Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Bani Isroildan bir kishi shunday debdi: "Yo Robbim! Senga shunday ibodat qilishni istaymanki, odamlar ichida payg‘ambarlardan boshqa hech kim bunday ibodat qilmagan bo‘lsin".
Shunda Alloh taolo unga dengiz o‘rtasidagi orollardan biriga chiqishni buyurdi. Bu bechora obid kishi orolga chiqib, u yerda na xotin, na farzand, na oila va na qabilasiz, yolg‘iz o‘zi besh yuz yil davomida Allohga ibodat qildi. Alloh u uchun bir anor daraxtini undirib qo‘ydi; qachon taom yeyishni istasa, bir anor uzib yerdi. U namoz o‘qir, Allohga ibodat qilar, Uni zikr etib, tasbeh aytar va Yaratganning maxluqotlari haqida tafakkur qilar edi.
Besh yuz yillik ibodatdan so‘ng, Alloh uning jonini oldi. Uning biror gunohi yo‘q edi: birovning molini yemagan, g‘iybat qilmagan, sudxo‘rlik qilmagan va yolg‘on guvohlik bermagan edi. Joni qabz qilingach, Alloh taolo marhamat qildi:
— “Ey bandam! Jannatga amaling bilan kirishni istaysanmi yoki Mening rahmatim bilanmi?”.
Banda besh yuz yillik ibodati uni Jannatga olib kirishga yetarli deb o‘ylab, shunday dedi:
— “Yo Robbim, amalim bilan kirishni istayman”.
Alloh yana so‘radi:
— “Jannatga amaling bilanmi yoki rahmatim bilanmi?” — “Amalim bilan, yo Robbim”, deb javob berdi banda.
Shunda Alloh taolo dedi:
— “Biz senga bergan ne’matlarimiz va sen qilgan ibodatlaringni o‘zaro hisob-kitob qilamiz”. Farishtalar tarozi bilan kelib, uni so‘roq-savol qila boshladilar. Uning amallar sahifasini ochib, Allohning ne’matlari bilan ibodatlarini solishtirdilar. Ko‘rdilarki, uning besh yuz yillik ibodati Alloh bergan faqatgina “ko‘z ne’mati”ga (ko‘rish qobiliyatiga) ham teng kelmadi. Hali yurak, eshitish, hayot, nafas olish, aql va hidoyat kabi son-sanoqsiz ne’matlarning hisobi bor edi.
Alloh taolo buyurdi:
— “Uni do‘zaxga olib boringlar!”. Shunda banda nido qildi:
— “Yo Robbim! Meni O‘z rahmating bilan Jannatga kiritishingni so‘rayman!”.
Xulosa: Biz qanchalik ko‘p amal qilmaylik, namoz o‘qib, ro‘za tutib, Allohni zikr qilmaylik, baribir haddan tashqari kamchilikka yo‘l qo‘yuvchimiz. Bizning yagona umidimiz — Alloh taoloning gunoh va xatolarimizni kechirib, bizni O‘z rahmatiga olishidadir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV