Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Seminarda 2026 yilning birinchi to‘rt oyi davomida hududlarda olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, aholi bilan muloqot samaradorligi hamda yoshlar tarbiyasiga doir masalalar muhokama qilindi.
Ustuvor vazifalar belgilandi
Uchrashuv davomida imom-xatiblar oldida turgan dolzarb vazifalar aniqlab berildi. Xususan, masjid, ziyoratgoh va qabristonlarning obodligi va tartibiga doimiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayitiga munosib tayyorgarlik ko‘rish va bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Bosh imom-xatib nutqida ma’ruzalar mazmunan boy, hayotiy misollarga asoslangan va ta’sirchan bo‘lishi lozimligini alohida qayd etdi. Aholi, ayniqsa yoshlar qalbiga yetib boradigan uslubda targ‘ibot ishlarini olib borish va zamonaviy axborot maydonida faollikni oshirish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Faoliyat tahlil qilindi
Joylarda aniqlangan ayrim kamchiliklar batafsil tahlil qilinib, ularni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Targ‘ibot ishlarini yanada faollashtirish va aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.
Seminar yakunida barcha imom-xatiblarga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish, joylarda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash va jamoatchilik ishonchini mustahkamlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati