Qadim zamonda ikki do‘st ov qilish uchun o‘rmonga boribdi. Tasodifan ularga ayiq ro‘para bo‘libdi. Do‘stlardan biri miltig‘ini tashlab, yaqin atrofdagi daraxtlardan birining ustiga chiqib olibdi. Ikkinchisi o‘zini o‘likka solib, yerga nafas olmay yotib olibdi. Ayiq yerda yotgan odamni hidlab ko‘rib, nari ketibdi. Chunki ayiqlar o‘laksa yemaydilar. Ayiq ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, daraxtdagi ovchi yerga tushib, do‘stining oldiga kelib hazillashibdi: "Og‘ayni, ayiq qulog‘ingga bir nima dedimi?" Do‘sti unga: "Ha, u do‘st tanlashda adashibsan, dedi", deb javob beribdi.
Bilingki, yaxshi kuningizda do‘stlaringiz ko‘p bo‘ladi. Lekin haqiqiy do‘stlar safarda va tijoratda sinaladi.
Akbarshoh Rasulov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 23 sentyabrdagi PF–206-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida Namangan viloyatida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida Namangan viloyati Uychi tumanida ko‘chat ekish tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Namangan viloyati bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Abdulloh domla Samatov ishtirok etib, yig‘ilganlarga yurtimizning turli hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari izchil davom etayotgani, ushbu ezgu tashabbusda diniy soha xodimlari ham “Tabiat — Alloh taoloning omonatidir” shiori ostida faol ishtirok etayotganini ta’kidladilar.
Shuningdek, daraxt ekish, atrof-muhitni asrash va tabiatga mehr bilan munosabatda bo‘lish nafaqat obodonchilik, balki kelajak avlod oldidagi muhim mas’uliyat ekanini qayd etdilar.
Tadbir davomida Uychi tumanida jami 250 tup ko‘chat, jumladan, 150 tup manzarali va 100 tup mevali daraxt ko‘chatlari, shuningdek, turli xil gullar ekildi.
Ezgu tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yurtimiz obodligiga hissa qo‘shish, yashil hududlarni ko‘paytirish va kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit yaratishdan iborat.
Ekilgan har bir nihol — kelajakka qo‘yilgan ezgu qadam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati