Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

Havla binti Sa’laba

17.02.2017   2441   4 min.
Havla binti Sa’laba

Ulug‘ sahobiyya  Havla binti Sa’laba (raziyallohu anhu) Islom tarixida nom qoldirgan mashxur ayollardan. U Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga birinchilar qatori iymon keltirib, mashhur sahoba Avs ibn Somitga turmushga chiqqan edi.

Soliha ayol Havla eriga vafodorligi, bola tarbiyasida sabri, matonati bilan mashhur qozongan edi. Havla zukko va dono ayol bo‘lib, oilasi, farzandlaridan mehrini ayamas edi, ularga chavandozlikni, kamondan o‘q otishni o‘rgatar edi.

Tarixchilar  Havla bilan bog‘liq mashxur voqeani manbalarda bunday zikr qiladi. Johiliyat davrida Avs ibn Somit   xotiniga: “sen menga onam kabi san”  deb qo‘ydi va bu aytgan gapidan pushaymon bo‘ldi. Havla bu gapni Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga aytganda “ey Havla endi sen eringga xarom bo‘lding” dedilar. Havla erini oqlab “Ey Allohning rasuli, erim keksayib, aqli zaiflashib qolgan, bolalarim esa yosh, endi men nima qilaman?”  deb eridan ayrilgisi kelmayotganini bildirdi. Payg‘ambarmiz yana avvalgi javobni qaytardilar. Shunda Havla binti Sa’laba yig‘lab Alloh taologa bunday duo qildi:  “Allohim senga arz qilaman, meni bu mushkulotdan o‘zing qutqar. Robbim bu ishimizni yechimini Payg‘ambaring tiliga o‘zing tushurgin” dedi.

Oisha onamiz (raziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: men ham, boshqalar ham Havlaning holiga achinib yig‘ladik. Shu payt uning iltijolari, ohu faryodi Alloh taologa yetgani ma’lum bo‘ldi. Alloh taolo o‘z habibiga vahiy tushurib, ayolni sevintirdi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) tabassum qilib, tushgan oyatni tilovat qildilar:

قَدْ سَمِعَ اللَّهُ قَوْلَ الَّتِي تُجَادِلُكَ فِي زَوْجِهَا وَتَشْتَكِي إِلَى اللَّهِ وَاللَّهُ يَسْمَعُ تَحَاوُرَكُمَا إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ بَصِيرٌ (1) الَّذِينَ يُظَاهِرُونَ مِنْكُمْ مِنْ نِسَائِهِمْ مَا هُنَّ أُمَّهَاتِهِمْ إِنْ أُمَّهَاتُهُمْ إِلَّا اللَّائِي وَلَدْنَهُمْ وَإِنَّهُمْ لَيَقُولُونَ مُنْكَرًا مِنَ الْقَوْلِ وَزُورًا وَإِنَّ اللَّهَ لَعَفُوٌّ غَفُورٌ (2)

Ey Muhammad Alloh o‘z jufti haqida siz bilan bahslashayotgan va Allohga arz qilayotgan ayolning so‘zini eshitdi. Alloh ikkovingizning so‘zlashuvungizni eshitur. Albatta Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir. Oralaringizdagi o‘z xotinlarini  “zihor”  qiladigan kishilarga ular (xotinlarni also) onalari emasdirlar. Ularning  (chin)  onalalari  (ularni)  tuqqan ayollardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg‘on so‘z ayturlar. (Lekin)  Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir”.

Havla binti Sa’laba eriga bu xabarni aytganda Avs nihoyatda sevinib ketdi.

Havla erining vafotidan so‘ng turmush qurmadi. U eriga ko‘p achinar, doim uning haqqiga duo qilar edi. Eriga Allohdan mag‘firat tilardi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) qachon Havlani ko‘rsalar: “Assalomu aleykum, ey duosini Alloh ijobat etgan ayol, ey so‘zini Alloh tinglagan ayol”  deb salomlashar edilar.

Bir kuni Umar ibn Hattob (raziyallohu anhu) masjiddan qaytayotganda bir ayol yo‘lini to‘sib chiqib, nasihat qila boshladi: “Ey Umar sen bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi,  keyin “Umar” deb ataladigan bo‘ldining. Bugun esa “Mo‘minlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, ma’sulyat bobida Alloh taolodan qo‘rq, kim qiyomat kunidan qo‘rqsa, kim o‘limdan qo‘rqsa, o‘tkinchi narsalar ham uni qo‘rquvga soladigan bo‘ladi”.

Hamrohlari Hazrati Umarga: “Shu kampirning gapini quloq solib o‘tiribsizmi?” deyishdi. Shunda Hazrati Umar: “Bu ayolning kimliginni bilmaysizmi? U Avs ibn Somitning xotini Havla binti Sa’laba bo‘ladi. Bu ayolning so‘zini Alloh taolo eshitgan-u, Umar eshitmasinmi?” dedilar.

Zihor muommosi hal etilishida sababchi bo‘lgan taqvodor, eriga vafodor bo‘lgan bu ayol sahobiyyalar ichida ko‘rkam va iforli gul misli yashab o‘tdi. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin.

Davomi bor...

Manbalar asosida

Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   6290   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari