U zot Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning farzandlari bo‘lib, 603 yili 1 Yanvarda Makkada tug‘ilganlar. Onalari Xadija binti Xuvaylid roziyallohu anho bo‘ladilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin dunyoga kelgan, U zotning avvalgi farzandlari hisoblanadilar. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Abu Qosim” nomi ila kunyalangan (chaqirilgan) lar.
U zot hali sutdan chiqmay turib, bu foniy dunyodan abadiylik hayotiga safar qiladilar. Rivoyatlarga ko‘ra U zotning vafot etgan yoshlari borasida quyidagi so‘zlar aytilgan:
“Musnadul Firyobiy” da rivoyat qilinishicha: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘g‘illari Qosim vafot etgan vaqtda Xadija binti Xuvaylid roziyallohu anhoning huzurlariga kirdilar. Qarasalar U zot roziyallohu anho yig‘layotgan ekanlar. Ana shunda Xadija binti Xuvaylid roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Ey Allohning rasuli! Qosim hali sutdan chiqmagan edi. Agar hech bo‘lmaganda sutdan chiqqanida edi, albatta bu musibat menga, bunga nisbatan yengil bo‘lar edi” dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam U zotga: “Albatta siz uni jannatda ham emizasiz. Agar hohlasangiz Alloh taolo sizga jannatdagi uni ovozini eshittirishi mumkin” dedilar. Xadija binti Xuvaylid roziyallohu anho: “Yo‘q! Shart emas. Men Alloh va Uning Rasuliga ishonaman” dedilar.
Yuqoridagi rivoyatdan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning farzandlari, U zot payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ng vafot etgani ma’lum bo‘ladi.
Toshkent islom instituti 4 kurs talabasi
Abdus Somad Abdul Bosit
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar