Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Hadislarda samoviy dinlar talqini

22.02.2017   19792   12 min.
Hadislarda samoviy dinlar talqini

Bugungi globallashuv jarayoni, irqi, millati, dini va urf-odatlari turlicha bo‘lgan kishilarning muayyan manfaatlar yuzasidan hamkor va hamjihat bo‘lishi zarurligini taqozo etmoqda. Turli din vakillarining bir jamiyatda tinch-totuv hayot kechirishlari hamda dinlar bilan bog‘liq nizo va kelishmovchiliklarning yuzaga kelmasligi uchun diniy ta’limotlarning asl mohiyatini chuqur mulohaza qilish zarur. Haqiqiy diniy ta’limotlar asrlar davomida insoniyatni faqatgina ezgu maqsad va g‘oyalar atrofida birlashtirib, o‘zaro hamjihatlikka, tinchlik va farovonlikka undab kelayotgani barchamizga ma’lum. Dinning mohiyatini to‘g‘ri anglamaslik natijasida, bir dinga e’tiqod qiluvchilarning boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik, ularni kamsitish va tahqirlash, ularga hurmatsizlik bilan qarash kabi illatlar yuzaga kelishi mumkin. Bular o‘z navbatida, jamiyat kishilarining birdamligiga raxna soluvchi zararli oqibatlarga olib kelishiga sabab bo‘ladi.

Bir necha din vakillari orasidagi muomala va munosabatlarni hammaga ma’qul bo‘ladigan tarzda yo‘lga qo‘yish maqsadida, “Diniy bag‘rikenglik”, “Dinlararo muloqot”, “Tolerantlik” kabi bir qancha masalalar o‘rtaga tashlandi. Turli din vakillari bilan muomala va munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda zarur bo‘ladigan diniy tamoyillarni o‘rganish maqsadida, XIX asrdan boshlab G‘arbda “Dinshunoslik” sohasi mustaqil fan sifatida o‘rganila boshlandi (Bu fan bizning diyorlarimizda Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va boshqa buyuk daholar davridanoq boshlanib hayotga tadbiq etilgan edi). Shu zaylda, “Qiyosiy dinshunoslik”, “Dinlar tarixi”, “Din fenomenologiyasi”, “Din antropologiyasi”, “Din falsafasi” kabi bir qator mustaqil sohalar yuzaga keldi. Bu jarayon bugungi kunda ham izchillik bilan rivojlantirib borilyapti.

Aslida, birlamchi va sof manbalar orqali dinlar tarixini ilmiy nuqtayi nazardan o‘rganilishi, ular haqida paydo bo‘lgan asossiz va uydirma mulohazalardan holi bo‘lish imkonini beradi. Dinlar tarixi, ilmining asl mohiyatidan bexabar bo‘lgan ayrim kimsalarning yuzaki ma’lumotlariga aldanib qolishdan saqlaydi. Ayniqsa, hozirda islom dinini insonlarga yomon ko‘rsatish maqsadida paydo bo‘layotgan turli oqimlar va ularning g‘oyalaridan yiroq bo‘lishga yordam beradi.

Ma’lumki, samoviy dinlar haqida Qur’oni karimning bir necha oyatlarida zikr qilingan. Islom dinidan oldingi dinlar haqidagi oyatlar mazmunini, nozil bo‘lish sababini va ularning ma’nolarini o‘rganish, anglab yetishda, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sunnat va hadislari eng muhim manba bo‘lib hizmat qiladi.

Shu o‘rinda, Alloh taoloning bashariyat uchun joriy qilgan dinlarida o‘zaro aloqadorliklar mavjudligini alohida qayd etish lozim. Muhammad (s.a.v.) so‘nggi payg‘ambar qilib yuborilishlari haqidagi xabar, oldingi muqaddas kitoblar orqali yahudiy va nasroniy olimlariga yaxshi ma’lum bo‘lgan. Mashhur tarixchi olim Ibn Hishomning ma’lumotiga ko‘ra, Shomlik (Suriya) rohib Buhayro, Xadicha binti Huvaylid (roziyallohu anho)ning qarindoshlari Varaqa ibn Navfal, ulug‘ sahobalardan hisoblangan Salmon Forsiyning ustozlari, muqaddas kitoblar orqali  payg‘ambar kelishining xabarini bilgan kishilar bo‘lishgan. Bu esa mazkur shaxslarning yangi keladigan din haqida oldingi kitoblar vositasida muayyan nazariy bilimlarga ega bo‘lganlaridan dalolat beradi. Shuningdek, u zotning kelishlari o‘zlaridan oldingi samoviy dinlarni  yo‘qqa chiqarish, payg‘ambarlarini inkor etish, ularga nozil bo‘lgan kitoblar va shari’atlarini rad etish uchun emas, balki Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ularga ham ishonib, tasdiqlash, ularga ham samimiy munosabatda bo‘lishga chorlovchi, ular haqida aniq ma’lumotlarni xabarini beruvchi, o‘tgan payg‘ambarlarning xatokor ummatlarini xatolaridan ogoh etib, xatolarni takrorlamaslikka, noshukr bo‘lmaslikka chorlovchi, yaxshilikni xush xabarini beruvchi, bo‘lib kelgandirlar.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning payg‘ambar sifatida yuborilishlari, dinlar tarixida yangi, o‘ziga xos sahifaning ochilishiga sabab bo‘lganini, doktor Muhammad Xalifa Hasan shunday zikr qiladi: “U payg‘ambarlarning so‘nggisi bo‘lib, undan keyin nabiy ham rasul ham yo‘q”. Ushbu ma’lumot va shunga o‘xshash xabarlarning o‘zi dinlar tarixini yana bir nodir axborot bilan boyitadi va to‘ldiradi. Chunki dinlarga oid bilimlarni o‘rganishda, yahudiylar Odam (a.s.)dan Muso (a.s.)gacha, nasroniylar esa Odam (a.s.)dan Iso (a.s.)gacha bo‘lgan davrdagi payg‘ambarlarni, ularning hayotlari, ularga nozil bo‘lgan shariatlari, tarixi, boshidan kechirgan hodisalari va shu kabilarni o‘rganadilar. Islom dinida esa avval aytib o‘tganimizdek, barcha payg‘ambarlar birday ko‘riladi. Biri boshqasidan ustun tutilishi hisobiga boshqasi kamsitilmaydi. Islom dinida, bu e’tiqod masalasi bilan bog‘liq bo‘lib, islom vakilining (mo‘min-musulmon) e’tiqodi busiz mukammal bo‘lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:   

آَمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آَمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ لَا نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِنْ رُسُلِهِ 

Ya’ni: “Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi[i].

Mazkur oyatda, Payg‘ambar (s.a.v.) o‘zlariga nozil qilingan kitob – Qur’oni Karimga imon keltirishi bilan birga Alloh taologa, farishtalarga, Alloh taolo tomonidan oldin ham samoviy kitoblar (Zabur, Tavrot, Injil) nozil qilinganiga, bashariyatga ogohlantiruvchi va hushxabar beruvchi payg‘ambarlar yuborilganiga imon keltirgani va boshqa musulmonlar ham bu ishda unga ergashganlari ma’lum bo‘ladi. Payg‘ambarlarning biridan boshqasini (boshqalarini kamsitish evaziga) ustun qo‘ymaslik, (Alloh tomonidan ayrim payg‘ambarlarga berilgan ba’zi fazilatlarni e’tirof etgan holda) hammasini birday Allohning payg‘ambarlari sifatida ko‘rish islom manbalarida tavsiya qilingan eng mo‘tadil va eng mahbub yo‘ldir.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) umrlarining oxirigacha, insonlarni ana shu mavqe (e’tiqodda)da bo‘lib, boshqalarni ham shunga undaganlari borasida sunnat va hadislarda ko‘plab misollar uchraydi. Xususan, Qur’oni Karimning “Kahf” surasida Muso (a.s.) ilm olish uchun hamroh bo‘lgan solih kishining qissasi keltirilganligi islom ummatiga ma’lum va mashhurdir. Ushbu qissa nozil bo‘lganda, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Birodarim Musoga Allohning rahmati bo‘lsin, sabr qilganida, Alloh bizga ularning qissalarini aytib berar edi. U (Muso) o‘z sherigi bilan turganida, ajoyibotlarni ko‘rar edi” – deb marhamat qilganlar.

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Ikki kishi: yahudiylardan bir kishi va musulmonlardan bir kishi so‘kishib qoldi. Shunda musulmon: Muhammad (s.a.v.)ni tanlab olgan zot ila qasam!” – dedi. Yahudiy esa: “Muso (a.s.)ni olamlar ustidan tanlab olgan zot ila qasam” – dedi. Ana shu paytda musulmon qo‘lini ko‘tarib, yahudiyning yuziga shapaloq tushirdi. Shunda yahudiy Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib, o‘zi bilan musulmon orasida bo‘lib o‘tgan ish haqida xabar berdi. Rasululloh (s.a.v.): “Meni Musodan yaxshi qilmanglar. Odamlar hushlaridan ketganda birinchi bo‘lib o‘ziga kelgan men bo‘laman. Qarasam, Muso Arshning bir tomonini ushlab turgan bo‘ladi. Bilmayman, u ham hushidan ketib mendan oldin o‘ziga kelganmi yoki istisno qilinganlardan bo‘lganmi” – dedilar”.

Islom dini tarixida ma’lum va mashhur bo‘lgan voqe’alardan biri bu “Isro’ va Me’roj” voqe’asidir. Ushbu kechada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning Muso (a.s.) bilan gaplashganlari va kunlik namoz vaqtlari haqida maslahatlar berganliklari islom tarixida muhrlangan ayni haqiqatdir.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘zlaridan oldin kelgan barcha payg‘ambarlarning shari’atlari, islom dini shari’atiga zid bo‘lmasa, unga amal qilganliklari hamda o‘z ummatlarini ham unga targ‘ib qilib, o‘zlari o‘rnak va namuna bo‘lganlari kitoblarda zikr qilingan. Jumladan: “Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.) Madinaga hijrat qilib borganlarida “Ashuro” kuni yahudiylarning ro‘za tutayotganlarini ko‘rib: “Sizlar ro‘za tutadigan qanaqa kun bu?” – deb so‘radilar. Shunda yahudiylar: “Bu ulug‘ kundir! Bu kunda Alloh taolo Muso (a.s.) va uning qavmiga najot berdi, fir’avn va uning qavmini g‘arq qildi. Uning shukronasiga Muso (a.s.) ro‘za tutdilar, (shunga ko‘ra) biz ham ro‘za tutmoqdamiz” - dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Biz Musoga sizdan ko‘ra haqliroq va  (yaxshiroqmiz)” - dedilar va o‘zlari ro‘za tutib boshqalarni ham shunga buyurdilar”. Shuningdek, quyidagi hadisi sharifda ham ushbu mazmunga uyg‘un ma’nolarni uchratamiz: “Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar (s.a.v.): “Men odamlar ichida bu dunyoda ham, oxiratda ham Iso ibn Maryamga eng haqlisiman” - dedilar. Shunda: “Qanday qilib, ey Allohning Rasuli?” – deyishdi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Payg‘ambarlar og‘a-inilardir. Onalari turlicha. Dinlari bir.”, dedilar”.

Mo‘min-musulmonlar ham bir necha asrdan buyon, har yili “Ashuro” kunini e’zozlab, ro‘za tutib, savobidan va ajridan umidvor bo‘ladilar. Shuningdek, ushbu kunda yaxshi niyat bilan ro‘zg‘or qiladilar.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ وَأَهْلِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ"

 (رواه البيهقى في شعب الإيمان)

 Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.): “Kim Ashuro kunida ahli-ayoliga kenglik qilsa, Alloh taolo unga yilning qolganini keng qiladi” dedilar”. (Imom Bayhaqiy “Shuabul-iymon” kitobida rivoyat qilgan).

Yan bir rivoyatda esa,

عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ فِي النَّفَقَةِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ"

 (رَوَاهُ رَزِين)

 Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Kim Ashuro kuni ahli-ayoliga nafaqada kengchilik qilsa, Alloh unga yilning qolganini keng qiladi” – dedilar. (Imom Roziyn rivoyat qilgan).

Hadislarda boshqa dinlar haqidagi ma’lumotlarni nazariy jihatdan o‘rganishda, o‘sha dinlarning vakillari tomonidan keltirilgan ma’lumotlarni uzil-kesil yolg‘onga chiqarmaslik, shu bilan birga faqat shuning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmaslikka chaqiriladi (“Ashuro” kuni haqida kelgan hadis so‘zimizga misol bo‘ladi). Chunki boshqalar tomonidan keltirilgan  ma’lumotlar  biz uchun asos sifatida qaraladigan manbalarda qanday bayon qilingani hamda ularning Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) va olimlarimiz qanday tushuntirishganini bilish va shunga ko‘ra yo‘l tutish muhimdir.

Yahudiylar bilan qilingan munozaralardan birida, Mahsur ibn Subhon ismli kishining Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan “Qur’on Alloh tomonidan nozil qilingan kitob ekaniga nima dalil bo‘la oladi?” – deb so‘raganda, Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga quyidagi oyatni nozil qilgan:

أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا

Ya’ni: “Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi,  unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar”.

Tarixchilar va siyrat olimlari tomonidan o‘rganilgan ma’lumotlarga asoslanib, bo‘lib o‘tgan mazkur ilmiy bahslarda ko‘pincha e’tiqod, nubuvvat, Qur’oni karim va kabi kabi mavzular atrofida kechganini ko‘rishimiz mumkin. Bu ilmiy bahslar o‘z yechimini topganda, islom naqadar bag‘rikeng, xalqparvar va millatparvar din ekani ma’lum bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, shu kabi ko‘plab ma’lumotlar bilan tanishar ekanmiz, turli dinlar bilan bog‘liq xabarlarni ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish, islom dinining ilk davridanoq “Qur’oni karim” va “Sunnat”ga tayangan jarayon ekanining guvohi bo‘lamiz. Mana shu mustahkam tayanch keyingi asrlardan tortib, to bugungi kungacha, dinlar tarixini o‘rganishda olimlarga va bashariyatga asosiy manba vazifasini o‘tab kelmoqda.

Isomiddin AXROROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Toshkent shahar vakilligi xodimi,

“Oqilon” jome masjidi imom-xatibi

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro nufuzi yana bir bor yuksak e’tirof etildi

07.08.2026   24473   4 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro nufuzi yana bir bor yuksak e’tirof etildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nomiga xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda xalqaro anjumanlar ishtirokchilari tomonidan yo‘llanayotgan minnatdorlik va hamkorlik maktublari Markazning xalqaro maydondagi yuksak nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat bermoqda.

Xususan, Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiya Zoti Oliyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov nomiga yo‘llagan minnatdorlik maktubida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Qirolicha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif unda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidlab, Markaz ekspozitsiyalari Markaziy Osiyoning boy tarixi, madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini zamonaviy muzey yechimlari orqali keng va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholagan. Ayniqsa, Qur’on zalidagi ma’naviy muhit va noyob meros namunalari unda katta hurmat va hayrat tuyg‘ularini uyg‘otgani qayd etilgan.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda 2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Forum yakunlaridan so‘ng nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va jamoat arboblari tomonidan minnatdorlik hamda hamkorlikni rivojlantirishga oid qator maktublar kelib tushdi.

Malayziya Xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia – IIUM) huzuridagi Office of Strategic Institution Transformation rahbari, professor Shukron bin Abd Rahmon o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining xalqaro ahamiyatiga alohida to‘xtalgan. Uning qayd etishicha, 40 dan ortiq mamlakatdan olimlar, davlat arboblari va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan mazkur anjuman islom sivilizatsiyasining tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etish, davlatlar o‘rtasidagi ilmiy muloqot va akademik hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, forumning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda O‘zbekistonning boy ilmiy va ma’naviy merosi xalqaro jamoatchilikka munosib tarzda namoyon etilgani e’tirof etildi.

Rossiyaning “Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi tomonidan yuborilgan ikki alohida maktubda ham Forum va Markaz faoliyatiga yuksak baho berildi. Xususan, mazkur maktublarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi XXI asr islom olamidagi eng yirik gumanitar va madaniy-ma’rifiy loyihalardan biri sifatida baholanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi yetakchi o‘rni va Markazni ilm-fan, tinchlik, ma’rifat, gumanizm hamda bunyodkorlik maskani sifatida shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etilgan.

Shu bilan birga, Markazning kelgusida dunyo olimlari, tadqiqotchilari va talabalari uchun nufuzli ilmiy-ma’rifiy markazga aylanishiga ishonch bildirilib, muzeyshunoslik, tarix, arxeologiya, ta’lim, kitobshunoslik va nashriyotchilik sohalarida qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.

Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Madaniyat vazirligi Bosh kotibi professor Nidal Al-Ahmad ham o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, anjuman Islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro maydonda yana bir bor namoyon etganini qayd etgan. Shuningdek, turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, davlat va din arboblarini bir maydonga jamlagan mazkur forum tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot platformasiga aylangani ta’kidlangan.

Markazning xalqaro maydondagi faoliyatiga bildirilayotgan yuksak ishonchning yana bir amaliy ifodasi sifatida ICESCO ning Boku shahridagi mintaqaviy ofisi tomonidan Markaz rahbariyatiga 2026 yil 27–28 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Global Foresight Focal Points Initiative xalqaro tadbirida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yuborildi. Taklifda ICESCOga a’zo davlatlarda strategik prognozlash, davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va kelajakni rejalashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etilgan.

Xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli olimlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilgan mazkur e’tiroflar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qisqa vaqt ichida xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning muhim platformalaridan biriga aylanganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa Markaz tomonidan islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro darajada yuksak baholanayotganining yorqin ifodasidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari