Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

Zaynab binti Xuzayma

02.03.2017   14859   1 min.
Zaynab binti Xuzayma

Zaynab roziyallohu anho hijratdan yigirma sakkiz yil oldin (melodiy besh yuz to‘qson oltinchi yili) tug‘ilganlar.

Otalari: Xuzayma ibn Horis ibn Abdulloh ibn A’mr ibn Abdumanof ibn Hiloldir.

Onalari: Hind binti A’vf ibn Zuhayr ibn Hammatoh ibn Jurshdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hafsa binti Umar ibn Xattob roziyallohu anhoga uylanganlaridan so‘ng Zaynab roziyallohu anhoga hijratni uchinchi yili Ramazon oyida uylandilar. Zaynab onamiz mo‘mina, taqvodor, soliha, har qanday og‘ir sharoitlarda sabr qiluvchi ayol edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ayolning sabru matonatini eshitib hamda eri vafot etganidan so‘ng uni o‘z qaramog‘iga oluvchi, uni himoya qilib, ko‘mak beruvchi birorta kishi  qolmaganidan xabardor bo‘lib, unga ulug‘ marhamat ko‘rsatdilar. Ayolning chin musulmonligi, Islom yo‘lidagi harakati, sabr-matonati va din yo‘lida unga yetgan musibatlari evaziga Zaynab roziyallohu anhoga yaxshilik iroda etdilar va unga sovchi bo‘ldilar. Shu tariqa homiysi va qarovchisidan ayrilgan beva ayolning musibatlarini yengillatish maqsadida uni o‘z qaramog‘lariga oldilar. Zaynab roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir yilgina umr kechirdilar.

Hijratning to‘rtinchi (melodiy olti yuz yigirma oltinchi) yili Madinai munavvarada vafot etib, Baqe’ qabiristoniga dafn qilindilar.

Manbalar asosida

Tojiddinov Abdussomad

Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   6256   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari