Maymuna roziyallohu anho hijratdan oldin (melodiy besh yuz to‘qson to‘rtinchi yili) tug‘ilganlar.
Maymuna binti Horis roziyallohu anhoning otasining ismi: Horis ibn Hazn ibn Bujayr ibn Hazm ibn Ruvaybah ibn Abdullohdir.
Maymuna binti Horis roziyallohu anhoning onasining ismi: Hind binti A’vf ibn Zuhayr ibn Hammaatoh ibn Jurshdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Maymuna binti Horis roziyallohu anhoga hijriy yettinchi yilning oxirlarida uylandilar. Bu muborak turmush Makkai Mukarramada, Umratul Qazo arafasida bo‘lgan edi.
Maymuna roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oxirgi uylangan ayollaridir. Maymuna roziyallohu anho o‘zining taqvodorligi va ser ibodatligi bilan mashhur edi. Oyisha roziyallohu anho uning xaqida: “Maymuna bizlarning oramizdagi Allohga eng takvodorrog‘imiz va qarindoshlar bilan aloqasi eng ko‘prog‘imiz edi”, deydi.
Maymuna roziyallohu anho va opa-singillarining iymoni baquvvat ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari guvohlik berganlar.
Tabuk jangida Maymuna roziyallohu anho yaradorlarga yordam ko‘rsatar, bemorlarga hamdardlik bildirar edi.
Rivoyat qilinishicha, Maymuna roziyallohu anho ayollardan birinchi bo‘lib “tez yordam” guruhini tuzgan ayol edi. U jarohatlanganlarga malham qo‘yib, kerakli ko‘maklarni yetkazishni yo‘lga qo‘ygan edi. Jang paytida Maymuna roziyallohu anho yaradorlarga suv tarqatib yurganida, unga dushman o‘qi tegib, yaralanadi. Biroq Allohning inoyati va mehribonligi ila u omon qoladi. Maymuna roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamning amakilari Abbos roziyallohu anhuning xotini Lubobai Kubroning singlisi, Abdulloh ibn Abbosning xolasi edi.
Maymuna roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan 76 ta hadis rivoyat qilganlar.
Hijriy ellik birinchi (melodiy olti yuz yetmish uchinchi) sanada Maymuna binti Horis roziyallohu anho, Makkai Mukarrama ziyoratiga borib qaytayotganda, vafot etdilar.
Manbalar asosida
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Qatarning “Al Jazeera” nashrida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforum haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqola muallifi, xalqaro mediaforumda ishtirok etgan Muhammad A’moriyning ta’kidlashicha, yaqinda Toshkent shahrida bunyod etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi mediaforum ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan.
Markazda O‘zbekiston hududida islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, tarixiy yodgorliklar, qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar hamda buyuk allomalar merosi o‘rin olgan. Muzeyda qariyb 8 mingta tarixiy ashyo va eksponat saqlanishi, ular orqali Movarounnahr xalqlarining qadimgi davrlardan boshlab ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi namoyish etilgan.
Maqolada yozilishicha, muzey ekspozitsiyalari asosan to‘rt muhim tarixiy davrni qamrab olishiga e’tibor qaratilgan. Bular – islomdan oldingi davr, Movarounnahrdagi birinchi uyg‘onish davri, Temuriylar davri va Islom sivilizatsiyasiga oid qimmatli Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etilgan zaldir.
Ushbu majmuada Usmon Mus'hafiga alohida o‘rin berilgan. Shu bilan birga, muzeyda qadimgi shaharlar, Buyuk Ipak yo‘li, haj an’analari, Ka’ba va uning muqaddas yodgorliklari bilan bog‘liq eksponatlar ham taqdim qilingan.
Materialda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk allomalar – Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek, Kamoliddin Behzod, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi tarixiy shaxslarning ilm-fan, din, madaniyat, san’at va davlatchilik rivojiga qo‘shgan hissasi keng yoritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati