Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Qoradog‘iy Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilish munosabati bilan O‘zbekiston hukumati va ahliga tabrik yo‘lladi
Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilishi munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati hamda xalqiga tabrik yo‘lladi.
Ushbu tabrik video ko‘rinishida bo‘lib, mazmuni quyidagichadir:
“Alloh taologa hamdlar, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam), U zotning oila a’zolari, sahobalari hamda hidoyatga ergashganlarga Allohning salot va salomlari bo‘lsin!
Barakotli, aziz, go‘zal, biz uchun sevikli bo‘lgan O‘zbekiston hukumatidagi hurmatli aka-ukalar, opa-singillar! Sizlarni barchangizni Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza tabrik ila muborakbod etaman!
O‘zbekiston hukumatining ushbu rejalashtirgan muborak ishi – buyuk imomlardan bo‘lmish Imom Termiziy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilinishi meni juda ham xursand qildi. O‘zbekiston yurti juda ham ko‘plab muhaddislar, faqihlar va boshqa qator sohalarda yetuk olimlarni yetishtirib chiqargan. Ular sababli islom madaniyati, balki butun insoniyat madaniyati boyidi. Mana shunday yurt uchun bunday markazlarning ochilishi ajablanarli ish emas. Shuning uchun men O‘zbekiston hukumatini, shuningdek u yerdagi musulmon xalqni ushbu qilinayotgan muborak ish munosabati bilan tabriklayman. Alloh taoloning izni ila ushbu maskan nafaqat O‘zbekiston hamda uning qo‘shni davlatlari, balki butun dunyo miqyosida o‘zining ijobiy samarasini beradi, insha Alloh.
Biz Islom dininig o‘zligi, tarixi bilan shon-sharafga sazovor bo‘ldik. Shuningdek, g‘arb dunyosi ham ushbu tarix ila zafarlarga erishdi. Shuning uchun biz o‘z tariximizni o‘rganishimiz, avvalgi ulamolarimiz singari unga ergashishimiz lozim.
Islom dini mo‘tadil din bo‘lib, u faqat bunyodkorlikni xohlaydi, vayron qilishni emas, jamiyatni birlashtiradi, firqalarga bo‘lmaydi, insonlarni sevadi, ularni yomon ko‘rmaydi. Bu din o‘zbek xalqi va boshqa xalqlar uchun Allohning rahmatidir. Bu Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlari, va U zotning risolatlaridir. Alloh taolo Qur’oni karimda “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo, 107), degan.
Alloh taolo O‘zbekiston diyori – uning Prezidenti, hukumati, xalqi, olimlari, tolibi ilmlari barchasiga barakalar yog‘dirsin, ularni bundan-da ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishtirsin!Assalomu alaykum varohmatullohi va barokatuh!”
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 14 fevraldagi qarorida o‘z aksini topgan.
Qaror islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.
Ali Muhyiddin Qoradog‘iy 1949 yilda Iroqning Qoradog‘ shahrida tug‘ilgan. 1975 yilda Bag‘dod Islom institutini, 1980 yilda Qohiradagi Azhar universitetini tamomlagan. 1985 yilda Azhar universitetida Shariat va qonun yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini, 1995 yilda professor unvonini olgan. U moliyaviy muammolar, bank ishi va iqtisod kabi mavzularga oid o‘ttizdan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy maqolalar muallifidir. Hozirda Jahon musulmon ulamolar kengashining Bosh kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Manba: markaz.tiu.uz
Shu yilning 3 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Ko‘kaldosh» va «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi. Bilim yurti mudarrislari boshchiligida tashkil etilgan ushbu ma’rifiy sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ajdodlarimizning boy ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Sayohat doirasida markaz mutaxassislari tomonidan talabalar uchun maxsus mahorat darsi tashkil etilib, unda Islom sivilizatsiyasi rivoji, yurt allomalarining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi va qadimiy qo‘lyozmalar bilan ishlash usullari haqida muhim ma’lumotlar berildi.
So‘ngra talabalar markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, zamonaviy interaktiv ko‘rgazmalar hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi ulug‘ zotlar hayotiga bag‘ishlangan bo‘limlarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar.
Bu kabi tadbirlar bo‘lajak diniy soha xodimlarini vatanparvarlik, ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati