Ulug‘ sahobiyya Havla binti Sa’laba (raziyallohu anhu) Islom tarixida nom qoldirgan mashxur ayollardan. U Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga birinchilar qatori iymon keltirib, mashhur sahoba Avs ibn Somitga turmushga chiqqan edi.
Soliha ayol Havla eriga vafodorligi, bola tarbiyasida sabri, matonati bilan mashhur qozongan edi. Havla zukko va dono ayol bo‘lib, oilasi, farzandlaridan mehrini ayamas edi, ularga chavandozlikni, kamondan o‘q otishni o‘rgatar edi.
Tarixchilar Havla bilan bog‘liq mashxur voqeani manbalarda bunday zikr qiladi. Johiliyat davrida Avs ibn Somit xotiniga: “sen menga onam kabi san” deb qo‘ydi va bu aytgan gapidan pushaymon bo‘ldi. Havla bu gapni Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga aytganda “ey Havla endi sen eringga xarom bo‘lding” dedilar. Havla erini oqlab “Ey Allohning rasuli, erim keksayib, aqli zaiflashib qolgan, bolalarim esa yosh, endi men nima qilaman?” deb eridan ayrilgisi kelmayotganini bildirdi. Payg‘ambarmiz yana avvalgi javobni qaytardilar. Shunda Havla binti Sa’laba yig‘lab Alloh taologa bunday duo qildi: “Allohim senga arz qilaman, meni bu mushkulotdan o‘zing qutqar. Robbim bu ishimizni yechimini Payg‘ambaring tiliga o‘zing tushurgin” dedi.
Oisha onamiz (raziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: men ham, boshqalar ham Havlaning holiga achinib yig‘ladik. Shu payt uning iltijolari, ohu faryodi Alloh taologa yetgani ma’lum bo‘ldi. Alloh taolo o‘z habibiga vahiy tushurib, ayolni sevintirdi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) tabassum qilib, tushgan oyatni tilovat qildilar:
قَدْ سَمِعَ اللَّهُ قَوْلَ الَّتِي تُجَادِلُكَ فِي زَوْجِهَا وَتَشْتَكِي إِلَى اللَّهِ وَاللَّهُ يَسْمَعُ تَحَاوُرَكُمَا إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ بَصِيرٌ (1) الَّذِينَ يُظَاهِرُونَ مِنْكُمْ مِنْ نِسَائِهِمْ مَا هُنَّ أُمَّهَاتِهِمْ إِنْ أُمَّهَاتُهُمْ إِلَّا اللَّائِي وَلَدْنَهُمْ وَإِنَّهُمْ لَيَقُولُونَ مُنْكَرًا مِنَ الْقَوْلِ وَزُورًا وَإِنَّ اللَّهَ لَعَفُوٌّ غَفُورٌ (2)
“Ey Muhammad Alloh o‘z jufti haqida siz bilan bahslashayotgan va Allohga arz qilayotgan ayolning so‘zini eshitdi. Alloh ikkovingizning so‘zlashuvungizni eshitur. Albatta Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir. Oralaringizdagi o‘z xotinlarini “zihor” qiladigan kishilarga ular (xotinlarni also) onalari emasdirlar. Ularning (chin) onalalari (ularni) tuqqan ayollardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg‘on so‘z ayturlar. (Lekin) Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir”.
Havla binti Sa’laba eriga bu xabarni aytganda Avs nihoyatda sevinib ketdi.
Havla erining vafotidan so‘ng turmush qurmadi. U eriga ko‘p achinar, doim uning haqqiga duo qilar edi. Eriga Allohdan mag‘firat tilardi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) qachon Havlani ko‘rsalar: “Assalomu aleykum, ey duosini Alloh ijobat etgan ayol, ey so‘zini Alloh tinglagan ayol” deb salomlashar edilar.
Bir kuni Umar ibn Hattob (raziyallohu anhu) masjiddan qaytayotganda bir ayol yo‘lini to‘sib chiqib, nasihat qila boshladi: “Ey Umar sen bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi, keyin “Umar” deb ataladigan bo‘ldining. Bugun esa “Mo‘minlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, ma’sulyat bobida Alloh taolodan qo‘rq, kim qiyomat kunidan qo‘rqsa, kim o‘limdan qo‘rqsa, o‘tkinchi narsalar ham uni qo‘rquvga soladigan bo‘ladi”.
Hamrohlari Hazrati Umarga: “Shu kampirning gapini quloq solib o‘tiribsizmi?” deyishdi. Shunda Hazrati Umar: “Bu ayolning kimliginni bilmaysizmi? U Avs ibn Somitning xotini Havla binti Sa’laba bo‘ladi. Bu ayolning so‘zini Alloh taolo eshitgan-u, Umar eshitmasinmi?” dedilar.
Zihor muommosi hal etilishida sababchi bo‘lgan taqvodor, eriga vafodor bo‘lgan bu ayol sahobiyyalar ichida ko‘rkam va iforli gul misli yashab o‘tdi. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin.
Davomi bor...
Manbalar asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati