AYOLLAR ISLOM NIGOHIDA
بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Islom dini hayotda ayol sha’nini ulug‘laydi. Ayol deganda ko‘z oldimizda onalarimiz, turmush o‘rtog‘larimiz, opa-singillarimiz va qizlarimiz ko‘z o‘ngimizga keladi. Qur’oni karimda ayollar haqida alohida "Niso"(Ayollar) surasi kelgan. Aziz va mukarram bo‘lgan inson zoti yer yuzida o‘zidan ko‘payib va o‘ziga berilgan vazifani ado etishi uchun Xaq taolo O‘zining insonga o‘z jinsidan hayot yo‘ldoshi, qalbi sururi va muhabbati timsoli qilib juftini yaratdi. Alloh taolo Niso surasida shunday xabar beradi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ نَفْسٍ وَاحِدَةٍ وَخَلَقَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَبَثَّ مِنْهُمَا رِجَالًا كَثِيرًا وَنِسَاءً وَاتَّقُوا اللَّهَ الَّذِي تَسَاءَلُونَ بِهِ وَالْأَرْحَامَ إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلَيْكُمْ رَقِيبًا
(سورة النّساء/1)
ya’ni: “Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo‘rqingiz! Shuningdek, o‘rtalaringizdagi o‘zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir”.
Jamiyatining bir qismini ayollar tashkil etar ekan, hayotda turmush yumushlarining ko‘p qismi ular zimmasidadir. Agar ayol hayotda ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lsa demak, jamiyat sog‘lom bo‘ladi. Chunki, kelajakning mevasi bo‘lmish farzandlar onalar sababli dunyoga keladilar. Ularga boshlang‘ich ta’lim-tarbiya va odob-axloqni onaxon-momoxonlarimiz o‘rgatadilar. Shunday ekan, kelajak avlodning solih bo‘lishligi bugungi kun ayollarining soliha bo‘lishlariga har jihatdan bog‘liqdir. Hikmatlarda: "Har bir buyuk shaxsning ortida ayol bor" deyilgan.
Ayol kishi avvalo, Ona sifatida qadrlanadi. Sarvari koinot Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda:
" اَلْجَنَّةُ تَحْتَ اَقْدَامِ الْاُمَّهَاتِ "
(رواه الخطيب)
ya’ni: “Jannat – onalar oyog‘i ostidadir”, - deb marhamat qilganlar.
Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy hazratlari ushbu hadisni shunday bayon etgan ekanlar: “Jannat ravzasiyu bog‘lari onalar oyog‘i ostidadir, lekin ravzani ko‘rmoq va undan bahramand bo‘lmoq baxtiga erishmoqni istar bo‘lsang, onalar oyog‘i ostida tuproq bo‘lishni ixtiyor qil”. Chunki onalar yomonlikni hech kimga ravo ko‘rishmaydi, ular dunyoni tugal va mukammal ko‘rishni xohlaydilar, farzandlari ilmli, dono, zukko va albatta, sog‘lom voyaga yetishini, farovon hayotda umrguzaronlik qilishini istaydilar. Bolalar boshida alla aytganlarida “Tinch uxla, tinching hech qachon buzilmasin!” deya niyat qiladilar. Demakki, har bir go‘dak tug‘ilgan xonadonda ayollar tinchlik va xotirjamlik uchun aytiladigan eng yorqin, go‘zal va betakror tiriklik qo‘shig‘i – allani kuylaydilar.
Islom shariati ayol zotini ulug‘lab, uni eriga vafodor va yordamchi, farzandlarga mehribon ona sifatida qadrlaydi. Ayol sha’nini yuqori darajaga ko‘tarib, uni madh etadi va insonlarni ayolga yuksak ehtirom va shafqat ko‘rsatishga chaqiradi. Hadisda aytilganidek: Ayollarga erkaklar o‘z tug‘ishgan opa-singillari kabi munosabatda bo‘lishlari kerak. Alloh taolo Ankabut surasining 8-oyatida xabar berib shunday deydi :
وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حُسْنًا ...
(سورة العنكبوت/8)
ya’ni: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik...”.
Alloh taolo boshqa bir oyati karimada ota-onaga yaxshilik qilishni buyurar ekan, ayniqsa onaning homilador bo‘lish davrini mashaqqat bilan o‘tkazishi va uni dunyoga keltirib, emizib, katta qilishdagi qiyinchiliklarga bardosh berishi haqida xabar berib bunday deydi:
وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حَمَلَتْهُ أُمُّهُ وَهْنًا عَلَى وَهْنٍ وَفِصَالُهُ فِي عَامَيْنِ أَنِ اشْكُرْ لِي وَلِوَالِدَيْكَ إِلَيَّ الْمَصِيرُ
(سورة لقمان/14)
ya’ni: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”.
Muhtaram jamoat! Onaning hurmati va darajasi naqadar ulug‘ va kattaligi haqida janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan bir qator hadisi shariflar rivoyat qilingan. Jumladan, Abu Hurayra (rz.)dan rivoyat qilinadi, bir kishi hazrat Rasul Akram (s.a.v.) huzurlariga kelib: “Ey Allohning rasuli! Mening chiroyli muomala qilishim uchun insonlarning qaysi biri haqliroq?”, - deb so‘raganida, u zoti sharif: “Onang”, - dedilar. “Undan keyin kim?”, - dedi. “Onang”, - dedilar. “Keyin kim?”, - dedi. Yana: “Onang”, - dedilar. “Keyin kim?”, - dedi. “Otang”, - dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Hadisi sharifda onalarning yuqorida tilga olingan homiladorlik, tug‘ish va emizib bola boqish davridagi qiyinchilik, azob va mashaqqatlari uchun uch bosqichdagi holatiga muvofiq “Onang”, - deyilishi onalarimizga har qancha hurmat va izzat ko‘rsatilsa ham kifoya etmasligiga dalolat qiladi.
Boshqa bir hadisda ona kim bo‘lishidan qat’iy nazar unga silai rahm qilish, mehribonchilik ko‘rsatish va hurmat qilish vojibligi aytilgan. Asmo binti Abu Bakr (rz.)dan rivoyat qilinadi, hazrat Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida mening huzurimga mushrika onam keldi. Men hazrati Rasululloh (s.a.v.)dan:
"عَنْ أَسماء بنت أبي بكر رضي الله عنهما قالت: قَدِمَتْ عَلَيَّ أُمِّي وهي مُشْرِكَةٌ فيِ عَهْدِ رسول الله صلى الله عليه وسلم فَاسَْتَفْتَيْتُ رسول الله صلى الله عليه وسلم، قلتُ: إِنَّ أمِّي قَدِمَتْ، وهي رَاغِبَةٌ أَفَاصِلُ أُمِّي ؟ قال: نعم، صِلِى أُمَّكِ"
(متفق عليه).
ya’ni: “Onam mendan bir narsa umidida uyimga kelibdi. Unga silai rahm yuzasidan ehson qilsam bo‘ladimi?”, - deb so‘radim. U zoti bobarakot: “Ha, onangga silai rahm qilaver”, - dedilar (muttafaqun alayhi).
Ha, ota-ona, xususan mehribon va mushfiq onaning farzandda haqqi ko‘pligini yaxshi bilamiz. Bunga Ibn Moja Abu Umomadan rivoyat qilgan quyidagi hadisi sharif misol bo‘la oladi. Bir kishi hazrat Rasul Akram (s.a.v.)dan ota-onaning farzanddagi haqqi to‘g‘risida so‘radi. Ul zot javob berib:
" هُمَا جَنَّتُكَ وَ نَارُكَ "
ya’ni: “Ota-ona sening jannating yoki do‘zaxingdir (ya’ni, ularni rozi qilsang jannatga kirasan, agar ularni ranjitadigan bo‘lsang do‘zaxga ravona bo‘lasan”, - deb javob berdilar.
Muhtaram jamoat! Tarixdan ma’lumki, buyuk soliha ayollarning hayotlariga nazar tashlasak, ular erlariga qanchalik yordam berganlarini, er-xotinlik hayotidagi barcha yumushlarni ixtiyoriy ravishda, chin ixlos bilan ado etganlarini ko‘ramiz. Hazrat Rasul Akram (s.a.v.) qizlari Fotimai Zahro erlari Hazrat Ali (k.v.)ning uylaridagi barcha xizmatlarni ado etishni o‘zlariga sharaf deb bilganlar. U zotning bu go‘zal sifatlari barcha zamon va makonlardagi hamma muslima ayollarga namuna bo‘ldi. Shuningdek, Hazrat Abu Bakr (rz.)ning qizlari, Zubayrning xotini Asmo binti Abu Bakr erlariga xizmat qilish va ro‘zg‘or yumushlarini bekamu ko‘st bajarishdan aslo charchamaganlar.
Ayol erining oilaviy ishlarida yordamchi sifatida unga ko‘makchi bo‘lish bilan birga oila, farzand tarbiyasi kabi ishlarda mas’ul. Oqila ayol beka bo‘lgan oilada do‘stlik, inoqlik va muhabbat rishtalari mustahkamlanadi hamda oila a’zolarining barchalari saodat, huzur-halovat va farovonlikda yashaydi.
Hozirgi zamon musulmon ayoli nafaqat ijtimoiy hayotda, balki ilm-ma’rifat, ma’naviyat va madaniyat sohalarida ham kamolotga erishish orqali eriga muxlis, soliha, vafodor ayol, farzandlarga mehribon ona, hamma ishni eplaydigan uddaburon bo‘lishi lozim.
Dinimiz ta’limoti erkaklarga o‘z ayollari bilan xushmuomala bo‘lib hayot kechirishni buyuradi. Bu haqda Alloh taolo amr etib bunday deydi:
...وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
(سورة النّساء/19)
ya’ni: “...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”.
Sarvari koinot Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar:
" خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْليِ "
(رواه الترمذي)
ya’ni: “Sizlarning ichingizdagi eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganidir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman”.
Muhtaram azizlar, sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas dargoh sanalgan. Agar oila sog‘lom va mustahkam bo‘lsa, mahallada tinchlik va hamjihatlikka erishiladi. Zero, oila farovonligi – milliy farovonlik asosidir. Oila haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, ko‘z o‘ngimizda Ona siymosi shakllanadi. Nima deganda oila muqaddasligini ta’minlovchi birinchi omil – Ona, ahli ayolning pokizaligi, oqilaligi, mehru muruvvati, sadoqati va vafodorligidir.
Oilada ayol kishining o‘rni deganda faxr bilan aytamizki, bugungi kunda ham o‘zbek oilalari, xususan onalarimiz, ayollarimiz oilaning sog‘lom iqlimi, oila bag‘rida farzandlarini el-yurtining munosib o‘g‘il-qizlari, Vatanining haqiqiy sodiq fuqarosi bo‘lib voyaga yetishlariga jon kuydirmoqdalar.
Shuni mamnuniyat bilan ayta olamizki, Allohga shukrki, mamlakatimizda ayol zotining hurmat, ehtiromi va nufuzini, xotin-qizlarning turli jabha va yo‘nalishlarda qilayotgan ishlarini munosib baholanadi va qadrlanadi, har qaysi xonadonning uy bekasi bo‘lmish opa-singillarimizning og‘irini yengil qilishga doimiy ravishda alohida e’tibor qaratiladi. Shuning uchun ham mamlakatimizda “Ayollar yili”, “Sog‘lom ona va bola yili” deb nomlanib, uning asosida qabul qilingan Dasturlar orqali oilada mehr-muhabbat va o‘zaro hurmat muhiti, onalikni muhofaza qilish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun hamda kundalik ro‘zg‘or yumishlarini yengillashtirish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratib kelinmoqda.
Kelayotgan haftada bir kun borki, u ham bo‘lsa 8 mart kuni. Butun dunyo xalqlari ayol huquqi va hurmatini joyiga qo‘yish maqsadida bir yilda bir kunni onalarimiz, opa-singillarimiz va turmush o‘rtoqlarimiz uchun ajratib ko‘ngillarini bir ko‘tarib qo‘yaylik degan maqsadda, ya’ni yaxshi maqsadda bayram kuni deb belgilab qo‘yilgan. Binobarin, buni to‘g‘ri qabul qilib, bu kunni bayramona kayfiyat bilan o‘tkazishligimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Alloh taolo barchalarimizni ota-ona rizosini topishga, keksa va tabarruk momolarimiz, onaxonlarimizni e’zozlashga va ularning duolarini olib, ularni xizmatida qoim turishga, ota-onalarimizni, opa-singillarimiz, ayollarimiz, qizlarimizni har vaqt e’zozlab, hurmat qilishga, ularga mehribonlik va muruvvat qanotini yozishga muvaffaq aylasin! Omin.
May oyida saraton hayotimizga ruxsatsiz kirib keldi...
U otamning ko‘kragida boshlandi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Keyin kasallik suyaklariga ham tarqaldi.
Maydan dekabrgacha bo‘lgan olti oy davomida hayotim butunlay o‘zgardi. Doimiy tekshiruvlar, shifokor qabuli, kasalxonalar, eng yaxshi mutaxassislarni izlash va turli dori-darmonlar...
Bu olti oy davomida butun hayotim otamga g‘amxo‘rlik qilish atrofida aylandi.
Men otamning asta-sekin kuchsizlanib borayotganini ko‘rdim. Avvaliga hassa bilan yurardi. Keyin yurish moslamasi bilan. So‘ngra nogironlar aravachasiga o‘tirdi. Oxiri esa to‘shakka mixlanib qoldi.
Kuch-quvvat timsoli bo‘lgan otangizni shu ahvolda ko‘rish inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri ekan.
Shu qiyin kunlarning birida kasalxonada meni hayratga solgan voqea yuz berdi.
Men otamning oldiga har kuni borardim. Ba’zan ishdan keyin, gohida esa uydan to‘g‘ri kasalxonaga kelardim. Shuning uchun kiyimlarim ham har xil bo‘lardi: rasmiy ham, oddiy ham.
Bir kuni shippakda bordim. Otam bilan biroz o‘tirdik. Keyin u kishi qahva so‘radi. Men oshxonaga tushdim.
Navbatda turganimda orqamdagi bir yigit meni boshdan-oyoq kuzatib turdi. Keyin:
— Siz televizorda chiqadigan odammisiz? deb so‘radi.
— Ba’zan, dedim.
U esa:
— Rostini aytsam, siz haqingizdagi fikrim o‘zgarib ketdi. Men sizni boshqacharoq tasavvur qilardim, — dedi.
— Nega? — dedim.
— Kasalxonaga shippak kiyib kelibsiz-ku, — dedi.
O‘sha paytda ruhiy holatim juda og‘ir edi. Bir necha oylik tashvishlardan charchagan edim.
Men unga:
— Otam saraton bilan kurashyapti. Siz esa menga poyabzal haqida gapiryapsizmi? — dedim.
Ichimda g‘azab qaynardi. Keyin o‘zimni bosib:
— Birodar, har bir gapning o‘z vaqti va joyi bo‘ladi. Ayniqsa kasalxonada. Bu yerdagi har bir insonning o‘z dardi bor, — dedim.
Voqea tugadi. Ammo mening ichimda tugamadi.
Qahvani olib, otamning oldiga qaytdim. Otam mening asabiyligimni darrov sezdi.
Hammasini aytib berdim.
Otam so‘zlarimni xotirjam tingladi va bunday dedi:
— Agar sen noto‘g‘ri ish qilmaganingga ishonching komil bo‘lsa, nega bir begona odamning gapi sening ruhiyatingga ta’sir qilishi kerak?
Men:
— Lekin uning gaplari meni qattiq ranjitdi, — dedim.
Otam biroz sukut saqlab:
— Nega uning sen haqingdagi fikri sen uchun shunchalik muhim? Sen ruhiyatingning kalitini uning qo‘liga topshirib qo‘yding. Odamlarga ruhiyatingning kalitini berma. Agar bersang, ular seni xohlaganicha boshqaradi, dedilar.
So‘ng qo‘shimcha qildi:
— Eng muhimi, sen o‘zingdan mamnun bo‘l.
Ruhiyatingning kalitini o‘zingda saqla. Uni hech kimga berma.
Biz qahvamizni ichishda davom etdik.
Men unga:
— Qani endi men ham sizdek xotirjam bo‘lishni o‘rgansam, — dedim.
U kishi jilmayib:
— Inshaalloh, o‘g‘lim. Agar xohlasang, albatta o‘rganasan, — dedilar.
Butun bu hikoyaning xulosasi bitta:
“Ruhiyatingiz — uyingizdir. Uning kalitini hech qachon boshqalarga bermang”.
Otam vafot etganlaridan keyin yana bir haqiqatni angladim:
Bu dunyoda ota o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.
U haqda qancha she’r yozmang, qancha so‘z aytmang, baribir kam.
Otangiz tirik ekan, uni qadrlang. Duosini oling. Chunki qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar endi hech narsani o‘zgartirmaydi.
Davron NURMUHAMMAD