Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni karimni to‘la yod oldi. 1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi. 1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome masjidida imom-xatiblik qildi. 1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi. 1995-2011 yillar shu tumandagi Hasanboyota jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishlagan. Yahyo qori hozirda ushbu masjid imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritmoqda.
– Ustoz, bolalik yillaringiz, qalbingizda Qur’oni karimga ilk muhabbat uyg‘otgan ota-onangiz, ustozlaringiz, imomlik faoliyatiga kirib kelishingiz haqida so‘zlab bersangiz.
– Men dehqon oilasida tavallud topdim. Otam dehqonchilik bilan shug‘ullansada, ahli ilmga muxlis, domlalarning xizmatiga shay bo‘lgan inson edi. Onam ham juda o‘qimishli ayol bo‘lgan. Onamning aytishlaricha besh farzanddan yolg‘iz men tirik qolgan ekanman. Qolgan to‘rt nafar jigarlarim qizil chechak degan kasallik sabab vafot etishgan.
Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onamdan (Alloh rahmatiga olsin) oldim. Ularning farzandim olim bo‘lsin degan sa’y-harakatlari bilan 13 yoshimda Qur’oni karimni to‘liq yodladim. Shuningdek ustozlarim Abduhalil va Abdunodir domlalardan ta’lim oldim. Maktab yillari ta’lim olish juda mushkul edi. Daftar, qalam oz bo‘lgani bois, taxtachaga ko‘mir yo bo‘r bilan alifboni yozib, yodlab bo‘lganimizdan so‘ng, o‘chirib boshqa harflarni o‘rganardik.
1954 yil olim bo‘lishimni istagan otam 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan Shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldim, 1960 yilda madrasani tamomlaganimdan keyin domla Shohimardonning yonida mudarris bo‘lib ishladim. Biroq shu yilning o‘zida ustozimning maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdim. 1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdim. 1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldim. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladim. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydim. 1976 yilda Shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon (Alloh rahmatiga olsin) bilan tanishdim. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdim. Shu tariqa imomlik faoliyat boshlandi.
– Qur’oni karimni yod oluvchi, tilovat qiluvchi oldin uning haqlarini to‘liq bilib olishi hamda ularga rioya etishi va bunda loqaydlikka yo‘l qo‘ymasligi lozim. Shunday ekan, Qur’onni tilovat qiluvchida Kalomullohning qanday haqlari bor?
– Qorilar Qur’onni hurmat qilishlari kerak. Binobarin, Allohning kalomi Qur’oni karim qancha e’zozlansa juncha oz. Domlalarimiz bizga Qur’onni ko‘krakdan pastga qo‘yish gunoh, deb qo‘p bora ta’kidlashardi.
Qorilarning Qur’oni karimdagi haqlaridan yana biri unga amal qilishdir. Qaysiki qori el orasida hurmatga sazovor bo‘lsa, bilingki Alloh u bandani o‘qigan Qur’oniga amal qilgani, Qur’onning haqqini ado etgani uchun aziz qilgan. Xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan Rahmatulloh qori, Abdurashid qori, Hasan-Husan kabi qorilar aynan ilmlariga amal qilganlari uchun ham Alloh boshqa ilm egalaridan ko‘ra bu qorilarni martabasini baland qilgani hayotiy bir misol.
Bundan tashqari qori muntazam ravishda Qur’oni karimni tilovat, takror qilib turishi ham Qur’onning haqlaridandir. Shu bois, doimo shogirdlarimizga har kuni Qur’onni oz bo‘lsada takror qilishlarini ta’kidlayman. Ba’zan shogirdlarim ustoz bir kunda bir-ikki pora emas, besh-olti pora o‘qishga qodirman desa, yo‘q, oz bo‘lsada bardavom bo‘lsin, bir kunda besh-olti o‘qib, keyin bir hafta o‘qishga qodir bo‘lmay qolgandan ko‘ra, har kuni oz-ozdan takror qiling, deb maslahat beraman. Agar qori har kuni ikki poradan o‘qisa, bir yil davomida yigirma to‘rt marotaba Qur’onni hatm qiladi. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): Allohga eng sevimli bo‘lgan ibodat oz bo‘lsa ham doim bo‘lganidir, deganlar.
Afsuski, hozirda ba’zi qorilarimiz Qur’onni faqatgina Ramazon oyi kirishi arafasida takror qilib, hatmga o‘tmoqdalar. Bu Qur’onni haqqini ado etmaslik hisoblanadi. O‘zim ham har kuni kamida ikki pora qilishga odatlanganman, bomdod namozidan avval bir-bir yarim pora tilovat qilaman.
– Farzandim qori bo‘lsin degan niyat bo‘lgan ota-onalar uchun tavsiyalaringizni aytsangiz.
Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.
Davron NURMUHAMMAD
suhbatlashdi.
Shahzod SHOMANSUROV
suratga oldi.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV