Ma’lumki, namoz o‘qish uchun avvalo, tahorat qilmoqlik, toza kiyim-bosh, pokiza joy kabi shartlar mavjud bo‘lgani kabi, mo‘min-musulmon kishining taom iste’mol qilishi uchun ham rioya qilishi lozim bo‘lgan ba’zi bir odoblar borki, biz quyida o‘sha amallarni zikr qilishga va dasturxon atrofida musulmon odam o‘zini qanday tutishidan boshlab to turib ketgunga qadar qilinishi lozim bo‘lgan amallar to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berishga harakat qilamiz.
Birinchidan, musulmon kishi ota-onasi, o‘zi, ahli ayoli va farzandlarini halol rizq bilan taomlantirishga e’tibor berishi zarur. Zero, Allox taolo Qur’oni karimda:
وَكُلُوا مِمَّا رَزَقَكُمُ اللَّهُ حَلَالًا طَيِّبًا وَاتَّقُوا اللَّهَ الَّذِي أَنْتُمْ بِهِ مُؤْمِنُونَ
(سورة ﺍلمائدة/88)
ya’ni: “Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning halol va poklarini tanovul qilingiz va o‘zlaringiz imon keltirgan Allohdan qo‘rqingiz!” – deb marhamat qiladi.
Demak, birovni aldab yoki xiyonat qilib yo zulm qilgan holda boylik orttirmang, deyilmoqda.
Haqiqatan, hayot tajribasi ham yaqqol ko‘rsatayotirki, mana shunday yo‘llar bilan boylik orttirgan kimsalar, shu dunyoning o‘zidayoq jazosini olayotganini ko‘ramiz. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ularning na oilasida halovat bor va na boqib voyaga yetkazgan farzandlaridan ro‘shnolik ko‘rayotir. Peshona teri va halol yo‘llar bilan boylik orttirish esa shar’an ruxsat etilgan ishlardan hisoblanadi.
Ikkinchisi. Taomdan oldin qo‘lini yuvmoqlik. Rasuli akram (s.a.v.) marhamat qiladilarki:
" اَلْوُضُوءُ قَبْلَ الطَّعَامِ حَسَنَةٌ وَ بَعْدَ الطَّعَامِ حَسَنَتَانِ "
(رواه الحاكم)
ya’ni: “Taomlanishdan oldin qo‘lni yuvmoqlikda bir savob bo‘lsa, taomlanib bo‘lgach yuvmoqlikda, ikki hissa savob bor”.
Shu mazmundagi boshqa bir hadisda esa:
" اَلْوُضُوءُ قَبْلَ الطَّعَامِ وَ بَعْدَهُ يَنْفىِ الْفَقْرَ وَهُوَ مِنْ سُنَنِ الْمُرْسَلِينَ "
(رواه الطبرانى)
ya’ni: “Taomlanishdan oldin va undan keyin qo‘l yuvishlik faqirlikni ketkazadi va bu amal payg‘ambarlarning sunnatidir”.
Uchinchisi. Dasturxon atrofida qulay holatda o‘tirib olib, to turib ketgunga qadar bir asnoda, ya’ni yotib olmay yoki yonboshlab ovqatlanish kabi ishlarni qilmaslik.
Zero, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday ishlarni qat’iyan man qilganlar. Abu Juhayfa (rz.)dan rivoyat qilinadi, Rasul Akram (s.a.v.): “Men yonboshlagan holimda taom yemayman” – dedilar (Buxoriy va Termiziy rivoyati).
Bunday holatlar nafaqat beodobchilik ko‘rinishi bilan, balki, sog‘liqqa zarari borligini hozirgi tibbiy olimlarning chuqur izlanishlaridan so‘ng ma’lum bo‘lmoqda.
Misol uchun, yapon olimlari inson tik turgan holda ovqatlanishga yoki suyuqlik ichishga odat qilgan bo‘lsa, u albatta, hayoti davomida ko‘r ichak kasaliga mubtalo bo‘lishi aniq, deb xulosa berishgan. Chunki, inson tik turgan holatida ko‘r ichak og‘zi tepaga, ya’ni, ovqat kelish yo‘liga qarab ochilib tursa, o‘tirgan holatda ichaklar to‘planib, ko‘r ichak pastga qarab turar ekan va natijada unga hech narsa tushmay, inson u kasaldan o‘zini-o‘zi saqlar ekan.
Hadisi sharifda Sarvari olam:
" إِنَّمَا أَناَ عَبْدٌ آكُلُ كَماَ يَأْكُلُ الْعَبْدُ ، وَ أَجْلِسُ كَماَ يَجْلِسُ الْعَبْدُ "
(الجامع الكبير للسيوطى)
ya’ni: “Albatta, men ham oddiy bir bandaman. Bandadek ovqatlanaman va bandadek o‘tiraman” – deb marhamat qiladilar.
To‘rtinchisi. Ovqatlanish ekan deb tomog‘iga yetguncha to‘yib yeyish ham xunuk odat hisoblanadi. Zero, inson qancha to‘q bo‘lsa, uni dangasaligi kuchayadi. Xoh ibodat masalasida bo‘lsin, xoh riyozat ishi bo‘lsin. Vaholanki, qorinning uchdan bir qismi ovqat uchun, bir qismi suyuqlik uchun va yana bir qismi nafas olish uchun kerak, shu qoidaga amal qiluvchi kishilar tabibga murojaat qilishlariga hojat qolmaydi. Qolaversa Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hech qachon to‘yib ovqat yemaganlar.
“As-Siyar al-Halabiya” kitobining sohibi hazrati Umardan rivoyat qilib aytadi, Rasul Akram (s.a.v.) shunday degan ekanlar:
" نَحْنُ قَوْمٌ لاَ نَأْكُلُ حَتىَّ نَجُوعَ وَ إِذَا أَكَلْنَا لَمْ نَشْبَعْ "
(الجامع الكبير للسيوطى)
ya’ni: “Biz shunday qavmdirmizki, ochlikni his qilmaguncha taomlanmaymiz, taomlanganda ham to‘yib yemaymiz!”
Beshinchidan. Oilada hamma jam’ul-jam bo‘lib ovqatlansa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Baraka bo‘ladi. Har kim o‘z holicha beuzr o‘z uyiga kirib yesa, unday holatlar oqibati yaxshilikka olib kelmaydi.
Anas ibn Molik aytadilarki: “Rasululloh (s.a.v.) hech yolg‘iz ovqatlanmas edilar”.
Shu ma’noda bir hadisi shariflarida:
" خَيْرُ الطَّعَامِ ماَ كَثُرَتْ عَلَيْهِ الْأَيْدِى "
ya’ni: “Taomning yaxshisi ko‘pchilik bilan baham ko‘rilganidir” – deb marhamat qiladilar.
Albatta, musulmon kishi har bir ishni bolashdan avval “bismilloh” bilan boshlagani kabi, taomga qo‘l cho‘zish barobarida “bismillahir rohmanir rohim” deb boshlamog‘i kerak.
Oisha (rz.)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v.): “Qaysi biringiz taom yesa, Alohning ismini zikr qilsin. Agar avvalida Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, “Bismillahi avvalahu va oxirahu” desin” – dedilar (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Oisha (rz.)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘zlarining oltita sahobalari bilan taom yemoqda edilar. Bir a’robiy kelib, ikki marta olib hammasini yeb qo‘ydi. Shunda u zot alayhis salom: “Ammo, u “bismilloh”ni tasmiya aytganida, hammangizga yetar edi” – dedilar (Termiziy rivoyati).
O‘ng qo‘li bilan ovqatlanish ham sunnat amallardandir. Ibn Umar (rz.)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “Qaysi biringiz taom yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Suv ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki, shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi” – dedilar (Imom Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Yana muhim narsalardan biri taomni hech qachon kamsitmaslik. Zero Payg‘ambarimiz (s.a.v.) biron marta ovqatni ayblamas edilar. Mabodo ovqat ko‘ngillaridek bo‘lmasa, yemay qo‘yardilar. Ammo ovqat yaxshi bo‘lmabdi yoki bu ovqatni men xush ko‘rmayman, kabi so‘zlarni aslo aytmasdilar.
Bir hadisi shariflarida Rasul akram (s.a.v.):
أَكْرِمُوا الْخُبْزَ فَإِنَّ اللهَ أَنْزَلَهُ مِنْ بَرَكَاتِ السَّمَاءِ وَاَخْرَجَهُ مِنْ بَرَكَاتِ الْأَرْضِ
رواه الحاكم
ya’ni: “Nonni e’zozlanglar, chunki u Alloh taoloning osmon barakotlaridan bo‘lishi bilan birga, yerning barakotli ne’matlaridan ham hisoblanadi” – deb marhamat qilgan ekanlar.
Qolaversa, ovqatlanishning yana bir odoblaridan biri, ovqatni o‘ta issiq holda yemaslik va ovqatlanish davomida ko‘p suyuqlik ichmaslik ham tavsiya etiladi. Chunki oshqozon uchun bu qiyinchilikni hosil qiladi.
Taomdan so‘ng esa duo qilishlik ham sunnat amallaridan hisoblanadi. Abu Umoma (rz.)dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qachon dasturxonlari yig‘ishtirilsa: “Allohga ko‘p, pok, muborak hamd bo‘lsin. Undan o‘zga kifoyachi yo‘q. U tark qilingan ham emas. Undan behojat ham bo‘linmas. Rabbimiz” – der edilar (Termiziy rivoyati).
Sunan sohiblarining rivoyatida esa, Rasululloh (s.a.v.) qachon o‘z taomlaridan forig‘ bo‘lsalar: “Bizni taomlantirgan, seroblantirgan va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo‘lsin”, der edilar” – deyilgan.
Musulmon kishi har doim isrofgarchilikni oldini olishga harakat qiladi. Zero, isrofni va isrofgarni Alloh taolo aslo do‘st tutmaydi. Bu haqda Qur’oni karimda voridkim:
...كُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
(سورة الآعراف/31)
ya’ni: “...yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”.
Ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqqan holda, to‘y-hasham va turli marosim-ma’rakalarda imkon boricha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmog‘imiz lozim.
Alloh taboraka va taolo barchalarimizni halol yo‘llar bilan rizq-ro‘ziy topishga, halol rizqlar bilan taomlanishga, halol yurib, halol turishga nasib aylab, zikr qilingan oyati karima va hadislar ma’no-mazmuniga amal qilib, saodat ahlidan bo‘lishimizga muvaffaq aylasin! Omin.
Fatvo bo‘limi xodimi
Sobirjon ARZIQULOV
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi