
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi