Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Bir izlanuvchining hikoyasi

3.04.2017   6608   11 min.
Bir izlanuvchining hikoyasi

Abu Abdulloh Salmon al-Forsiy (? - 658) – sahoba; Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning as'hoblaridan. Asli isfahonlik. Yoshligidan fitratida Haqqa intilish bo‘lgani tufayli haq dinni qidirib safarga chiqqan. Majusiy dinidagi otasidan qochgan. Dastlab nasroniy diniga kirgan, Payg‘ambar alayhissalomning xabarini eshitganidan so‘ng u zotning huzurlariga kelib islom dinini qabul qilgan. Iroq hokimi bo‘lgan kezlarda ham bo‘yra to‘qib sotib, o‘z mehnati evaziga tirikchilik o‘tkazgan; maoshini muhtojlarga sadaqa etgan. Rasuli Akram (sav)dan ko‘plab hadislar rivoyat qilgan.

Salmon FORSIY

Qo‘lga kiritgan hurligim tatimayotgan, shu qadar farahbaxsh tuyg‘udan sarmast bo‘la olmayotgan edim. Chunki hali men kabi minglarcha mazlumlar eng og‘ir sharoitlarda hayot kechirib, zolimlarning zulmi ostida ezilayotgan edi. Bu holni fir’avinlar zulmiga uchragan Musoning as'hobiga mengzash mumkin edi.  

Ey aziz! Ichimdagi bu zimiston dunyo qachon yorishadi? Insonlar faqat qora tanli bo‘lgani uchun, faqir holda tug‘ilgani uchun saroylarda qul sifatida sotilayotir? Men Salmon hech qachon bunday adolatsiz dunyoda o‘zimni ozod insondek his eta olmayman. Kelib chiqishim va tanimning rangi ularniki kabi bo‘lmasa ham har doim mazlumlarga o‘zimni yaqin his etaman. Zero, men o‘zimni aslzoda bilan yonma-yon kelganimda dushman,  yo‘qsil bilan duchma-duch kelganda bir do‘st kabi his etaman. Shu bois o‘zimni tanitganimda hurriyat otashi bir kuni badanimni kuydirishini so‘zlar, o‘zimni haqiqat istagan bir qul o‘laroq ta’rif etar edim. Bu hislarim meni yangi bir izlanishga yetakladi.  Negaki, bunchalar chirkin dunyoda yuz berayotgan nohaqliklarga aslo tomoshabin bo‘lib tura olmas edim.

Menga o‘xshagan qullar har kuni hisobsiz, savol-so‘roqsiz, sababsiz, ulkan ibodatxonalar, obidalarda, saroylar qurilishida og‘ir toshlari ostida ezilib, qonlar ichida jon bermoqda. Qorinni tuydirish ilinjida qirollarning, imperatorlarning xizmatiga kirmoq va ularga itoat etmoq qanday bo‘ladi-da, inonganim elchining, sig‘inganim tangrining mening taqdirimga baxsh etgani bir haqiqat qanday? Yo‘q! Bu ko‘rguliklarim va barcha birodarlarim torgan azoblar (Tangrilar) bizga baxsh etgan taqdir bo‘lishi mumkin emas. Bular to‘yish nimaligini bilmaydigan boylarning chegarasiz istaklarini ta’min etmoq uchun o‘ylab topgan uydirmalaridir. Hech bir tangri o‘zi yaratgan va taqdirini belgilagan bandasini bu qadar shafqatsiz hayot ichida sinamaydi. Yoki men ishongan tangri o‘z otashi bilan faqat boylarni aziz biladimi? Mabodo, olovi o‘chib qolsa, o‘ziga bir foyda keltira oladimi? Buni o‘zi ham bilmaydi! Axir men dunyoga hurligimni yo‘qotib, qullik kishanlari ostida, og‘ir toshlar yara-chaqa qilib yuborgan majruh bir tanani ko‘tarib yurmoq uchun kelmadim-ku!

Cho‘llardan oshdim, saroylardan qutuldim, qullik, horg‘inlik, aziyat, shuvillagan qamchilar zarbi, oyoqqa urilgan zanjirlar, vahshiyona baqirishlar, ko‘z yoshlari, berahmlik... bular mening ozodligimga daxl qila olmaydi. Erkinligim uzoq diyorlarda, otini o‘zim ham bilmaydigan bir makonda. Qayda bo‘lsam ham xuddi tug‘ilgan vaqtimdagi kabi hurligimni yana topaman. Ichimdagi ozodlik uchqunlari yolqinlanib, katta bir vulqon holiga kelmog‘i uchun bir otash istadim. Dovullari qaynagan bu ozodlik orzusi tanamda kundan kunga yolqinlanib borayotgan edi. Ko‘zlarimni ochganim zahoti uzun bir yo‘l ko‘rar edim. Vallohi, tog‘li, darali, bepoyon va uzundan uzun yo‘l. Bu yo‘lni ochmoqqa zo‘r ehtiyojim bor edi. Ammo dardlarimni, iztiroblarimni, xayollarimni baham ko‘radigan asomdan boshqa kimsam yo‘q edi.

Keldim va uni topdim go‘yoki. Bu diyorlar menga yetisha olmagan ozodligimni ko‘rsatgandek bo‘ldi. Bir donishmand tanishimdan (pop)  ilm, hikoya, kichik tadqiqotlar, tarixni, o‘qish-yozishni o‘rgandim. U: “Ozodlik qo‘ldan ketib, yana qul bo‘lib qolishing mumkin, biroq bilimni hech kim sendan tortib ola olmaydi”, derdi. U ikki tangriga sig‘inmas, “Yo pulga yo Allohga sig‘inasan”, degan Iso alayhissalomning izidan borar edi. Unga va Isoga inondim va itoat etdim. Har bir insonning tangrisi bo‘lgan buyuk Mavloga qullik idrokim ila bog‘landim. Bu bog‘lanish menga yo‘qotgan hurligimni qabul etmaganim ibodatxonalardan, aslzodalardan tortib olib bergan edi. Men kimsasiz bir musofir edim yoki bir qul, ammo uning dini bularning hech birini sabab qilib meni quyida ko‘rsatmadi.

Qo‘lga kiritgan hurligim tatimayotgan, shu qadar farahbaxsh tuyg‘udan sarmast bo‘la olmayotgan edim. Chunki hali men kabi minglarcha mazlumlar eng og‘ir sharoitlarda hayot kechirib, zolimlarning zulmi ostida ezilayotgan edi. Bu holni fir’avinlar zulmiga uchragan Musoning as'hobiga mengzash mumkin edi. Ammo mazlumlar haqqini himoya qilish uchun hech bir inson harakat qilmayotgan edi. Aksincha, men yangi mansub bo‘lgan din odamlari o‘z dinlariga oid bo‘lmaganlar (atrof o‘lkalar) bilan g‘avg‘oga kirishgan edi. Muttasil fath harakatlari va urushlar davom etardi. Insonlar yanada vahshiylashgan va Isoning nasihatlarini unutar holga kelgan edi.  

Har ishga qodir bo‘lgan tangrining bizlarga baxsh etgan taqdiri faqat achchiq azoblardan iborat bo‘lmoqda edi. Menga hurriyat yo‘lini ko‘rsatgan ruhoniy hayotdan ko‘z yumgan va kuchli iztirob ila meni yolg‘iz tashlab ketgan edi. Uning o‘limi ozodligimning nihoyasi bo‘ldi. Ojiz tanim yana qul o‘laroq xizmat qilishga mahkum etildi.

Ruhoniyning o‘limidan so‘ng bir musofirning emin-erkin yurishi  aslzodalarning ko‘ziga milliy qadriyatlarga va nasroniylikka zid harakat o‘laroq qabul etildi. Takror qul bo‘lishim, og‘ir toshlarni tashishim, qamchilar zarbini tortishim, aziyatlar ostida qolishim ayon bo‘lib qoldi. Ruhimdagi hurriyat otashidan ungan novdalarni zolimlar burda-burda qildi. Hamma narsadan umidimni uzdim. Cho‘l endi menga Erondan Kisroning qochganim kabi uzun ko‘rinmas, bu yerlarda bir vaqtlardagi umidlarimni ham ko‘rmas edim. 

Muhtasham saroylar, ibodatxonalar, havoga bo‘y cho‘zgan obidalar yana mening ustimdan, to‘kkan terlarim hisobidan yuksalayotgan edi. Ammo pop menga o‘rgatgan o‘qish va yozish menga birmuncha yengillik tug‘dirar edi. Pop menga: “Bu hududlarda arab bir payg‘ambar keladi, uning diniga kir va uning dining vorislaridan bo‘l”, degan edi. Ismi Mustafo emish.  U – Alloh tarafidan yer yuziga tushirilgan bir nur, haqiqatni bildiradigan, botilni taqiqlaydigan, odobsizlikka bo‘yin egmaslikni o‘rgatadigan yo‘lboshchidir. Kim bu payg‘ambar? Nima uchun pop menga o‘zi ishongan Isoni va Tangrini qo‘yib, boshqasi ko‘rsatgan bir dinga kirishimni istayotir?..

So‘radim, izladim va tingladim. U Makkadagi Hoshim o‘g‘illari qabilasiga mansub Muhammad ibn Abdulloh emish. U hali tug‘ilmasidanoq otasidan ayrilgan ekan va kichik yoshida onasining ham hasartida qolibdi. Shu kunlarda Madinaga ko‘chish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida eshitdim. Har kim uning yolg‘ondan qochib haqiqatga, botildan qochib vahdatga, zulmga to‘siq bo‘lib adolatni ta’min etmoqqa jahd etgan bir inson ekanini so‘zlayotgan edi. Bu yerdagi qulligimdan qochib zudlik bilan Muhammadni topmoqni istar edim. Mo‘tabar elchining bu yo‘lida unga yo‘ldoshlik qilib zulm sari ketgan har bir yo‘lga g‘ov bo‘lmoqni orzu etdim.

Qochdim va Makkaga keldim. Bu yerda har kishi u haqida so‘zlardi; biri uning hech qo‘rqmasdan boylar va mulk sohiblarini Alloh yo‘lida tahdid etganini, yana biri uning oddiy bir cho‘pon bo‘lganini va och ko‘rinmaslik uchun qorniga tosh bog‘lab yurishini gapirar edi. Quloqlarimga ishonmadim. Axir Muso ham, Ibrohim ham cho‘ponlar orasidan tanlangan bir ogohlantiruvchi, vahdatni ko‘rsatuvchi elchi edi. Ka’bada doimiy yig‘ilishlarning bo‘lib o‘tayotgani, uning va’zlarining faqir va miskinlarni kuchli isyonning eshigiga keltirib qo‘yganini ko‘rsatar edi, Makkada uning yo‘llariga ming turli to‘siqlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu yerda juda katta o‘zgarishlar bo‘lishi sezilib qolgan edi. Mushriklar uni yolg‘onchi, soxtakor, otalarining omonat qoldirib ketgan muqaddas dinning ashaddiy dushmani deb hisoblamoqda edi. U esa to‘xtamasdan va’z etar, insonlarga yillar davomida yo‘qotgan haqiqatlarini bayon etmoqda edi.

Kecha tanho edi. Zim-ziyo qorong‘ulikda faqat cho‘l hasharotlari chiqargan ovozdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Ka’bada mushriklar yana to‘planib olib u Rasulni g‘iybat qilayotgan edi. Bahslashuv turli fikrlar bilan kuchayib borayotgan choqda U paydo bo‘ldi va men uni ilk da’fa ko‘rdim. Gaplarini boshlaganda yana bir marta quloqlarimga ishonmadim. “Insonlarni ezmoq uchun qo‘llanayotgan bu tangrilaringiz nega sizdan boshqa qullariga yordamini qizg‘anmoqda. Bu tangrilar nega gunohsiz bo‘lgan go‘daklarning o‘limlarini istamoqda. Muqaddas hisoblaganingiz oylarda yig‘ilgan mollarni tangringiz uchun xarjlaysizmi, yo‘qsa, o‘z manfaatlaringiz uchunmi? O‘zi bu butlar sizdan mulk istaydigan qadar ojizmi? O‘zingiz yo‘nib yasagan bu haykalchalardan nimalarni umid qilmoqdasiz? Molu mulk Alloh yo‘lida sarflangunga qadar insonning ichini yoqadigan bir qur olov bo‘lib turaveradi!” Ko‘zlarimga ishona olmayotgan edim. So‘zlariga hayrat etishnimi, xitobatini, go‘zalliginimi?.. nima qilishni bilmay angrayib qolgan edim. U qo‘rqmasdan yolg‘iz holida o‘zining joniga qasd qilish rejasini tuzayotgan zolimlar to‘dasiga kirib ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatayotgan edi.  

Payg‘ambar bu so‘zlarni aytganidan so‘ng mushriklar ustiga yuraverdi. Olomon uni ayovsizlarcha ura boshladi. U esa adl turib so‘zlarini hech e’tiroz bildira olmaydigan tarzda davom ettirar edi. Yugurib borib g‘avg‘oga qo‘shilib ketdim, Zulmga qarshi mening ilk mujodalam ana shu edi. Mushriklar mening o‘rtaga kirganimni ko‘rganidan so‘ng bizni Ka’badan surib chiqardi. Ushbu buyuk tanishuv o‘sha kecha boshlandi. Yillar davomida izlaganim haqiqat, erkinlik, hurriyat otashi ilk marta to‘g‘ri uzanga tushdi. Uning yuzi qonagan edi, go‘zalligining timsoli bo‘lgan ko‘zlarini yuzimga tikdi:

– Assalomu alaykum!

– Vaalaykum assalom, yo Rasululloh! 

Har ish shunday boshlandi va har ish shunday nihoyasiga yetdi. 

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

                                                                                                           

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

10.01.2025   6171   5 min.
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

 - 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ


Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.


Nazmiy bayoni:

Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.

Lug‘atlar izohi:

وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.

حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.

وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.

الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.

عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.

بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.


Matn sharhi:

Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.

O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:

“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].

Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.

Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

 


[1] Ra’d surasi, 15, 16-oyatlar.