Farzand tarbiyasida ota-onadan katta mahorat, ulkan mas’uliyat, teran aql va chuqur mulohaza talab qilinadi. Bolaning fe’l-atvorini sinchkovlik bilan o‘rganib, unga mehr va tadbir bilan yondashilsa, inshaalloh, ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada bizga eng go‘zal namunadirlar. U zot (alayhissalom): “Farzandlaringizni xurmat qiling va ularga chiroyli odob o‘rgating”(Ibn Moja rivoyati), deb biz ummatlarga shu kabi ko‘plab fazilatli tavsiyalarini berganlar. Nasihatlariga amal qilgan kishi hatto tunda ham yo‘lidan adashmay, qoqilmay manziliga yetadi. U zot (alayhissalom) bolalarga salom berish va unga munosib alik olishni o‘rgatishdan boshlaganlar. Ko‘chadan o‘tib ketayotib ham ularga birinchi salom berganlar. Anas roziyallohu anhu aytadi: “Men bolalar bilan o‘ynayotganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yonimga kelib, bizga salom berdilar”. U kishidan (roziyallohu anhu)yani bir rivoyatda: “Ey o‘g‘lim, ahli oilang huzuriga kiradigan bo‘lsang, salom ber. Chunki saloming senga va oilanga baraka keltiradi”, deb marhamat qilganlar.
Bolaga yolg‘on gapirmang va uni aldamang, chunki siz unga namunasiz. Abdulloh ibn Omir roziyallohu anhu bunday hikoyani qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning uyda o‘tirgan edilar. Onam meni chaqirdilar: “Qani, bu yerga kel-chi, senga bir nima beraman”, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Unga nima bermoqchisan?” deb so‘radilar. Onam: “Bir dona xurmo beraman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agarda unga biror bir narsa bermasang, senga yolg‘on yoziladi”, dedilar”.
Farzandlarni jazolashda o‘ta qattiqqo‘llik yaramaydi. Jazo unga yarasha bo‘lishi uchun yuzga urish yoki tupurish va boshqa narsalar bilan bolani tahqirlanmaydi. Chunki yuz mukarramlik belgisidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan biringiz uradigan bo‘lsa, yuzga urishdan saqlansin”, deb marhamat qilganlar (Tabaroniy rivoyati).
O‘g‘rilik barcha davrlarda insonlarning nafratiga sazovor bo‘lgan jirkanch odatdir. U ijtimoiy muhitni izdan chiqaradi va jamiyatni tanazzulga olib boradi. Ayrim ota-onalar farzandlarining yoshlikda qilgan o‘g‘irligiga beparvo bo‘lib, qilmishini go‘daklikka yo‘yadilar. Bu muthish xatodir. Bunday beparvolik bolada o‘zgalar moliga xiyonat qilishdan qo‘rqmaslik hissini uyg‘otadi. Quyidagi hikoya so‘zimizning dalilidir: Mahkamalardan birida o‘g‘rilik bilan qo‘lga tushgan o‘g‘rini jazolashga hukm chiqariladi. Hukm ijro etiladigan kun kelganda o‘g‘ri ovozining boricha bunday deb baqiradi: “Meni emas onamni jazolang! Birinchi bor qo‘shnimiznikidan tuxum o‘g‘irlaganimda u meni koyimadi va egasiga qaytarib berishimni talab qilmadi. Aksincha, qilgan ishimdan quvonib: “Hudoga shukr! Mening o‘g‘lim haqiqiy erkak bo‘libdi”, degan edi. Agar onamning tili bo‘lmaganida edi, men o‘g‘ri bo‘lmasdim”.
So‘kish va haqorat so‘zlarni aytish yoshlar orasida eng ko‘p tarqalgan yomon illatlardandir. Bunda kattalarning “xizmati” katta. Chunki endi tili chiqayotgan bolaga: “Bitta so‘kib qo‘y”, deb yomon odatni singdirib borishadi. Ayrim ota-onalar jahl otiga minib, o‘zaro tortishib uyatsiz so‘zlarni aytishlari farzandlarida ma’naviy ahloqsizlikni shakllanishiga, shuningdek, ularni ko‘cha-ko‘yda qarovsiz qo‘yib, xulqi buzuq bolalar bilan o‘rtoqlashib qolishiga sabab bo‘lishadi. Buning uchun bola tarbiyasi uzluksiz ravishda diqqat markazida turish kerak.
Bugungi kunda ko‘pchilik yoshlar axloqiy me’yorlar butkul tanazzulga yuz tutgan olomoncha madaniyatga ko‘r-ko‘rona taqlid qilayotganlari bois axloqiy buzuqlikka yuz tutmoqdalar. Tarbiyaga mas’ul shaxslar yoshlarni ma’naviy va moddiy hujumlardan himoyalashlari, ularni doimo ezgulik sari chorlab, pand-nasihatlar qilishlari lozim. Yurtimizda ota-onalarga bu borada yordamchi bo‘la oladigan diniy-marifiy, kasb-hunar va sport tashkilotlari bisyor. Ulardan unumli foydalanish barchamizning qo‘limizda.
“O‘zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini ham qo‘shamiz. Ularga qilgan amallaridan biror narsani kamaytirmaymiz. Har bir kimsa o‘zi qilgan ishi bilan garovlangandir” (Tur surasi, 21 oyat).
Alloh taolo barchamizga ana shu baxtini nasib aylasin!
Jaloliddin Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
"Hamishalig‘ ta’kid etur edim: xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da bog‘ yarat — bir kunmas bir kun mevasini tatirsan..."
Amir Temur.
Tarix sahnasida o‘zining o‘rniga ega , butun dunyoni o‘z adolati bilan larzaga keltirgan , Aleksandr Makedoniyskiy, Yuliy Sezar, Mehmet III kabi dunyo zabardast podshohlari qatorida tilga olinuvchi , XIll asr boshi XlV asrda boshlangan nizolar shu asrning 60- yillariga kelib butun mamlakatni sarosimaga solib turgan parokandalik vaqtida sarkardalik va qiyin vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘lni topa bilish qobiliyati bilan Eron, Iroq , Oltin O‘rda , Turkiya , Ozarbayjon, Hindiston , hattoki ayrim Yevropa davlavlatlari bilan amalda teng keladigan ulkan davlat barpo etgan shaxsning hayotiga yana bir bor nazar tashlasak...
Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida yashovchi (hozir Yakkabog‘ tumani hududida) mushtipar ona- buxorolik Takina xotun, bahodir ota esa barlos urug‘ining va Chag‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan biri bo‘lgan Amir Tarag‘ay xonadonining dunyoni xabt etuvchi yosh go‘dagi bo‘lmish Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Bundan tashqari 12 yoshida Qur’oni Karimni yod bilganligi , shatranj o‘yinining ustasi bo‘lganligi haqida ma’lumotlar ham yo‘q emas .
Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.
O‘zining sarkardalik mahorati bilan ko‘plab harbiy yurishlarni olib borgan. Tarixda esa faqat jang-u jadallar bilan band bo‘lgan hukmdor emas , balki yurtning obodonchiligi, ravnaqi ilm-ma’rifatini keng yoyilishida o‘z hissasini qo‘shgan hukmdordir . Xususan , Yaqin va O‘rta Sharq bo‘ylab Movarounnahr savdo-sotiq, iqtisod va madaniyat markaziga aylanishida, Samarqand, Toshkent, Termiz, Marv, Damashq kabi qadimiy shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, shaharlarni obodonlashtirishda hissasi nihoyatda beqiyosdir.
Amir Temur saroyida ko‘plab ilm-ma’rifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nu’moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqironning marhamatidan bahramand bo‘lib, uning xizmatida bo‘ldilar. Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, me’morchilik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta e’tibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch biddirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi”.
Agar banda Alloh roziligi uchun dunyoda o‘z amallarini bajarar ekan , albatta Alloh taolo u amallarining savobini qiyomatga qadar boqiy qilib qo‘yar ekan. Bu so‘zlarimizga Amir Temur qilgan barcha ishlarni misol keltirsak bo‘ladi.
Har qancha faxr etsang arziydi, o‘zbek,
Balqibsan bir zotning yuksak shonida.
Temurbek yulduzi Oltin qoziqdek
Charaqlar buyuklar kahkashonida.
To‘raqulova Oisha
"Jo‘ybori Kalon" ta’lim muassasasi 1-kurs talabasi