Muqaddas dinimiz Islomda barchaga birdek xitob qilinib, erkak va ayollarga tenglik ila muomala qilingan. Haq-huquqlarda birini boshqasidan ustun qo‘yilmagan. Shuningek, islom shariati umumiy shaklda aniq maqsadga erishishni ko‘zlagan bo‘lib, u “himoya” deb ataladi. Himoya esa turli jabhalarda, turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Xususan, ayollarning sha’ni, ularga taalluqli bo‘lgan barcha narsa islom dini asosida himoya etiladi. Shu sababdan ham Qur’oni karim va sunnati nabaviyda ayollarga oid haq-huquqlar, nozik va daqiq ta’riflar alohida e’tibor bilan keltiriladi, adolat, latofat va mehr ila bayon qilinadi. Shularni e’tiborga olgan holda, ayolning qiz, rafiqa va ona sifatida umr kechirishi va uning umr bosqichlarida ehtiromi va himoyasini ko‘zda tutgan oyat va hadislarni etiboringizga havola etamiz.
Islom dini ayollarning sha’nini ko‘tarib, ularning turmush tarzini go‘zallashtirgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarga o‘z erlariga itoat qilishni, erkaklarga esa jufti halollariga mehribonlik qilishni buyurganlar. Qizlarni majburlab erga berish, ularning mollarini yeyishni man qilganlar. Chunki johiliyat davrida ayollar meros ololmas, agar biror kishiga qiz farzand ko‘rganining xabari berilsa, g‘azablanganidan yuzlari qorayib, bo‘zarib ketar edi. Alloh taolo Qur’oni karimda ularning bu holatini bunday bayon qiladi:
وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُمْ بِالْأُنْثَى ظَلَّ وَجْهُهُ مُسْوَدًّا وَهُوَ كَظِيمٌ * يَتَوَارَى مِنَ الْقَوْمِ مِنْ سُوءِ مَا بُشِّرَ بِهِ أَيُمْسِكُهُ عَلَى هُونٍ أَمْ يَدُسُّهُ فِي التُّرَابِ أَلَا سَاءَ مَا يَحْكُمُونَ
“Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda, olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir (“Nahl” surasi, 58-59 oyatlar).
Qur’oni karimda “Niso” (Ayollar) nomi bilan alohida sura nozil qilingan bo‘lib, unda meros va ayollarga muomala qilish hukmlari bayon etilgani dinimizda ularning ehtirom qilinganini ko‘rsatib beradi.
Alloh taolo “Niso” surasida bunday marhamat qiladi:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ فَالصَّالِحَاتُ قَانِتَاتٌ حَافِظَاتٌ لِلْغَيْبِ بِمَا حَفِظَ اللَّهُ وَاللَّاتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلَا تَبْغُوا عَلَيْهِنَّ سَبِيلًا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir (“Niso” surasi, 34-oyat).
Alloh taolo ushbu oyati karimada soliha ayolning sifatlarini bayon qilib, ortidan itoatsizlik sodir etgan ayolga rahm-shavqat bilan, bosqichma-bosqich qilinishi kerak bo‘lgan muomala uslubi haqida ta’lim bermoqda. Bu uslub – avval chiroyli pand-nasihat, so‘ngra shunda ham itoat qilmasa, o‘rinlarini alohida qilish, bu ham kor qilmasa, qattiqroq chora – ozor bermaydigan darajada ta’zir berishga izn berilishidir. Ushbu ta’lim mehribon va rahmli bo‘lgan Alloh taolo tomonidan ayollarga bo‘lgan izzat-ikrom namunasi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Ayollarga bo‘lgan ikromning namunalaridan yana biri shuki, ushbu surada ayollar va erkaklar lafzlarining teng miqdorda keltirilganidir.
Islom erkaklarga o‘z ayollari bilan go‘zal muomalada bo‘lishni va bunda ular uchun yaxshilik borligi quyidagicha bayon qiladi:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
“Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (“Niso” surasi, 19 oyat).
Shuningdek, dinimizda ayollar ona sifatida ulug‘lanadi. Islom farzandlarni onalariga chiroyli muomalada bo‘lishga buyurib, bu orqali ayollarni ona sifatida ulug‘laydi. Alloh taolo Qur’oni karimdagi boshqa o‘rinlarga nisbatan ota-onaga yaxshilik qilish borasida kelgan oyatlarni juda ham chiroyli tarzda bayon qilgan. Jumladan, “Isro” surasining 23-oyatida:
“Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga «uff!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!” , – deya amr qilingan.
Boshqa surada esa:
“Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”, – deb buyuriladi (“Luqmon” surasi, 14-oyat).
Qur’oni karimdagi ota-onaga yaxshilik qilish borasida kelgan yana bir oyat quyidagicha marhamat qilinadi:
“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko‘tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorlik va uni (sutdan) ajratish (muddati) o‘ttiz oydir. Bas, qachonki, u voyaga yetib, qirq yoshga to‘lganida: «Ey, Rabbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va, albatta, men musulmonlardandirman», – deydi”(“Ahqof “surasi, 15-oyat).
Ushbu o‘rinda shuni ta’kidlash lozimki, Allohga osiy bo‘luvchi o‘rinlarda ularga itoat qilinmaydi. Bu haqda bunday marhamat qilinadi:
“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma’budalarni) Menga sherik qilishingga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, Men (o‘shanda) sizlarga qilib o‘tgan amallaringiz xabarini berurman”, – deb marhamat qilinadi (“Ankabut” surasi, 8-oyat).
Sunnati nabaviyyada ham onalarga yaxshilik qilishga doir ko‘plab buyruqlar kelgan bo‘lib, ba’zilarini e’tiboringizga havola etamiz.
“Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, eng chiroyli muomalamga kim haqli?” – deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, – dedilar. U kishi: “So‘ng kim?” – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, – dedilar. U kishi yana: “So‘ng kim?” – dedi. Rasululloh alayhissalom: “Onang”, – dedilar. U kishi: “So‘ng kim?” – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “So‘ng otang”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch bora “Onang”, deb aytishlari Islomda onaning sha’ni naqadar ulug‘ va hurmat-ehtiromga loyiq ekaniga dalolat qiladi. Islom shariatidan boshqa hech bir shariatda onaning qadri bunchalik baland qilib belgilanmagan.
Talha ibn Muoviya Sulamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli! Men Alloh yo‘lida jihod qilishni qasd qildim”, – deb aytdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang tirikmi?” – dedilar. Men: “Ha”, – dedim. U Zot alayhissalom: “Onangning oyoqlarini o‘zingga lozim tut (doim xizmatida bo‘l), chunki jannat o‘sha yerdadir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Darhaqiqat, islomda ayollar rafiqa sifatida ulug‘lanadi. Bu borada Rasululoh sollallohu alayhi vasallamning “Vidolashuv haji”da sahobiylarga qarata ayollar haqida aytgan vasiyatlarini keltirib o‘tishimiz juda ham o‘rinli bo‘ladi: “Ayollar borasida Allohdan qo‘rqinglar. Chunki sizlar Allohning omonati ila ularni qo‘lga kiritdingiz va Allohning kalimasi bilan ularning farjlarini o‘zlaringizga halol qilib oldingiz” (Buxoriy rivoyati).
Rasululloh alayhissalom boshqa bir hadisda: “Albatta, ayollar erkaklarning yarmi (sherigi, tug‘ishganlari)dir”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifga binoan, Islom shariati ayollarni har qanday holat va ishlarda erkaklarga sherik qilgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, ayol farzandlarni tarbiyalash, borasidagi xizmati oilani mustahkamlash yo‘lida ham erkaklarga hamroh ekanidan dalolatdir. Er-xotin o‘zaro inoq bo‘lgan oiladan sunnati nabaviy ko‘rsatib bergan yo‘lga muvofiq go‘zal xonadon paydo bo‘ladi. Bunday xonadonlar esa jamiyat binosini barpo qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli ham ayol jamiyatning yarmi deyiladi. Balki, ayol yarmidan ham ko‘proq ulushga ega. Zero, ayol bu – ona, rafiqa, qiz va opa-singildir.
Qolaversa, islomda ayollar qiz sifatida ulug‘lanadi. Nabiy alayhissalom Islomning mohiyatini bayon etib, qizlarning ulug‘ maqom sohibalari ekanini ta’kidlaganlar. Ularning huquqlarini bayon qilib, zimmalaridagi vojiblarni ko‘rsatib berish ila johiliyat davrida urfga aylanib, tarqalib ketgan qabihlik – qizlarni tiriklayin ko‘mish muammosini bartaraf qildilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadi: “Bir ayol o‘zining ikki qizini yetaklab kelib, ular uchun bir narsa so‘radi. Menda bir dona xurmodan boshqa narsa yo‘q edi. So‘ng o‘sha xurmoni ayolga uzatdim. Ayol xurmoni qizlariga bo‘lib berdi, o‘zi esa yemadi. Keyin turib chiqib ketdi. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib qoldilar. Men U zotga bo‘lgan voqeani aytib berim. U Zot: “Kim bu qizlar uchun biror narsadan tashvishlanib qayg‘ursa, (shu ishi) jahannamdan to‘siq bo‘ladi”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ayol go‘yo qalb gavhari. Ayol borki, olam munavvar. Ona – mehribonlik timsoli! Unga yaxshilik qilish esa dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishish sabablaridandir. Shunday ekan, onamizning nurli yuzlariga tabassum ila boqib, mehribonlik va oilaviy mehr-muhabbat asosida hayot kechirish barchamizga nasib etsin!
Jaloliddin Hamroqulov
Toshkent islom instituti
“Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
“Novza” jome masjidi imom-xatibi
Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida ICESCOning Boku mintaqaviy vakolatxonasi hamda Istiqbolni rejalashtirish va sun’iy intellekt markazi (Center for Foresight and Artificial Intelligence – CFAI) hamkorligida “Islom olamini kelajakka tayyorlash: strategik istiqbol qo‘llanmasini taqdim etish va moslashtirish” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida ICESCOning Boku mintaqaviy vakolatxonasi direktori Abdulhakim Al-Senan, ICESCO Bosh direktori doktor Salim bin Muhammad Al-Malik (videomurojaat orqali), Yangi Janub siyosat markazining katta ilmiy xodimi Nuja Shekruni, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Rayimqulova hamda Istiqbolni rejalashtirish va sun’iy intellekt markazi direktori Kais Hammami so‘zga chiqib, strategik istiqbolning davlat boshqaruvidagi o‘rni, sun’iy intellektning imkoniyatlari hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Mazkur tadbir ICESCOga a’zo davlatlarda strategik istiqbolni rejalashtirish salohiyatini rivojlantirish, davlat boshqaruvi va qaror qabul qilish jarayonlariga zamonaviy prognozlash usullarini joriy etish, shuningdek, global o‘zgarishlarga mos yondashuvlarni shakllantirishga bag‘ishlandi. Shu bilan birga, anjuman musulmon mamlakatlari o‘rtasida ilmiy, madaniy va innovatsion hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda islom sivilizatsiyasi merosini asrash sohasida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.
Anjuman doirasida ICESCOning Strategic Foresight Guide – strategik istiqbolni rejalashtirish bo‘yicha qo‘llanmasi rasman taqdim etildi. Ushbu hujjat tashkilotga a’zo davlatlarda milliy istiqbolni rejalashtirish imkoniyatlarini kuchaytirish, davlat siyosati, strategik rejalashtirish va boshqaruv tizimiga ilg‘or prognozlash usullarini integratsiya qilishga qaratilgan institutsional dasturiy hujjat hisoblanadi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari mazkur qo‘llanmani a’zo davlatlarning tajribasi, ilmiy yondashuvlari va milliy ustuvor yo‘nalishlari asosida yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Xalqaro anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham ishtirok etib, “Sun’iy intellekt davrida islom sivilizatsiyasi: merosni asrash, raqamli transformatsiya va xalqaro hamkorlik” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom sivilizatsiyasi merosini ilmiy o‘rganish, asrab-avaylash va uni zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, Markaz muzey, ilmiy tadqiqot, ta’lim, raqamli texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma hisoblanadi.
Ma’ruzada sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data), raqamli texnologiyalar va virtual muhitlar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda islom sivilizatsiyasi merosini asrash va uni kelajak avlodlarga to‘liq hamda haqqoniy yetkazish dolzarb vazifaga aylangani ta’kidlandi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ishonchsiz ma’lumotlarning ko‘payishi, islomofobiya holatlari va noyob qo‘lyozmalarning xalqaro bozorlarda parchalanib sotilishi kabi omillar madaniy merosni muhofaza qilish sohasida yangi yondashuvlarni talab etayotgani qayd etildi.
– Bugun madaniy merosni muhofaza qilish faqat muzeylar yoki arxivlar vazifasi emas. Bu xalqaro hamkorlik, huquqiy himoya, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini birlashtirishni talab etadigan umumiy mas’uliyatdir. Sun’iy intellekt olimning o‘rnini egallamasligi, balki uning ishonchli yordamchisi bo‘lishi lozim, – dedi Rustam Jabborov.
Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom sivilizatsiyasi merosini ilmiy o‘rganish, asrab-avaylash va uni zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, Markaz muzey, ilmiy tadqiqot, ta’lim, raqamli texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma hisoblanadi.
Shuningdek, ma’ruzada kelgusi 20–25 yilda sun’iy intellekt texnologiyalari qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, tahlil qilish, restavratsiya qilish va turli tillarga tarjima qilish jarayonlarida muhim o‘rin egallashi, muzeylar esa eksponatlarni saqlash joyidan bilim yaratuvchi intellektual markazlarga aylanishi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir ICESCOga a’zo davlatlar o‘rtasida strategik istiqbolni rejalashtirish, madaniy merosni asrab-avaylash, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda musulmon mamlakatlari o‘rtasida ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati