بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Oylarning soni o‘n ikkita qilib yaratilgani, bular birgalikda yil hisobini tashkil etishi Qur’oni karimda bayon qilingan. Ushbu oylarning to‘rttasi urush harom qilingan hurmatli oylardir. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلَا تَظْلِمُوا فِيهِنَّ أَنْفُسَكُمْ ...
ya’ni, “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to‘g‘ri dindir. Bas, o‘sha (oy)larda o‘zingizga zulm qilmangiz!” (Tavba surasi, 36-oyat).
E’tibor qiladigan bo‘lsak, Alloh taolo “Bas, o‘sha (oy)larda o‘zingizga zulm qilmangiz!” deyapti. Ya’ni, bu oylarda gunoh va mas’iyat ishlarini qilib o‘zingizga zulm qilmang. Aslida, boshqa oylarda ham gunohlardan tiyilishimiz lozim. Lekin aynan bu oylarning hurmatini poymol qilib, qilingan gunoh yanada kattaroq hisoblanadi. Mazkur to‘rt oyda agar urush qilinsa, Allohning hukmini o‘zgartirib, harom narsani halol hisoblash bo‘ladi. Binobarin, bu katta gunohdir.
Ushbu oyatda zikr qilingan urush harom bo‘lgan hurmatli oylar muharram, zulhijja, zulqa’da va rajab oylaridir. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَبِي بَكْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الزَّمَانُ قَدْ اسْتَدَارَ كَهَيْئَتِهِ يَوْمَ خَلَقَ اللَّهُ السَّمَوَاتِ وَالْأَرْضَ السَّنَةُ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ثَلَاثَةٌ مُتَوَالِيَاتٌ ذُو الْقَعْدَةِ وَذُو الْحِجَّةِ وَالْمُحَرَّمُ وَرَجَبُ مُضَرَ الَّذِي بَيْنَ جُمَادَى وَشَعْبَانَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
ya’ni, Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zamon (Alloh taolo) osmonlaru yerni yaratgan kunidagidek holatiga qaytdi. Bir yil o‘n ikki oydir. Shulardan to‘rttasi harom oylari bo‘lib, uchtasi ketma-ketdir: zulhijja, zulqa’da, muharram va jumado (oxir) bilan sha’bon o‘rtasidagi Muzorning rajabidir”, dedilar”. (Buxoriy rivoyat qilgan).
Zamonning qaytishidan murod – johiliyat davrida o‘zgartirib yuborilgan oylar o‘z joyiga qaytarilganidir. Muzorning rajabi deyilishidan murod – johiliyatda Muzor qabilasi rajab oyini boshqalardan ko‘ra ko‘proq ulug‘lagani uchundir.
Muhtaram jamoat! Bugungi juma suhbatimiz hijriy-qamariy taqvimning yettinchi oyi ya’ni, Jumodol-oxir bilan Sha’bon oyi o‘rtasida bo‘lmish Rajab oyi haqida bo‘ladi. Bu oyning fazilati shundaki, ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, nubuvvatning o‘ninchi yili ushbu oyning yigirma yettinchi kechasi mashhur Isro va Me’roj voqeasi sodir bo‘lgan. Isro va me’roj voqeasi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning mo‘jizalariga dalolat qiluvchi nodir hodisalardan hisoblanadi.“Isro” lug‘atda “tungi sayr” ma’nosini bildiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning Masjidul-Haromdan Masjidul-Aqsoga borishlari hodisasi “Isro” deyiladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan:
سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ لَيْلًا مِنَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الْأَقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آَيَاتِنَا إِنَّه هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ
ya’ni, “(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U Same’ (eshituvchi) va Basir (ko‘ruvchi)dir”. (Isro, 1). Rasulullohning Isro va Me’rojlarini haq deb bilish imon shartlaridandir. Kim Isro haqidagi oyatlarni rad etsa, kofir bo‘ladi
“Me’roj” so‘zi lug‘atda “Zina” degan ma’noni bildiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom uyg‘oqliklarida jasadlari bilan osmonga va undan Alloh taolo xohlagan joyga chiqqanlari voqeasi «Me’roj» deyiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Me’rojlariga ishonish Ahli Sunna val-Jamoa aqidasining muhim qismidir. Me’rojda musulmonlarga besh vaqt namoz o‘qish farz qilindi. Nima uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Makkadan me’rojga ko‘tarilmasdan, Baytul-Maqdisga borib, so‘ngra ko‘tarilgan deyilsa, unga shunday javob berilgan: “Baytul-Maqdisga olib borilishida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Me’roj haqidagi so‘zlarining rost ekanini tasdiqlash hikmati bor. Chunki Quraysh qabilasi Baytul-Maqdisning vasfini so‘raganida, u zot Baytul-Maqdisni vasflab, hatto yo‘lda ketayotgan ularning karvoni haqida ham gapirib berganlar. Agar u zotning samoga ko‘tarilishi Makkaning o‘zidan bo‘lganda, bu narsa hosil bo‘lmas edi”. Me’roj voqeasida biz uchun eng ahamiyatli bo‘lgan narsa dinimizning ustuni bo‘lgan besh vaqt namozning farz bo‘lganidir.
Muhtaram jamoat! Bu oy muharram-hurmatli oylardan bo‘lgani uchun bu oyda imkon qadar xayrli amallarni ko‘proq qilishimizga targ‘ib qilingan. Aslida, bu oy Ramazon oyi uchun tayyorgarlik oyidir. Bu oy haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ، قَالَ: "اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ". (رواه البيهقي والطيراني
ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana, va ballig‘na ramazona”, der edilar” (Bayhaqiy va Tobaroniy rivoyati). Duoning ma’nosi: “Ey Alloh! Rajab va sha’bon oylarida bizga baraka ato qilgin va bizlarni Ramazon oyiga yetkazgin!”.
Biz Rajab oyida asosan Ramazon oyi uchun tayyorgarlik ko‘rib boramiz. Ramazon oyida muvaffaqiyat qozonish uchun undan oldingi oylarni xususan Rajab va Sha’bon oylarini katta tayyorgarlik bilan o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Biz bu oyni solih amallarga targ‘ib qilingan oy deyishimiz bilan birga bu oyda muayyan xos ibodatlar sahih hadislar orqali naql qilinmaganini ham ta’kidlab o‘tishimiz lozimdir. Ya’ni, bu oyda qiladigan ibodatlarimiz ixtiyoriy nafl ibodatlardir. Shuning uchun “falon kechada yuz rakat namoz o‘qish kerak” kabi asli bo‘lmagan rivoyatlarga tayanib ibodat qilmaylik. Agar shunday qilsak, bid’at ishni qilgan bo‘lamiz va savob o‘rniga gunoh orttirib olamiz. Aksincha, biz ixtiyoriy ravishda, namoz, ro‘za, xayri ehson, silai-rahm, poklik, qo‘shnilik haqlari kabi solih amallarni ko‘paytirib amalga oshiraylikki, ortidan kelayotgan Ramazon oyiga tayyorgarlik bo‘lib borsin! Bizning dinimiz yengillik dinidir. Islom dinida qattiqlik, og‘irlik, qiyinchilik va bandani tang ahvolga tushirib qo‘yish yo‘qdir. Bu Islomning go‘zalligidandir. Bandalarning din nomi bilan turli-tuman qiyinchiliklarga duch kelayotganlari ularning dinni yaxshi anglamasligi va dinga bid’at-xurofatlarni aralashtirib yuborganligidandir. Chunki Qur’oni karimni o‘qiydigan bo‘lsak, uning qanchalar yengil din ekani, insoniyatni baxtli hayot kechirishi uchun kerakli ta’limotni berganiga guvoh bo‘lamiz. Qur’oni karimning bir qancha oyatlari so‘zimizga dalil bo‘ladi. Jumladan:
وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ
ya’ni, “Dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”. (Haj surasi, 78-oyat).
Yana bir oyatda esa shunday deyilgan:
مَا يُرِيدُ اللَّهُ لِيَجْعَلَ عَلَيْكُمْ مِنْ حَرَجٍ وَلَكِنْ يُرِيدُ لِيُطَهِّرَكُمْ وَلِيُتِمَّ نِعْمَتَهُ عَلَيْكُمْ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ
ya’ni, “Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo ko‘rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne’mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, shoyad shukr qilsangiz”. (Moida surasi, 6-oyat).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham dinning yengillik dini ekani haqida shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الدِّينَ يُسْرٌ وَلَنْ يُشَادَّ الدِّينَ أَحَدٌ إِلَّا غَلَبَهُ فَسَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَأَبْشِرُوا وَاسْتَعِينُوا بِالْغَدْوَةِ وَالرَّوْحَةِ وَشَيْءٍ مِنْ الدُّلْجَةِ.) رَوَهُ الْبُخَارِيُّ
ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bu din osonlikdir. Kim dinda ashaddiylashsa, (din) uni yengmay qo‘ymaydi. To‘g‘rilikni lozim tutinglar, (hech bo‘lmasa, shunga) yaqin bo‘linglar va xushxabar beringlar. Ertalab, tushdan keyin va tunning oxirida (ibodatga Allohdan) yordam so‘ranglar”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur oyat-hadislardan ko‘rinib turibdiki, dinimiz yengillik dinidir. Dinimizni to‘g‘ri anglab yetsak, unga muvofiq hayot kechirsak, hamda har xil bid’at-xurofatlarga berilmasak, saodatga qisqa va oson yo‘l bilan borgan bo‘lamiz.
Muhtaram imom-xatib janoblari! quyidagi ilovaga e’tibor qaratishin-gizni so‘raymiz:
Juma tezisiga ilova
YO‘L HARAKATI QOIDALARIGA RIOYA ETAYLIK!
Muhtaram jamoat! Hammalarimizga shu narsa yaxshi ma’lumki, hozirgi vaqtda jahondagi barcha davlatlarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish, avto-ulov haydovchilari va piyodalarning xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan qonun-qoidalarni mukammallashtirish va ularga jiddiy rioya etish eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Bu haqda ko‘plab xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda, mahalliy sharoitlarda avto ulov va yo‘l xavfsizligi oyliklari muntazam o‘tkazilib, ularda keng miqyosda haydovchilar va piyodalarga taalluqli qonun-qoidalarga amal qilish tartiblari shu soha mas’ullari va mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa maktab o‘quvchilari o‘rtasida katta tushintirish ishlari olib borilmoqda, zero har bir fuqaroning omonligi, tinchlik va osoyishtalik hamda xavfsizligi davlatimizning muhim ijtimoiy-siyosiy vazifasi hisoblanadi.
Islom ta’limotida ruhiy-ma’naviy va ijtimoiy xayotning barcha sohalarida tartib-nizom va qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish va man etilgan har qanday ishdan uzoq bo‘lish alohida ta’kidlangan.
Muhtaram jamoat! Yo‘ldagi tosh, sim, shisha kabi yo‘lovchilarga zarar yetkazuvchi narsalarni chetga olib tashlash ham imonning bir bo‘lagi hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yo‘ldan odamlarga aziyat beradigan narsalarni olish sadaqadir”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Odobli inson boshqalarga ozor bermasligi uchun yo‘lni to‘smaydi balki yo‘l beradi va uni hurmat qiladi.
Odamlar gavjum joylarda ya’ni, bozorlar, sport majmualari, to‘yxonalar, shuningdek, juma namozi vaqtida ba’zi insonlar avto ulovlarini yo‘lning qatnov qismiga tartibsiz qo‘yib ketishlari oqibatida yo‘l harakatlariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Masalan tez tibbiy yordam va o‘t o‘chiruvchi mashinalar yo‘lini to‘sib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Ko‘plab masjidlarimiz atrofida juma namozlari vaqtida avtomashinalarni ko‘chaning harakat qismida qoldirib ketish holatlari ko‘paymoqda.
Azizlar, niyatimiz Allohning farzini bajarish ekan, ungacha yaratganga xush kelmaydigan ishni qilmaylik. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عن عبدِ الله بن عمرو بن العاصِ رضي الله عنهما، قَالَ: قَالَ رسولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «المُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ المُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ...» (رواه البخاري و مسلم
ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi – musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir”, dedilar.
Ko‘chada qancha muhim ishlar, xususan inson taqdiriga bog‘liq masalalarda harakatlanayotgan yurtdoshlarimizga zarar berib, gunohga botmaylik.
Shuningdek, haydovchilar yo‘l qoidalarini buzmasliklari, yo‘l belgilariga qat’iy rioya qilib tezlikni belgilangan me’yordan oshirmasliklari zarur. Aks holda nafaqat o‘ziga balki boshqa insonlarga ham og‘ir zarar va kulfat yetkazib qo‘yishi mumkin ekanligini unutmaylik.
Alloh taolo ogohlantirib amr etadi:
...وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ ...
ya’ni: “... o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!...” (Baqara, 195).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonga moddiy va ma’naviy zarar beradigan tezlikdan, hatto u katta savob bo‘ladigan ibodat sohasida bo‘lsa ham qaytarganlar. U zot marhamat qilib aytadilar:
" ايها الناس عليكم بالسكينة فانَّ البرَّ ليس با لايضاح" اي الإسراع (رواه البخارى
ya’ni: “Ey odamlar xotirjamlikni lozim tutinglar. Chunki yaxshilik shashqoloqlik bilan amalga oshmaydi”.
Bunga ayniqsa yo‘l chiroq (Svetafor) ishorasi ruxsat bermay turib, yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan piyodalar, muayyan ishorani kutishga sabri chidamaydigan ayrim avto ulov haydovchilari yaxshi eshitib olishlari va amal qilishlari zarur. Darhaqiqat, bir oz sabr qilib kutib tursangiz, hayotingizni xatardan saqlagan bo‘lasiz. Zero, ohistalikda-salomatlik, shoshilishda nadomat bo‘ladi, deb bejizga aytilmagan. !
Alloh taolo barchamizga dinimizni to‘g‘ri anglab yetishni muvaffaq aylasin! Rajab oyini barchamizga xayrli qilsin! Jannatmakon yurtimizni tinch-omon, xalqimizni O‘zining roziligini topadigan xalqlardan qilsin! Vatanimizda amalga oshiralayotgan islohotlarga Alloh taolo barokatlar ato qilsin! Omin!
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!