Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr – O‘zbek tili kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi to‘rtta harfni o‘zgartirish haqidagi qonunni imzoladi, xabar bermoqda kun.uz.
Qonun quyidagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi:
Tutuq belgisi alifboda saqlanib qoldi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bu o‘zgarishni quyidagicha izohladi:
“Nihoyat, uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladilar.
Bu yillar davomida bahslarga sabab bo‘layotgan va oxiri ko‘rinmayotgan masala edi. 2023 yil 11 dekabrda jadidlar merosiga bag‘ishlangan konferensiyadagi nutqimda alifboni tuzatish tashabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qo‘yish vaqti kelganini aytgan edim.
Albatta, o‘zgarishlar oson kechmaydi, kimlardadir e’tiroz yoki xavotir uyg‘otishi ham tabiiy. Lekin, ishoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham berish va tilimizning raqamli makondagi o‘rnini mustahkamlash uchun boshqa yo‘l yo‘q edi.
Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yo‘q, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tushirish yo‘lini tanladik: amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchida qoladi, darslik, peshlavha va ko‘rsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi.
Ushbu qonunning 21 oktyabr kuni qabul qilinishida chuqur ramziy ma’no bor. Tuzatilgan alifbomiz ma’rifatparvar ajdodlarimiz orzusi, yoshlarimiz savodxonligi va tilimiz mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Barchangizni O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman!”
Qonun rasman e’lon qilinganidan keyin 6 oy o‘tib kuchga kiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati