Istiqlolimizning o‘tgan yillari mobaynida, muborak Umra safarini tashkil etish borasida, katta yutuqlarga erishildi. Bugungi kunda bu ishlar yanada takomillashib, ziyoratchilarga ko‘plab qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Shu yilning 20 fevral kuni, erta tongda, o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Toshkent shahri ziyoratchilaridan iborat dastlabki guruhi, Toshkent–Jidda yo‘nalishida umra amallarini ado etish maqsadida, Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketishdi.
Erta tongda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlari ishtirokida, jami 230 nafardan iborat: ziyoratchilar, ishchi guruhi, guruh rahbarlari, shifokorlar va oshpazlar Saudiya Arabistoniga kuzatildi.
Ziyoratchilarimizga Makkai mukarramada “Abroj al-Kisva” va Madinai munavvarada “Nur al-Mavadda” mehmonxonalariga joylashadilar. Ularga Saudiya Arabistoni Podshohligidagi bir necha yillik hamkorimiz “al-Hidoya” shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
Ziyoratchilarni Jidda shahri aeroportida kutib olish va kuzatish tadbirlari Haj va Umra masalalari bo‘yicha Attashe Z.Abdullayev boshchiligida, ishchi guruhi va “al-Hidoya” shirkati xodimlari bilan birgalikda, uyushgan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, ziyoratchilarimizga o‘zbekistonlik tajribali ishchi guruhi, shifokorlar hamda mohir oshpazlarimiz xizmat ko‘rsatadilar.
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi bahorgi umra mavsumida, 5500 nafar va Ramazon mavsumida, 670 nafar fuqarolarimizning umra ziyoratiga borishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, “Umra-2017” bahor mavsumi ziyoratchilarini kuzatish 1 aprelga qadar davom etadi.
Alloh taolodan, umra amallarini ado etish uchun safarga chiqqan aziz yurtdoshlarimizga, amallarni mukammal bajarib, jonajon Vatanimizga, ota-ona, farzandlari bag‘riga sog‘-salomat qaytishlarini so‘rab qolamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan