Qadim zamonda ikki do‘st ov qilish uchun o‘rmonga boribdi. Tasodifan ularga ayiq ro‘para bo‘libdi. Do‘stlardan biri miltig‘ini tashlab, yaqin atrofdagi daraxtlardan birining ustiga chiqib olibdi. Ikkinchisi o‘zini o‘likka solib, yerga nafas olmay yotib olibdi. Ayiq yerda yotgan odamni hidlab ko‘rib, nari ketibdi. Chunki ayiqlar o‘laksa yemaydilar. Ayiq ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, daraxtdagi ovchi yerga tushib, do‘stining oldiga kelib hazillashibdi: "Og‘ayni, ayiq qulog‘ingga bir nima dedimi?" Do‘sti unga: "Ha, u do‘st tanlashda adashibsan, dedi", deb javob beribdi.
Bilingki, yaxshi kuningizda do‘stlaringiz ko‘p bo‘ladi. Lekin haqiqiy do‘stlar safarda va tijoratda sinaladi.
Akbarshoh Rasulov
Shu yilning 3–7 oktyabr kunlari Afg‘onistonning Kobul shahrida «Imom Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy merosining zamonaviy islomshunoslikdagi o‘rni va mavqei» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov boshchiligidagi diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi qatnashmoqda.
Asosiy tadbirda alloma bobomiz Burhoniddin Marg‘inoniy umrini islom huquqshunosligi va fiqh qoidalarini puxta tizimga solishga bag‘ishlagani alohida e’tirof etildi. U zotning qalamiga mansub «Bidoyat al-mubtadiy» asari, 80 jilddan oshib tugallanmay qolgan «Kifoyat al-muntahiy» sharhi hamda 13 yil davomida sayqal berib yozilgan shoh asar bo‘lmish «Al-Hidoya»ning bizgacha yetib kelgani katta ilmiy yutuq ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, allomaning «Fatavo an-Navazil», «Manosik al-haj», «Mazid fiy furu’ al-fiqh» va «Kashf al-osor» kabi noyob manbalari asrlar osha Sharqu G‘arb madrasalarida eng ishonchli qo‘llanma bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar ikki mamlakat xalqlarini bog‘lab turuvchi tarixiy, ilmiy va ma’naviy aloqalarni yanada rivojlantirish, umumiy merosni chuqur o‘rganish hamda hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda davlatlar rahbarlari sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama aloqalar rivojlanayotgani, xususan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xalqaro minbarlarda Afg‘onistonda tinch, osoyishta hayot barqaror topishi yo‘lida ilgari surilayotgan tashabbuslar, Balh viloyatida muhtasham Imom al-Buxoriy madrasasining barpo etilayotgani kabi xayrli ishlar tilga olindi.
Tadbir doirasida Burhoniddin Marg‘inoniy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlab chop etilgan yangi kitob konferensiya ishtirokchilariga taqdim qilindi.
Mehmonlar Kobul shahridagi «Kalimot» ilmiy-tadqiqot markazi, Kobul milliy muzeyi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘i va maqbarasini ziyorat qilib, mazkur maskanlarning faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati