Alloma shayx Muhammad Ali Sobuniy Qur’oni Karim va Rasululloh sunnatlarini o‘rganuvchi zamonamiz ulamolaridan sanaladi. Olim islom ilmlariga oid bir necha asarlar ta’lif qilgan bo‘lib, ulardan “Sofvat at-tafosiyr”, “Ravoiul-bayon fiy tafsiril Qur’on” hamda “Muxtasar tafsiri Ibn Kasiyr” kabi kitoblari Islom olamida mashhurdir. Shayx Sobuniy hayotlarini Qur’oni Karim va sunnati nabaviyya xizmatiga sarfladi. Tafsir, hadis va boshqa ilm sohalariga bag‘ishlangan, islomning musaffoligi va bag‘rikengligini yorituvchi asarlari bilan ilmiy-ma’rifiy kutubxonalarni boyitdi va haqli ravishda “Kitob va sunnat xodimi” unvoniga ega bo‘ldi.
Shayx Muhammad Ali Sobuniy 1930-yil, Suriyaning Halab shahrida, buyuk olim Shayx Jamil Sobuniy xonadonida tavallud topgan. O‘g‘lini yetuk olim bo‘lishida asosiy sababchi bo‘lgan padari buzrukvori Halabdagi “Umaviy jome” masjidida dars berar edi. Yosh Muhammad Ali Qur’on darslariga qo‘shilib, Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Otasidan ham ko‘plab diniy bilimlar va arab tili ilmni o‘rgandi. Boshlang‘ich va “Xusroviya” nomli usmoniylar qurgan o‘rta maktabni imtiyozli tamomlab, iqtidorli talabalar qatorida Qohiradagi “Al-Azhar” universitetiga yuborildi. 1952-yilda universitetning Shari’at fakulteti diplomiga ega bo‘ldi. 1954 yil mutaxassislik o‘qishini tamomlab, Azhari sharifning “Shar’iy sud mutaxassisligi” diplomini a’lo baholar bilan qo‘lga kiritdi. Bu diplom o‘sha vaqtlarda eng oliy diplom hisoblanib, hozirgi kundagi doktorlik diplomi bilan barobardir. So‘ng, ona yurti Suriyaga qaytib, sakkiz yil davomida Halabdagi sanaviy maktabida “Islom madaniyati” fanidan dars bergach, Azhari sharif ulamolari huzurida ilmini yana ham mukammal qilish maqsadida Misrga bordi, lekin o‘sha paytdagi siyosiy vaziyat bunga imkon bermadi.
Ustozlari:
Shayx Sobuniy Suriya ta’lim vazirligi tomonidan Saudiya Arabistoniga shartnoma asosida Makkai mukarramadagi Islomiy fanlar, tarbiya, va shari’at fakultetiga dars berish uchun jo‘natildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavallud topgan muborak zaminda 28-yilga yaqin dars berdilar. Bu vaqt davomida qo‘llaridan ko‘plab ulamolar, jumladan Masjidil haram imomlari yetishib chiqdi.
Sobuniy hazratlari dars berish bilan cheklanmay, shayx Sayyid Alaviy, shayx Hasan Mashshot kabi o‘sha paytdagi Hijoz olimlarining darslarida ham qatnashar edi.
Keyinchalik, ilmiy tadqiqot ishlari davomida Abu Ja’far Nuhas rahmatullohi alayhining “Maonil Qur’on” nomli noyob asarlarini besh yil davomida tadqiq qilib, olti juzda nashr qildirgan. 1998-yildan Makkadagi xalqaro tashkilot Islom olami uyushmasiga qarashli muassasada bir necha yil faoliyat yuritdi. Shayx Muhammad Ali Sobuniy Masjidil haramda imomlik ham qilgan. Makkada bo‘lgan onlari har kuni Ka’bai mauzzamaning yaqini, “Hajarul-asvad” bilan “Ruknil-yamaniy”ning orasida o‘tirib, Qur’oni Karim tilovat qilardilar. Qur’ondan kunlik vazifalari 2 pora edi. Huddi o‘sha joyda fatvo uchun ham o‘tirib, savol so‘raganlarga javob berar edilar.
Asarlari:
Shayx Muhammad Ali Sobuniyning ko‘p asarlari ingliz, fransuz, rus, fors, urdu va boshqa tillarga tarjima qilingan. Qur’oni Karim tafsiri sohasiga bag‘ishlangan tasniflari chuqur ilm, keng ma’no va go‘zal ifoda hamda oson iborasi bilan ajralib turadi. Hadis, Qur’on ilmlari, fiqh va boshqa fanlarda ham salmoqli xizmat qildi: “At-tibyon fi ulumil-Qur’on”, “Sihohi sitta” (olti sahih to‘plam) kitoblarining sharhi hisoblangan “Min kunuzis sunnatin nabaviyyatil mutohharoh” (Pok nabaviy sunnat xazinalari), fiqhga oid “Al-fiqhush shar’iy al-muyassar” kitoblari buning yaqqol misolidir.
Mujtahid mazhabboshilarimizning Qur’oni Karimdan qanday hukm olishlari yoritilgan “Ravoiul-bayon” nomli asarlari bizda ham – O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida o‘qitib kelinmoqda. Budan tashqari “Sofvatut tafosiyr” (Tafsirlar sarasi ), “Al-mavaris fish shari’atil-islamiyyah” (Islom shari’atida meroslar), “As-sunnatun nabaviyya qismun minal vahyil-munazzal” (Sunnati nabaviyya ‒ Ilohiy vahiyning bir qismi), “Harokatul arzi va davronuha – haqiqotun ilmiyyatun asbatahal Qur’on” ( Yer harakati va aylanishi – Qur’on isbot qilgan ilmiy haqiqatdir) va boshqa ko‘plab kitob va maqolalar muallifidir.
Shayx Muhammad Ali Sobuniy hozirga qadar din xizmatida kamarbasta bo‘lmoqdalar. Alloh u zotni hifzu-himoyasida saqlasin.
Muhammad Yahyoxon Muhammadxon o‘g‘li
Toshkent Islom instituti talabasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati