Qadim zamonda ikki do‘st ov qilish uchun o‘rmonga boribdi. Tasodifan ularga ayiq ro‘para bo‘libdi. Do‘stlardan biri miltig‘ini tashlab, yaqin atrofdagi daraxtlardan birining ustiga chiqib olibdi. Ikkinchisi o‘zini o‘likka solib, yerga nafas olmay yotib olibdi. Ayiq yerda yotgan odamni hidlab ko‘rib, nari ketibdi. Chunki ayiqlar o‘laksa yemaydilar. Ayiq ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, daraxtdagi ovchi yerga tushib, do‘stining oldiga kelib hazillashibdi: "Og‘ayni, ayiq qulog‘ingga bir nima dedimi?" Do‘sti unga: "Ha, u do‘st tanlashda adashibsan, dedi", deb javob beribdi.
Bilingki, yaxshi kuningizda do‘stlaringiz ko‘p bo‘ladi. Lekin haqiqiy do‘stlar safarda va tijoratda sinaladi.
Akbarshoh Rasulov
Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace — IEP) tomonidan e’lon qilingan «Global Peace Index 2026» reytingida O‘zbekiston 163 davlat orasida 37-o‘rinni egalladi. Mamlakatning umumiy ko‘rsatkichi 1,726 ballni tashkil etdi, xabar bermoqda O‘zA.
E’tiborlisi, O‘zbekiston bir yil ichida reytingda sezilarli yuqorilagan. 2025 yilda mamlakat 67-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, 2026 yilda 37-pog‘onaga ko‘tarildi. Bu bir yilda 30 pog‘ona yuqorilash degani.
O‘zbekiston nafaqat global reytingda yuqori o‘rinni egalladi, balki Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham birinchi bo‘ldi. Reytingda Qozog‘iston 44-o‘rinni, Tojikiston 47-o‘rinni, Qirg‘iziston 61-o‘rinni, Turkmaniston esa 66-o‘rinni egallagan.
Shu tariqa, O‘zbekiston mintaqada tinchlik va barqarorlik darajasi bo‘yicha qo‘shni davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
O‘zbekistonning “Global Peace Index 2026” reytingida 37-o‘rinni egallashi mamlakatning xalqaro turistik imiji uchun ham muhim ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Samarqand va Buxoroning tarixiy merosi, Xivaning betakror muhiti, Toshkentning zamonaviy qiyofasi sayyohlarni jalb qilsa, mamlakatdagi tinchlik va xavfsizlik ularning O‘zbekistonni sayohat manzili sifatida tanlashini yanada rag‘batlantirishi mumkin.
67-o‘rindan 37-o‘ringa ko‘tarilish esa O‘zbekistonning xalqaro miqyosda tinch, xavfsiz va barqaror mamlakat sifatidagi imiji mustahkamlanayotganini ko‘rsatuvchi muhim natijalardan biri.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati