Bu savolni eshitgan kishi bo‘lib hayron bo‘lib qoladi: hay, Alloh! Shu odam “O‘tkan kunlar”ni o‘qiganmikan o‘zi yoki meni sinash uchun qitmirlik qilib so‘rayaptimi?..
Bugun tongda oshga borgan edik. Shahar bosh imom xatibi Anvar qori aka Tursunov domla amri ma’ruf qilganlarida ma’rifatli ajdodlarimiz, ularga munosib avlodlar tarbiyalash borasida kitobxonlikniing foydasi haqida gapirar ekan, jumladan bunday dedilar: “Yaqinda “O‘tkan kunlar”ni yana bir qayta o‘qib chiqdim. Shu galgi mutolaadan nima topdim bilasizmi?
Marhum ustoz shoir Abdulla Oripov bir suhbatda: “O‘tkan kunlar”ning bosh qahramoni Kumush va Otabek emas, Yusufbek hoji. Agar asarda ana shu muhtasham obraz bo‘lmaganida roman “Ming bir kecha” hikoyalariga o‘xshab qolardi”, degan edilar.
Ana shu gapning hikmatini topdim. Abdulla Qodiriy hazratlari Yusufbek hoji timsolida millatning birdamligi, Vatanning yaxlitligi uchun kurashishni hayotining ma’nosi deb bilgan; qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik, mahalliychilik qilib o‘zaro nizolashib yurgan maydakashlarni katta ishlarga undab, agar vaziyat shu holda davom etsa; millatning xarob bo‘lishini, yurt tuprog‘ining bosqinchilar oyog‘i ostida xor bo‘lishini bashorat qilgan buyuk siymoni tasvirlagan ekan.
Haqiqatan, Yusufbek hoji obrazini diqqat bilan o‘rganaversangiz, romanning zalvori yuksalib boraveradi. Buyuk millat fidoyisini kashf qilasiz”.
Bu gaplarni tinglar ekanman, negadir birdaniga o‘pkam to‘lib ko‘zimga yosh kelgandek bo‘ldi. Shu davraning o‘zida Abdulla Qodiriyning san’atkorligini, Abdulla Oripovning zakiyligini, Anvar qori akaning voizligini yana bir bir kashf qildim – qanchalar buyuk insonlar.
“O‘tkan kunlar” shunday asar ekanki, unda har bir insonning o‘z qahramoni bor ekan. Aytaylik, keng fikrlaydigan, mushohadaga boy, katta hayotiy tajriba to‘plagan, jahon sahnasida millatimizning o‘rni, obro‘si haqida bosh qotiradigan donishmand yoshdagi insonlar uchun bosh qahramon – Yusufbek hoji; muslima, mushtipar, itoatkor ayollar uchun bosh qahramon – Oftoboyim; chin sevgi, pok muhabbatni orzu qiladigan yoshidagilarning qahramoni – Kumush va Otabek; sevadigan, seviladigan yoshga yetib, ne-ne orzu-umidlar og‘ushida turmushga chiqqani zahoti ko‘z oldidagi begining sarob ekanini, jismi uzatsa qo‘l yetadigan yerda turgani bilan qalbi dunyoning u chekkasi qadar uzoq ekanini bilgan alamzada kelinchaklar uchun bosh qahramon – Zaynab (shuginaga ko‘p achinadi odam)...
Ammo romanda ikki yoshning samimiy muhabbati voqealari zavqu shavq bilan tasvirlangani bois yoshu qari, hamma “O‘tkan kunlar” deganda faqat shu ikkisini ko‘z oldiga keltiradi...
To‘g‘risini aytsam, “O‘tkan kunlar”ni qayta-qayta o‘qimayman. Zarurat yuzasidan bir ko‘z tashlab qo‘yaman deganimda esa undan bosh ko‘tarolmayman va ko‘p vaqtlar asar voqealari ta’sirida yuraman. Romanning bu qadar fojeali tugagani meni iztirobga soladi. Ayniqsa, Kumush bilan Otabekning o‘g‘li Yodgorning bosqinchilar bilan kurashib vafot etgani – Yusufbek hoji avlodidan hech kim qolmagani alam qiladi.
Yana o‘ylaymanki, Yusufbek hojiyu Otabeklar ana shu millat farzandi edi. Shunday samimiy qalb egalarini yetishtirgan millat ozod va erkin yashashga haqli edi va ana shu ulug‘ ne’matga tinimsiz kurashlar evaziga erishdi. Ichki kurashlar, nizolar, fitnalarga o‘ralashib boy berib qo‘ygan hurligimizni bir yoqadan bosh chiqarib qaytarib oldik. Yaratganga shukrki, mamlakatimizni butun dunyo tan olib turganiga chorak asrdan oshdi. Vatanimiz madhiyasi dunyoning eng baland minbarlarida jaranglaganda yuksak martabali insonlar ham qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib hurmat bajo aylayotir. Zotan, Abdulla Qodiriy Yusufbek hoji obrazi orqali ana shu kunlar orzusini tarannum etmaganmidi!..
Damin JUMAQUL,
jurnalist
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV