Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim o‘n ikki rakat sunnat nomozlarni bardavom o‘qib yursa, Alloh unga jannatda bir uy bino qiladi. Peshindan oldin to‘rt rakat, peshindan keyin ikki rakat, shomdan keyin ikki rakat, huftondan keyin ikki rakat, bomdoddan oldin ikki rakat”. Imom Termiziy rivoyat kilib, bu bobda Ummu Habiba, Abu Hurayra, Abu Muso va ibn Umar roziyallohu anhumlardan ham hadis rivoyat qilingan deganlar. So‘ngra Ummu Habiba roziyallohu anhoning ham hadislarini keltirib, uni sahih deganlar. Imom Muslim ham Ummu Habiba roziyallohu anhodan ushbu hadisni rivoyat qilgan va hadisning oxirida Ummu Habiba onamizning: “Shundan buyon ularni doim o‘qiyman” deganlarini rivoyat qilgan. Ko‘rinib turibdiki, nafl ibodatlarni, xususan farzlardan oldinga va keyingi sunnat namozlarning fazilati juda ulug‘. Shuning uchun imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining mazhablarida nafl namozlariga alohada ahamiyat qaratilgan. Chunki namoz bandaning qiyomatda najot topishga asosiy omili. Shunday ekan uni o‘z vaqtida va mukammal ado etish farzdir. Mobodo vaqtida o‘qiy olmasa qazosini o‘qish lozim bo‘ladi. Ammo bir inson qazosini ham o‘qiy olmay vafot etsa, Alloh taoloning fazli ila ado qilinmagan farzlarning o‘rnini nafllar bilan to‘ldiriladi. Imom Nasoiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bandaning qiyomatda birinchi hisob qilinadigan amali namozidir. Agar to‘la bo‘lsa, to‘liq deb yoziladi. Agar unda kamchiligi bo‘lsa: Qaranglarchi, zoya qilgan(o‘tkazib yuborgan) farzlarini to‘ldiradigan nafllarini topasizmi deydi. So‘ngra boshqa amallar ham shunga ko‘ra bo‘ladi”. Deganlar. Mazhabboshimiz tutgan, ajdodlarimiz asrlar davomida unga og‘ishmay amal qilib kelayotgan yo‘l naqadar go‘zal! Tasavvur qilib ko‘ring, ellik yildan buyon namoz o‘qiyotgan insonning uni to‘ldiradigan yana ellik yillik nafl ibodati bor. Ammo afsuski bugun ba’zi yoshlarimizni sunnat namozlariga beparvo qarashayotganini ko‘ramiz. Bunga go‘yoki ishlari ko‘pligini bahona qiladilar. Ammo ko‘chada do‘sti bilan soatlab gaplashishga vaqti bor. Vaholangki to‘rt rakatli namozga bor-yo‘g‘i besh daqiqa kifoya. Ushbu maqolani yozish asnosida bir yigit kelib internetdan Oisha onamizdan rivoyat qilingan yuqoridagi hadisni o‘qiganini aytib, haqiqatdan ham shunday hadis bor-yo‘qligini, agar bor bo‘lsa, mazkur o‘n ikki rakat namozni o‘qilish tartibi haqida so‘radi.
Bugun biz uchun odatga aylangan sunnat namozlari, ayni o‘sha hadisda fazilati zikr qilingan nafl ibodatlardir. Ularni bardavom o‘qib yurgan insonga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jannatda uy va’da qilmoqdalar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yaxshi bilgan, sunnatga muvofiq hayotlari bilan butun dunyoga ustoz bo‘lgan ajdodlarimiz bunga avvalo o‘zlari qattiq amal qilishgan, qolaversa bizga ham buni ta’lim berib ketishgan. Balki fazilatlarini bilmagandirmiz, ammo namoz o‘qishni o‘rgangan ilk chog‘larimizdanoq farz namozlari bilan birga mazkur sunnatlarni ham qo‘shib o‘qishni ustozlarimizdan ta’lim olganganmiz. Yoshlarimiz ham ilmda, taqvoda dunyoga ustoz bo‘lgan ajdodlarimizning yo‘llaridan yurib, ularga munosib farzand bo‘lishga intilsalar, albatta ikki dunyo saodatiga yetishamiz.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,
“Novza” jome’ masjidi noibi imomi A. Sobirov.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati