Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:18
Quyosh
07:44
Peshin
12:25
Asr
15:15
Shom
17:00
Xufton
18:19
Bismillah
18 Dekabr, 2025, ,

Eng yaxshi sovg‘a...

20.03.2017   11624   4 min.
Eng yaxshi sovg‘a...

Farzand tarbiyasida ota-onadan katta mahorat, ulkan mas’uliyat, teran aql va chuqur mulohaza talab qilinadi. Bolaning fe’l-atvorini sinchkovlik bilan o‘rganib, unga mehr va tadbir bilan yondashilsa, inshaalloh, ko‘zlangan maqsadga erishiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada bizga eng go‘zal namunadirlar. U zot  (alayhissalom): “Farzandlaringizni xurmat qiling va ularga chiroyli odob o‘rgating”(Ibn Moja rivoyati), deb biz ummatlarga shu kabi ko‘plab fazilatli tavsiyalarini berganlar. Nasihatlariga amal qilgan kishi hatto tunda ham yo‘lidan adashmay, qoqilmay manziliga yetadi. U zot (alayhissalom) bolalarga salom berish va unga munosib alik olishni o‘rgatishdan boshlaganlar. Ko‘chadan o‘tib ketayotib ham ularga birinchi salom berganlar. Anas roziyallohu anhu aytadi: “Men bolalar bilan o‘ynayotganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yonimga kelib, bizga salom berdilar”. U kishidan (roziyallohu anhu)yani bir rivoyatda: “Ey o‘g‘lim, ahli oilang huzuriga kiradigan bo‘lsang, salom ber. Chunki saloming senga va oilanga baraka keltiradi”, deb marhamat qilganlar.

Bolaga yolg‘on gapirmang va uni aldamang, chunki siz unga namunasiz. Abdulloh ibn Omir roziyallohu anhu bunday hikoyani qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning uyda o‘tirgan edilar. Onam meni chaqirdilar: “Qani, bu yerga kel-chi, senga bir nima beraman”, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Unga nima bermoqchisan?” deb so‘radilar. Onam: “Bir dona xurmo beraman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agarda unga biror bir narsa bermasang, senga yolg‘on yoziladi”, dedilar”.

Farzandlarni jazolashda o‘ta qattiqqo‘llik yaramaydi. Jazo unga yarasha bo‘lishi uchun yuzga urish yoki tupurish va boshqa narsalar bilan bolani tahqirlanmaydi. Chunki yuz mukarramlik belgisidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan biringiz uradigan bo‘lsa, yuzga urishdan saqlansin”, deb marhamat qilganlar (Tabaroniy rivoyati).

O‘g‘rilik barcha davrlarda insonlarning nafratiga sazovor bo‘lgan jirkanch odatdir. U ijtimoiy muhitni izdan chiqaradi va jamiyatni tanazzulga olib boradi. Ayrim ota-onalar farzandlarining yoshlikda qilgan o‘g‘irligiga beparvo bo‘lib, qilmishini go‘daklikka yo‘yadilar. Bu muthish xatodir. Bunday beparvolik bolada o‘zgalar moliga xiyonat qilishdan qo‘rqmaslik hissini uyg‘otadi. Quyidagi hikoya so‘zimizning dalilidir: Mahkamalardan birida o‘g‘rilik bilan qo‘lga tushgan o‘g‘rini jazolashga hukm chiqariladi. Hukm ijro etiladigan kun kelganda o‘g‘ri ovozining boricha bunday deb baqiradi: “Meni emas onamni jazolang! Birinchi bor qo‘shnimiznikidan tuxum o‘g‘irlaganimda u meni koyimadi va egasiga qaytarib berishimni talab qilmadi. Aksincha, qilgan ishimdan quvonib: “Hudoga shukr! Mening o‘g‘lim haqiqiy erkak bo‘libdi”, degan edi. Agar onamning tili bo‘lmaganida edi, men o‘g‘ri bo‘lmasdim”.

So‘kish va haqorat so‘zlarni aytish yoshlar orasida eng ko‘p tarqalgan yomon illatlardandir. Bunda kattalarning “xizmati” katta. Chunki endi tili chiqayotgan bolaga: “Bitta so‘kib qo‘y”, deb yomon odatni singdirib borishadi. Ayrim ota-onalar jahl otiga minib, o‘zaro tortishib uyatsiz so‘zlarni aytishlari farzandlarida ma’naviy ahloqsizlikni shakllanishiga, shuningdek, ularni ko‘cha-ko‘yda qarovsiz qo‘yib, xulqi buzuq bolalar bilan o‘rtoqlashib qolishiga sabab bo‘lishadi. Buning uchun bola tarbiyasi uzluksiz ravishda diqqat markazida turish kerak.

Bugungi kunda ko‘pchilik yoshlar axloqiy me’yorlar butkul tanazzulga yuz tutgan olomoncha madaniyatga ko‘r-ko‘rona taqlid qilayotganlari bois axloqiy buzuqlikka yuz tutmoqdalar. Tarbiyaga mas’ul shaxslar yoshlarni ma’naviy va moddiy hujumlardan himoyalashlari, ularni doimo ezgulik sari chorlab, pand-nasihatlar qilishlari lozim. Yurtimizda ota-onalarga bu borada yordamchi bo‘la oladigan diniy-marifiy, kasb-hunar va sport tashkilotlari bisyor. Ulardan unumli foydalanish barchamizning qo‘limizda.

“O‘zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini ham qo‘shamiz. Ularga qilgan amallaridan biror narsani kamaytirmaymiz. Har bir kimsa o‘zi qilgan ishi bilan garovlangandir” (Tur surasi, 21 oyat).

Alloh taolo barchamizga ana shu baxtini nasib aylasin!    

 

Jaloliddin Hamroqulov

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

“Novza” jome masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasida yangi ilmiy loyihalar boshlanadi

10.12.2025   3640   1 min.
Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasida yangi ilmiy loyihalar boshlanadi

Misrdagi islom olamining nufuzli ilmiy-diniy markazi — Al-Azhar rahbariyati O‘zbekiston bilan ilmiy va ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Bosh imom shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda ikki tomonlama ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.


Uchrashuvda ta’lim va ilm-fan sohasidagi qator qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi. Jumladan, quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi:

  • ulamolar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  • o‘zbek talabalarining Al-Azharda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash;
  • qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
  • konferensiyalar, master-klasslar va o‘quv seminarlarini tashkil etish.
     

O‘zbekiston tomoni uchrashuv davomida mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ekstremizm va radikal g‘oyalarning oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, yoshlar bilan ishlashda ma’rifatning o‘rni haqida ma’lumot berdi.


Shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston bilan hamkorlikni tarixan muhim aloqa sifatida baholab, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.


Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida:

  • qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  • akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  • talabalar va mutaxassislar uchun qo‘shimcha grantlar ajratish;
  • ma’rifiy tadbirlarini muntazam o‘tkazish bo‘yicha kelishib olganini bildirdi.

Tayyorlagan: Otabek Matnazarov

O'zbekiston yangiliklari