Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

Umraga boruvchi ayollarga tavsiyalar

24.02.2017   23933   5 min.
Umraga boruvchi ayollarga tavsiyalar

Umra – Qur’on oyati va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam sunnatlari bilan sobit bo‘lgan amaldir. Umraga boruvchilar orasida ayollar ham bo‘lgani bois quyida ularga xos bo‘lgan masalalar zikr qilinadi:

  • Ayollar ehrom holatida boshlarini yopadilar, yuzlari esa ochiq holda bo‘ladi. Ko‘ylaklar gulsiz, sidirg‘a, ichi ko‘rinmaydigan darajada bo‘lishi, tor va qora rangda bo‘lmasligi  talab etiladi.
  • Sochlar doimo ro‘mol tagida bo‘lishi kerak. Sochlar ibodat chog‘ida halaqit qilmasligi uchun turmaklanadi yoki biror narsa bilan bog‘lab olinadi.
  • Ayollar talbiyani maxfiy, ya’ni past ovozda aytadilar. “Labbaykallohumma labayk, labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda val-ne’mata laka val mulk, laa shariyka lak”
  • Mehmonxonalardagi xonalar taqsimotida tartibli bo‘lish talab etiladi. Mehmonxonada oz vaqt bo‘lishlikni, umraga nima maqsadda borishlikni doim yodda saqlagan holda ellikboshining ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish shart.
  • Mehmonxonalardagi xonalar ozodaligiga e’tibor berish, suvni isrof qilmaslik talab etiladi.
  • Mehmonxonalarda ham satri avrat qoidalariga amal qilish lozim.
  • Oshxonadagi tartib-intizomga qat’iy rioya qilish kerak.
  • Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (ko‘krak nishoni) va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)si doim yonida olib yurish kerak.
  • Ibodat yoki boshqa holatlarda mehmonxonadan tashqariga chiqiladigan bo‘lsa, kalitni topshirib ketish zarur.
  • Ibodatlar uchun masjidda qolinadigan bo‘lsa yoki boshqa ishlar yuzasidan ellikboshini ogohlantirib qo‘yish lozim.
  • Ayollarning hayz kunlari boshlanib qolsa, duo va talbiya o‘qib ehromga kiradilar. Lekin Ka’ba tavof qilinmaydi, namoz, Qur’on o‘qilmaydi. Safo va Marva sa’yini ado etaveradi. Salovat, duo va tasbehlar aytish mumkin.  Umra ziyorati hayz kunlariga to‘g‘ri kelib qolsa ayol shifokorlar bilan maslahatlashib  ish ko‘riladi.
  • Ayollar kamida uch kishi bo‘lib yurishi, kechasi yolg‘iz yurmasliklari lozim. Masjid uzoqda bo‘lsa, shaxsiy avtomobillarga o‘tirmaslik, faqat taksilardan foydalanish tavsiya etiladi.
  • Masjidul Nabaviydagi bir rakaat namozning savobi ming rakaat namozga, Masjidul Haramdagi bir rakaat namozning savobi esa yuz ming rakaat namoz savobiga tengligini doimo esda saqlab, vaqtni g‘animat bilib, doimo ibodatda bo‘lish kerak.
  • Safo va Marva sa’yi asnosida (ikki yashil ustun orasida) yugurish ayollar uchun sunnat emas.
  • Umra oxirida ayollarning sochlaridan, soch uchidan bir barmoq aylantirarlik uzunligida soch kesiladi. Soch uzun bo‘lsa, sochning uchidan, soch kalta bo‘lsa o‘ng tomonda qaychi bilan kesiladi. Ehromga kirishdan oldin shularni hisobga olish kerak.
  • Umraga boruvchi ayollar ibodat vaqtida ulkan ajrlar berilishi hisobga olib, birovlarning haqiga, moliga hiyonat qilmaslik, atrofdagilar bilan janjalmaslik, o‘zi va boshqalar uchun savobli amallar qilishga harakat qilishi talab qilinadi.
  • Begonalardan audio, video tasmalar, turli kitoblar olmaslik talab etiladi.
  • Hamxonalarda keksalar bo‘lsa, qo‘ldan kelganicha yordam berish tavsiya etiladi.
  • Biz Abu Hanifa mazhabiga muvofiq ibodat qilamiz, shuning uchun ibodat vaqtida boshqa mazhabdagi ayollarning namoziga e’tibor bermaslik talab etiladi.
  • Hozirgi vaqtda tasbehlar, joynamozlar o‘zimizning yurtda ham serob bo‘lgani bois aeroport ma’muriyati tomonidan talab etilgan me’yordan ortiq yuk olmaslik talab etiladi.
  • Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida yoki Ka’baga matolarni turli niyatlarda surtish,  Uhud tog‘i tuprog‘idan olib ketish, Uhud tog‘iga qarab namoz o‘qishning bid’at amallardan ekanini aniq bilish zarur.
  • Samolyotda, mehmonxonalarda, masjidlardagi tahoratxonalarda pokizalikka qat’iy e’tibor berish talab etiladi.
  • Umra ziyoratiga borayotganlar nima maqsadda ketayotganligini aniq bilib olishlari, shuningdek, ibodat vaqtlarida ayollarni pardozlanib yurishlari man etiladi.
  • Ibodatlarni tugatib mehmonxonaga qaytish yo‘li yoddan ko‘tarilgan vaqtda sarosimaga tushmaslik, yaqin atrofdagi politsiya yoki biron kishiga beyjik va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)ni ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir.
  • Shifokorlar doim xizmatda bo‘lganligi bois o‘zingizmi, hamxonangiznimi tobi qochib qolsa, darrov shifokorga murojaat qilish zarur.
  • Mehmonxonalarda yuk yo‘qolish kabi hodisalar bo‘lganida, darhol ellikboshiga murojaat qilish kerak.
  • Toshkent aeroportiga qaytib kelingandan keyin jomadon yoki yuklar yo‘qolgani ma’lum bo‘lsa, jomadon uchun berilgan chiptani ellikboshi bilan birgalikda aeroport ma’muriyatiga topshiriladi.
  • Umra ziyoratidan qaytib kelgandan keyin musulmon kishiga xos bo‘lgan ishlarni mukammal bajarishda, mahalla va jamoat ishlarida, to‘y va ma’rakalarni isrofgarchiliksiz o‘tkazish, yoshlar tarbiyasida ibrat bo‘lishlari tavsiya etiladi. Xayrli amallarda davomli bo‘lish ikki dunyo saodatiga erishtiradi.

 Umra amallaringiz Alloh taolo dargohida husni maqbul darajasida bo‘lishini tilab qolamiz.

 Munira ABUBAKIROVA

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi  mutaxassisi

Haj va umra
Boshqa maqolalar

Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

7.01.2025   2140   2 min.
Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!

Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV