Alhamdulillah vassolatu vassalamu ala Rasulillah. XXI asr fan va texnika, taraqqiyot asri. Bugungi kunda har bir inson hohlagan xabarini internet orqali bir soniyada olish imkoniyatiga ega. U olingan xabar yaxshi ham va yomon ham bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda insonlarni internetdan cheklab bo‘lmaydi. Bu borada marhum birinchi yurtboshimiz: “...Albatta, internet orqali dunyoning istalgan nuqtasi bilan tezkor aloqa o‘rnatish, zudlik bilan zarur axborot va ma’lumotlarni olish, bilim va ma’rifatni oshirishda uning beqiyos o‘rni va ahamiyati borligini hech kim inkor etolmaydi. Biz odamlarimizning internet imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanishga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama qo‘llab – quvvatlaymiz. Takror bo‘lsa–da, aytmoqchiman – axborot olamida qandaydir devor o‘rnatish, o‘z qobig‘iga o‘ralib, mahdudlikka yuz tutish yo‘li bizga aslo ma’qul emas.” deya aytgan so‘zlarini esga olmasdan ilojimiz yo‘q.
Lekin tanganing ikki tarafi bo‘lganidek, internetdan yaxshi va yomon maqsadda foydalanish ham mumkin. Hozirgi kunda axborot urushi shiddat bilan avj olmoqda. Axborot urushi – turli yomon maqsadlarga erishish uchun raqibga g‘oyaviy ta’sir ko‘rsatishdir. Shuningdek, axborot xuruji raqibga ta’sir ko‘rsatish orqali jamoatchilik ongini g‘arazli yo‘llar asosida shakllantirishga urinishdir.
Shuni yodda saqlash lozimki, din niqobidagi buzg‘unchi kimsalar yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirishda internetdan ustalik bilan foydalanmoqda. O‘zlarini “yaqin do‘st” yoki “hidoyatga chorlovchi” sifatida tanitib, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishmoqda.
2015 yilga kelib buzg‘unchilik, zo‘ravonlik, eksremizm va terrorizmni targ‘ib qiluvchi veb – saytlar soni 10000 taga yetgani ta’kidlanmoqda.
Bunga yaqqol misol Yaqin Sharqdagi dahshatli voqealarning sodir bo‘layotgani. Millionlab insonlarning uy va boshpanasiz, vatangado bo‘layotgani.
Shuningdek Islomiy shiorlarni niqob qilib olgan Islom dushmanlari o‘zlarini xunrezliklarini amalga oshirmoqda. Jangarilar tomonidan otilgan o‘qlar va masjidlardagi portlatishlar oqibatida necha minglab begunoh insonlar halok bo‘lmoqda, yuzlab odamlar tan jarohati olishmoqda.
“Buyuk Britaniya hukumati “islom terrorchiligi”, “islom fanatlari” kabi atamalarni qo‘llashdan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilgani barchaga ma’lum bo‘lsa kerak. Birlashgan qirollikning xavfsizlik xizmati terrorchilikni Islom bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini, bu narsa mamlakatdagi musulmon jamoalari nafratini qo‘zg‘ashi, ular aholining boshqa qatlamlaridan ajralib qolishlariga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagani ham sir emas.
Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Jeki Smit terrorchi zo‘ravonlar o‘z e’tiqodiga zid harakat qilishini aytadi: “Mamlakatimizda ham, butun dunyoda ham kimnidir qo‘rqitish, fitna, suiqasd qilish, ozor berish Islom dinida yo‘q ekanini musulmonlar ta’kidlashayapti. Demak, bunday harakatlarni Islomga qarshi faoliyat, deb atashdan boshqa ilojimiz yo‘q”.
Darhaqiqat, bunday terrorchilarni musulmon deb bo‘lmaydi. Chunki agar musulmon bo‘lganlarida musulmonlarga qurol ko‘tarishmasdi. Yana Xudodan qo‘rqmasdan Alloh taoloning baytiga kirib, namoz o‘qib turgan namozxonlarni qirib, qancha-qancha oilalar boquvchisiz qoldirib, qancha-qancha ayollarni beva qoldirishmasdi, qancha-qancha yetim bolalar dunyoda ko‘paymas edi. Yuqorida aytib o‘tilgan barcha yomon illatarni Islom dini qoralaydi. Islom so‘zining lug‘aviy tarjimasi esa “Tinchlik, omonlik” ma’nolarini anglatadi. Islom dini insonlarni tinch-totuv yashashga, boshqalarga, hatto boshqa din vakillariga ham zulm qilmaslikka chaqiradi. Dinimiz asosida rahm-shafqat, mehr-oqibat, insonparvarlik, birodarlik, o‘zaro hurmat, tinchlik-osoyishtalik kabi ezgu xislatlar yotadi.
Alloh taolo aytadi: “Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi”(Moida, 32).
Islom dinimiz har bir jonni juda qadrlaydi, xoh musulmon bo‘lsin, xoh g‘ayri din bo‘lsin, qanday irqqa tegishli bo‘lmasin, qaysi millatga tegishli bo‘lmasin, baribir barchasini ardoqlaydi. Bir begunox insonni o‘ldirish butun boshli insoniyatni o‘ldirgandek jinoyat hisoblanadi.
Alloh taolo aytadi: “Mo‘minlar Allohdan o‘zgaga iltijo qilmaydilar va biron jonni nohaq o‘ldirmaydilar va zino ham qilmaydilar. Kim ana shularni qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kuni uning azobi bir necha barobar ko‘paytirilur va u azobda xor bo‘lib abadiy qolur”( Furqon, 68-69).
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, internetdan foydalanuvchi shaxs eng avvalo sog‘lom e’tiqod to‘shunchasining mohiyati, to‘g‘ri aqidani botilidan ajratib olish yo‘llari va bugungi kunda internet olamiga o‘rnashib olib, nafaqat muayyan shaxslarni, balki butun bir yurtni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga urinayotgan kimsalarning qilmishlarini bilishi kerak. Bundan so‘ng ma’naviy ongini yuksaltirishi, axborot olamidagi xabarlarning ishonchli va ishonchsizini anglashi, zararidan foydalisini ajrata olishi zarurdir.
Bu borada diniy idoramiz tomonidan turli joylarda suhbat va tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy ongini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Ustozimiz Aydarbek Tulepovning “Internetdagi tahdidlardan himoya” asari yoshlarni ma’naviy ongini oshirishda va internetdagi tahdidlardan himoyalanishda asosiy qo‘llanma bo‘lib kelatgani ham shular jumlasidandir.
Toshkent islom instituti 4 kurs talabasi
Tojiddinov Abdus Somad Abdul Bosit
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi