Sevinchi ichiga sig‘may borayotgan Noila opa ishdan keldi-yu oshga unnab ketdi. Chunki bugun ajoyib bayram – o‘g‘li Qodirjon diplom oladi.
Ota kasbiga mehr qo‘ygan Qodirjon universitetning kimyo-biologiya fakultetini tamomladi. Ota-onaning xursandchiligini ko‘rsangiz edi. Axir besh yil davomida farzand o‘qitish: o‘zi yemay farzandiga yedirishning, o‘zi kiymay farzandiga kiydirishning o‘zi bo‘larkanmi.
Dasturxon atrofida oila jam bo‘lib o‘tirganda onasi Qodirjoning ko‘ngli yorishmayotganini sezdi.
– Ha o‘g‘lim, tinchlikmi? Xayoling parishon? Bugun o‘zing orzu qilgan kasb egasi bo‘lding... – deb so‘radi o‘g‘lidan.
– Ha... oyijon shundayku-ya, lekin...
– Nima lekin?
– Menga Sariosiyo tumanining chekka qishlog‘iga maktabga yo‘llanma berishdi.
– Voy bolama, shunga xafa bo‘lasanmi? Mayli, bahonada ko‘rmagan joylarni ko‘rib kelasan. Tog‘li joylar, qishloq havosi yengil bo‘ladi deyishadi, balki taqdiring qo‘shilgan bo‘lsa, baxting ham...
– Qo‘ying, oyi...
Qodirjonni qishloqqa tuman xalq ta’lim bo‘limidan bir juvon boshlab bordi. Ularni bo‘ydor, gavdali, kaftlari naqd chaqaloqning kallasidek keladigan qishloq oqsoqoli – “qahramon”ota va maktab direktori kutib oldi.
Barot otani “qahramon” ota deyishganicha bor ekan: ota qishloqning chekka so‘qmoq yo‘lidan borarkan qora dori ko‘tarib kelayotgan uchta narkobiznesga duch kelib qoladi va uchalasini ham yer tishlatib, oyoq-qo‘lini bog‘lab Ichki Ishlar bo‘limiga topshirdi. Shu-shu Barot otani qishloq ahli “qahramon” ota deb aytishadi.
Qodirjonni vaqtincha qishloq chekkasidagi eski kalxo‘z idorasiga joylashtirishdi. Idoraning etagi chegaraga tutashgan.
Sokin, so‘lim qishloq. Oqshom supada yotarkan osmonda yulduzlar charaqlagan, uzoqdan itlarning akillashi, baqalarning qurillashi, mayin shabadada teraklarning shitirlashi eshitiladi.
Odamlarini aytmaysizmi, naqadar samimiy va mehmondo‘st. Kunda-kunora yosh bolalar kelib “Muallim aka, biznikiga yuring” deya mehmondorchilikka chaqirib ketadi.
Sentyabr kelib darslar ham boshlandi. Qodirjonning odati qiziq, ishdan keladi-yu, onasidan yuqqanmi, qirga chiqib tabiat manzarasini chizadi. Kunlar shu zaylda o‘tarkan bir voqea sabab Qodirjonning hayoti o‘zgarib ketdi. Odatdagidek rasm chizib o‘tirarkan, yonida paydo bo‘lgan ikkita yigitni payqamay qoldi.
– Assalomu alaykum, hormang, rassom aka. – dedi ulardan biri.
– Vaalaykum assalom, bor bo‘ling, – dedi qo‘qqisdan berilgan salomdan cho‘chib ketgan Qodirjon.
– O‘h-ho‘, juda chiroyli chiqibdi.
– Ha... rasm chizish sevimli mashg‘ulotim
– Rassom aka, sizga bir taklif bilan kelgandik. Biz dorivor giyohlar savdosi bilan shug‘ullanamiz. Ammo chegara rasmiyatchiligiga hushimiz yo‘q. Xo‘p desangiz, bugun tunda hamkorlarimizga giyohlarni sizni hovlingizda bersak. Bu xizmat haqqingiz, – deya bir dasta pulni tutqazishdi unga.
– Bo‘pti yordam beraman. Xizmat haqqi kerakmas, faqat qari onamga ozgina dorivor o‘t berasiz,- dedi Qodirjon ziyraklik bilan. “Nima uchun yashirin yo‘llar bilan, yana kechasi? Bu ishda bir sir borga o‘xshaydi” degan o‘y o‘tdi Qodirjonning xayolidan.
Qodirjon dasturxon tuzadi, do‘ppidekkina osh ham damladi. Tun yarimdan oqqanda hovli etagidan zambildek keladigan ikkita qopni yelkalagan yigitlar kirib keldi.
– Mehmon atoyi xudo deydilar, bir piyola choy ichmasangiz xafa bo‘laman,– dedi Qodirjon tuzalgan dasturxonga ishora qilib. Yigitlar har qancha shoshilsa-da, to‘kin dasturxonni ko‘rib, ishtahalari ochilib ketdi.
– Ha, mayli ikki daqiqa.
– Mehmonlarim, azizlarim, – deb Qodirjon jimirlab turgan “pepsi-kola”dan uch piyola simirdi. U mehmonlarga piyolalarga suzib qo‘yilgan “pepsi”ni uzatarkan, o‘zini charchaganga solib, cho‘ntagidagi diktafonning “yozuv” tugmasini bosdi va yostiqqa yonboshlab xurrak ota boshladi.
– G‘o‘ra ekan-u bu.
– Qopiga kelishganimizdekmi.
– Ha.
– Bu yerda qancha? So‘rashyapti.
– Bo‘pti, ketdik.
Ular supadan qo‘zg‘almoqchi bo‘lganida vujudlari titrab, peshonalaridan muzdek ter chiqib ketdi.
Qodirjonning ziyrakligi tufayli yuz kg afg‘on opium moddasi ushlab qolindi.
Ertasi kuni maktabda yig‘ilish bo‘ldi. Yig‘ilishga mutasaddi tashkilotlardan rahbarlar kelishdi. Polkovnik Shamsiyev Qodirjonga hukumatimiz tomonidan berilgan tashakkurnoma va sovg‘alarni topshirarkan, Ichki ishlar bo‘limiga ishga qabul qilingani to‘g‘risidagi buyruqni berdi.
Ha... dono xalqimiz: “Xoin qoni chelakka, Botir qoni yurakka”, deb bejiz aytmagan.
Bu zahri qotil necha-necha yoshlarning juvonmarg bo‘lishiga, ma’naviyatimizga bolta urilishga, go‘daklarning mayib-majruh tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Ha, azizlar chegaralarimiz mustahkam, askarlarimiz ziyrak. Lekin, tinchligimizni asrash borasida Barot otadek, Qodirjondek fidoyilik ko‘rsatish barchamizning Vatan oldidagi muqaddas burchimizdir.
Toyirjon TUNGATOV,
Chinoz tumanidagi “Hazrati Ali” jome masjidi imom-xatibi
Navoiy viloyati hududida joylashgan qadimgi Hazora qishlog‘idagi me’moriy yodgorlik – Deggaron masjidi VII–IX asrlarda qurilgan bino o‘rniga XI asrda bunyod etilgan.
Bu Navoiy viloyatida topilgan masjidlardan eng qadimgisi. Keyinchalik, masjid, sopol qozon yasovchilar mahallasi guzarida joylashgani uchun «Deggaron masjidi» deb nomlangan. O‘rta asrlarda Hazora o‘rtacha shahar sifatida mashhur edi. Yonida esa bir kanal qazilgani eski arab manbalarida zikr etilgan. Shahar Buxoro vohasining «Ulkan cho‘l» bilan chegarasida qo‘riqlash funksiyalarini bajargan va «Kampir duvol» deb atalmish eski fortifikatsiya tizimiga kirgan.
Masjidning tashqi ko‘rinishi kub shaklida, usti gumbazlar bilan yopilgan, xona ichida pishiq g‘ishtdan to‘rt g‘o‘la (ustun) ishlangan. Qolgan devori xom g‘ishtdan tiklanib, yuzasi pishiq g‘isht bilan qoplangan. To‘rt rukn – ustun (diametri 128 sm) xonaqoh ichini devorsiz to‘qqiz qismga ajratgan. Markaziy qismi nisbatan yirikroq gumbaz bilan yopilgan. Boshqa qismlarga – bir tomonidan devorga, qarshi tomonidan ustunga tayantirib, yana sakkizta kichik gumbaz ishlangan. XX asrda masjidning janubiy va sharqiy devorlariga taqab sinchkor ayvon qurilgan. Ayvon ustunida binoning 1910 yili qayta qurilgani qayd etilgan. Keyinchalik ayvonlari vayron bo‘lgan.
Deggaron masjidi – islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi sifatida me’moriy o‘ziga xosligi va sodda salobati bilan diqqatga sazovor.
Oyina.uz