Qadim zamonda ikki do‘st ov qilish uchun o‘rmonga boribdi. Tasodifan ularga ayiq ro‘para bo‘libdi. Do‘stlardan biri miltig‘ini tashlab, yaqin atrofdagi daraxtlardan birining ustiga chiqib olibdi. Ikkinchisi o‘zini o‘likka solib, yerga nafas olmay yotib olibdi. Ayiq yerda yotgan odamni hidlab ko‘rib, nari ketibdi. Chunki ayiqlar o‘laksa yemaydilar. Ayiq ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, daraxtdagi ovchi yerga tushib, do‘stining oldiga kelib hazillashibdi: "Og‘ayni, ayiq qulog‘ingga bir nima dedimi?" Do‘sti unga: "Ha, u do‘st tanlashda adashibsan, dedi", deb javob beribdi.
Bilingki, yaxshi kuningizda do‘stlaringiz ko‘p bo‘ladi. Lekin haqiqiy do‘stlar safarda va tijoratda sinaladi.
Akbarshoh Rasulov
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz