Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Allohga hamd bo‘lsin, Samarqandda katta loyiha – Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilar uchun xizmat qilishni boshladi. Ziyoratchilar kundan kunga ko‘payib bormoqda. Ularning har birlari muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning mehmonlaridir.
Darhaqiqat, rahbarlar huzuriga kirayotgan inson tashqi ko‘rinishiga, o‘z xatti harakatlariga juda e’tiborli bo‘ladi. O‘z o‘rnida Hadis bo‘yicha musulmonlar rahbari bo‘lgan Muhammad ibn Ismoil hazratlarining mehmoni bo‘lishni niyat qilib kelayotgan dindoshlarimiz ham bir necha ko‘rsatmalarga amal qilishlari zarur bo‘ladi. Yo‘qsa, ziyoratimiz foydamizga emas, aksincha ziyonimizga hujjat bo‘lib qoladi. Zotan, majmua saylgoh yoki ko‘ngilochar xiyobon emas, balki ulkan masjid va maqbara (qabrston)ni o‘z ichiga oladi.
Avvalo, uydan chiqayotganda, safar duosini o‘qing, go‘zal niyat bilan ulovga chiqing. Erkaklar kalta, tor, noo‘rin rasmlari bor kiyimlarni emas, kengroq, uzunroq, ziyoratga munosib kiyimlarini kiyib olishsin. Muslima opa-singillarimiz esa doimgidek, keng va uzun kiyimlarni kiyib, ro‘mollarini o‘rab olishsin. Afsuski, ziyoratgohda juda kalta, shaffof va tor kiyinib olganlar ham gohida uchrab qolmoqda. Bu milliy qadriyatlarimizga xilof, buyuk muhaddisga nisbatan hurmatsizlik bo‘lib qoladi, Alloh saqlasin.
Ziyoratga keluvchilar, albatta, masjidga kirib, tahiyatul masjid (masjid haqqi) namozini, farz namoz vaqti bo‘lsa, jamoat bilan farz namozini ado qilishlari darkor. Imom Buxoriy majmuasi ziyoratiga kelganda kamida ikki rakat namoz o‘qimaguncha u yerdan ketmang.
Majmua hududiga kirganda, ovozni baland ko‘tarmaslik, baqir-chaqir qilmaslik, birovga ozor bermaslik lozim. Chunki bu joyda har bir qadam odob bilan bosilishi, har bir harakatda hurmat va viqor namoyon bo‘lishi kerak.
Ayniqsa, masjid ichida suhbatni kamaytirish, telefonda baland ovozda gaplashmaslik, bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik, tagligi yo‘q go‘daklarni masjidga olib kirmaslik zarur. Masjid Allohning uyidir. U yerda dunyoviy gap-so‘z, kulgi, shovqin-suron va tartibsiz harakatlar musulmon kishiga munosib emas. Agar telefon olib kirilsa, uni ovozsiz holatga o‘tkazib qo‘yish, boshqa namozxonlarga xalaqit bermaslik lozim.
Qabr ziyoratida ham shar’iy odoblarga amal qiling. Imom Buxoriy hazratlarining qabrlari yoniga borganda, u zotga salom bering, haqlariga duo qiling. Alloh taolodan u zotning darajalarini yanada baland qilishini so‘rang. Shuningdek, Allohdan so‘raydigan hojatlaringizni duo qiling. Zotan, u zotning huzurida qilingan duolar ijobat bo‘lganiga asrlar davomida guvoh bo‘lib kelingan. Biroq qabrni aylanish, unga suyanish, qo‘l surtish, qabrdan hojat so‘rash, mato bog‘lash yoki shunga o‘xshash shariatda ko‘rsatilmagan ishlardan saqlanish lozim. Zero, duo faqat Allohdan so‘raladi, hojatlar faqat U Zotdan umid qilinadi.
Ziyorat davomida suratga tushish masalasida ham me’yorni unutmaslik kerak. Xotira uchun suratga tushish – mumkin bo‘lgan joylarda odob doirasidan chiqmasdan, boshqalarga xalaqit bermasdan bajarilsin. Masjid ichida namoz o‘qilayotgan paytda qabr yonida turli ko‘rinishda suratga tushish, hazilomuz holatlar qilish ziyorat ruhiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Farzandlari bilan kelgan ota-onalar esa bolalarga bu joyning qadrini tushuntirib qo‘yishlari lozim. Bolalarning yugurib, baqirib, ziyoratchilarga xalaqit berishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Aksincha, ularga Imom Buxoriy hazratlarining ilm yo‘lidagi mehnatlari, hadis ilmiga qo‘shgan xizmatlari, ulamolarga hurmat qilish odobi haqida qisqacha tushuncha berilsa, bu ziyorat ular uchun ham tarbiyaviy saboqqa aylanadi.
Eng muhimi, ziyorat faqat ko‘rish, aylanish yoki suratga tushish uchun emas, balki ibrat olish, qalbni poklash, ilmga muhabbat uyg‘otish va Allohga yaqinlashish uchun bo‘lishi kerak. Imom Buxoriy hazratlari butun umrlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini jamlash, saralash va ummatga yetkazishga bag‘ishlaganlar. U zotning huzuriga kelgan har bir kishi: “Men ham ilmga, odobga, ibodatga va sunnatga qanchalik bog‘lanyapman?” deb o‘zini bir bor tergashi lozim.
Xulosa qilib aytganda, Imom Buxoriy majmuasiga qadam qo‘ygan har bir ziyoratchi bu maskanning hurmatini saqlashi, kiyinish, yurish-turish, gap-so‘z va ibodatda odobli bo‘lishi darkor. Shunda ziyoratimiz ko‘ngilxushlik emas, balki qalblarni uyg‘otadigan, ilmga muhabbatni oshiradigan va Alloh roziligiga sabab bo‘ladigan muborak amalga aylanadi.
Alloh taolo barchamizni ziyorat odoblariga amal qiladigan, ulamolar merosini qadrlaydigan va Imom Buxoriy hazratlarining ilmiy-ma’naviy yo‘llaridan ibrat oladigan bandalaridan qilsin.
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi