Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Buzg‘unchi oqimlarning alomatlari

29.03.2017   9682   7 min.
Buzg‘unchi oqimlarning alomatlari

Buzg‘unchilik xarakteridagi ko‘plab oqimlar (sekta) hech bir davlatga ham millatga ham hech qachon foyda yetkazmagan. Aksincha, hamma vaqt moddiy, ruhiy yoki jismoniy zarar yetkazib kelgan. Diniy oqim a’zolarini sekta deb atashlari ularning o‘zlariga ham sira yoqmaydi. Chunki “sektantlik” deganda islom, nasroniy, yahudiy kabi ilohiy dinlarga itoat qila turib, o‘sha dinlardagi to‘g‘ri yo‘ldagilardan ajralib chiqqan oqimlar tushunilishini hamma bilishini ularning o‘zlari ham biladi.  

 Sekta bu – odamlarni o‘zining xudbinona maqsadlari yo‘lida boshqarishning kuchli usullaridan hisoblanadi. Masalan, seantologiya asoschisi  Ron Xabbard bolaligidan hukmronlikka intilgan  va doim shu haqda xayol surib daftariga “Barcha odamlar – mening qullarim”, “Butun olam menga itoat qiladi” va shu qabilidagi iboralarni yozib o‘tirar ekan. Ulg‘ayganda o‘zini turli sohalarda sinab ko‘rdi va birortasidan birorta natijaga erisha olmadi. Hatto u har bir yozgan so‘zimga haq to‘laydi degan ilinjda yozuvchilikni ham kasb qilmoqchi bo‘ldi. Keyin esa turli joylarda bir necha bor: “Yozib, har so‘z uchun nechadir sent olish – kulguli ish. Agar boy bo‘lishni istasang, o‘z diningni yarat” deb gapirgan.

Sektaga aksar kishilar o‘zlari bilmagan holdi kirib qoladi. Bu hodisa ko‘pincha ko‘cha-ko‘yda yoki internetdagi ijtimoiy saytlarda notanish odam bilan suhbatlashib qolishdan boshlanadi. Sektalarga kirib qoluvchilarning ko‘pchiligi hayotda ishlari yurishmay, tushkun kayfiyatda yurgan vaqtida a’zo bo‘lib qo‘yadi. Chunki aynan shunday vaqtda uning atrofida mehribon, shirin so‘z odamlar paydo bo‘lib uning hayotga bo‘lgan ishonchini qayta uyg‘otadi.

Sektaga daxldor bo‘lgan har qanday shubha-gumonlar dastlabki kunlardanoq oldindan rejalashtirib qo‘yilgan dalil va uqtirish seriyalari yordamida rad qilinadi. Yangi a’zo bo‘lganlarning tashqi axboriy manbalardan olgan ma’lumotlari ildizidan kesib tashlanadi. Shu tariqa, sekta tarafdorlari yangi bir to‘siq yaratadi – ushbu tashkilotga daxli bo‘lmagan materiallarni ko‘rishdan qo‘rqish tuyg‘usi. Ular boshqacha dunyoqarashga, iymon-e’tiqodga olib boruvchi materiallarni ko‘rishdan juda ham qattiq qo‘rqadi. Shu boisdan ular kutubxonlarga bormaydi, televizor ko‘rmaydi, gazeta o‘qimaydi, ijtimoiy tarmoqlardagi faol rejimlarda ko‘rinmaydi. Natijada ana shu yangilar oqimning qiyofasidagi dog‘-dug‘larni emas, faqat yorug‘ ranglarni ko‘radi.  

Sekta o‘z a’zolarining ongini va o‘zini tutishini nazorat qilishda turli usullardan foydalanadi. Ular sirasida gipnoz va shunga o‘xshash vositalarni o‘zaro muomala chog‘ida, va’z so‘zlayotganda qo‘llaydi hamda o‘z adabiyotlarida yozadi. Shunday vaziyatlardan ular psixologik muhit hosil qilib, tashkiloti va rahnamosiga jismoniy va moddiy jihatdan qaram qilib qo‘yadi, turli qo‘rqitishlar bilan sektadan chiqib ketishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday po‘pisalar sirasida, albatta, muqaddas kitoblardan uzib-uzib olingan ko‘chirmalar ham bo‘ladi.  Asosiy kuch bu ishlarda hali haqiqiy diniy ilmi shakllanib ulgurmagan va takliflarga o‘ta sezgir bo‘lgan yoshlar tanlab olinadi.

Amaliyotchi ruhiyatshunoslarning xabar berishicha, yo‘lboshchilar izdoshlarini shunday gipnoz qiladiki, ular bu gipnozdan sira ham chiqib keta olishmaydi. Mabodo, jamoadan chiqib ketgan taqdirda ham gipnoz ta’siridan chiqa olmaydi va uni kuchli mutaxassislar yordamisiz bu holatdan chiqarib bo‘lmaydi.

Sekta o‘z a’zolarini muttasil ravishda butun olamga qarshi charxlab boradi (oila, do‘stlar, hamkasblar, davlat xizmatchilari, an’anaviy dinlarning ruhoniylari). Ana shularning gunohlarini sanab, insoniy qadr-qiymatlarini pastga urib o‘zlari bilan qiyoslaganda ikkinchi navga aylantirib qo‘yadi. Natijada ular bilan yaqin munosabatada bo‘lishni cheklash tavsiya etiladi, shaxsiy munosabatlar esa oilaviy ajrashishgacha olib kelinadi, ish joyi o‘zgartiriladi, yashash joyi ham (shahar, mamlakat) o‘sha oqim foydasiga o‘zgartiriladi.

Sekta har bir mamlakatdagi a’zolari qalbidagi vatanni sevish tuyg‘usini turli yo‘llar va yolg‘on vajlari ila mavh etib boradi: davlat madhiyasini kuylashni, davlat tashkilotlarida ishlashni, harbiy xizmatga borishni, vatanni dushman hujumidan mudofaa qilishni, shahar, respublika miqyosida o‘tadigan tadbirlarda, tantanalarda qatnashishni,  Allohning qudratini davlat organisiz e’tirof etishni, davlat qonunlariga amal qilish joiz emasligini... ularga uzluksiz uqtirib boradi. Ular shu yo‘llar bilan davlat ichida o‘z davlatlarini qurishga harakat qiladi.

Sekta o‘z a’zolarining shaxsiy hayoti ustidan nazorat o‘rnatadi va amalda eng mayda narsalarni ham e’tibordan qochirmaydi. Turmush qurish-kerakmi, yo‘qmi, kim bilan turmush qurish kerak; farzand ko‘rish kerakmi, yo‘qmi, oilaviy hayotini qanday kechirish kerakligigacha aralashadi, desak, haqqimiz ketadi – ko‘rsatma beradi. 

Jamoaning gunohga yo‘l qo‘yganlari jiddiy muhokama qilinadi va unga ko‘p narsalar, hatto oddiygina salomlashish ham cheklab qo‘yiladi.

Diniy oqimlarning yo‘lboshchilari o‘z g‘oyalarini asosan yangi tarafdorlar topish maqsadida aholi orasida keng tashviq qiladi. Shu bois sekta a’zolari  ko‘pincha ishini bo‘sh vaqti ko‘p bo‘ladigan ishlarga o‘zgartiradi. Maqsad: ko‘chalarda uyma-uy yurib yangi tarafdorlar axtarish va internetda ijtimoiy saytlarda o‘tirib ishlash.

Albatta, bundagi asosiy nuqtalardan biri – ixlosmandlarning xayr-ehsonlarini yig‘ib olishdir. Masalan, ilgari sayentolog bo‘lgan qozog‘istonlik bir kishining nur.kz portaliga 2016 yilning may oyida bergan videointervyusida qozog‘istonlik sayentologlarning a’zolik badali miqdorini aytgan edi. Uning aytishicha, bu tashkilotning tushumi 100 ming AQSH dollaridan boshlab 1-3 milliongacha borar ekan. Diniy oqim a’zolaridan birining ta’kidlashicha, bu pullar uzoq mamlakatlardagi ezilgan va kambag‘al jamiyat ehtiyojlariga sarflanadi, hech kimga ko‘rinmaydigan zolim bilan jang qilish hamda  Xudoning oldida yo‘l qo‘yilgan gunohlarni sotib olish uchun xarjlanadi. (Ammo ular bu pulni Allohga qanday qilib yetkazadi? Allohga pul nimaga kerak? Bunday gaplar muqaddas kitoblarning qaysi birida yozilgan?!)

Umuman, bu qadar tuturuqsiz gapga odamni ishontirish uchun gipnozdanmi, shunga o‘xshash sehrgarlik ishlaridanmi foydalanmasa bo‘lmaydi.

Ular turli o‘quv markazlari ochadi, shaxsni o‘stirish bo‘yicha treninglar tashkil qiladi, bolalar lagerlari ochadi, ingliz tili darslariga, notiqlik san’atiga va boshqalarga bepul darslar joriy qiladi va ommaning e’tiborini tortadi. Ammo bepul pishloq faqat qopqonda bo‘ladi.

Diniy oqimlarning a’zolari faqat o‘zlarining to‘g‘ri yo‘lda ekaniga, faqat o‘zlari jannatga tushishiga astoydil ishonadi.

An’anaviy dinlarni ular shaytoniylik deb ataydi. Ayrim oqimlar jannatni xuddi hozirgi hayotdek tasavvur qiladi, bola tug‘ish ham mumkin deb o‘ylaganlar bois bu ishni jannatga qoldiradi. Buning oqibatida ularning hayotga bo‘lgan qiziqishi kamayib ketadi.  

Diniy oqimlar tarafdorlarining hayotiy a’mollari va ustuvor vazifalari o‘ziga xos tizim qiyofasida shakllanganki, bundan ularning o‘zlariga ham, oilasiga ham, davlati-yu millatiga ham zig‘ircha foyda bo‘lmaydi.

 

Manbalar asosida  Muzaffarxon A’ZAMOV tayyorladi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   54223   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari