Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr-savoblar bo‘lishi xabarini bergan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining ushbu yangi kitobida musulmonlar hayotida sadaqa va xayr-ehsonning o‘rni va bu yaxshi amalning fazilatlari haqida so‘z yuritiladi. Musannif sadaqa, xayr-ehsonga targ‘ib qilingan Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarni keltirish bilan birga, ularni keng sharhlaydi. Solih salaflar, ajdodlarimiz hayotidan bu boradagi ibratli voqealarni hikoya qiladi.
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati