Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Internet tarmoqlarida ayrim kimsalar “Bizga mazhab kerak emas” degan da’volarni qilishmoqda.“Bizga mazhab kerak emas” deb da’vo qiluvchi kishilarning da’volari go‘yoki dengizda safarga chiqqan kishilarning “bizga kema kerak emas” degan da’volariga o‘xshaydi.
Rivoyat qilishlaricha, Najib Fozil degan ulamo kemada kitob o‘qib ketayotgan ekan. Kemadagi kishilardan biri u zotga yaqinlashib:
- Hazrat Alloh bizga aql bergan, yana payg‘ambarlar yuborgan va sahifalar hamda kitoblar nozil qilgan bo‘lsa, shunda ham biror ulamoga ergashimiz shart-mi? Aqlimizni ishlatib to‘g‘ri yo‘lni topib ketar edik-ku?! dedi.
Shunda Najib Fozil kitobdan boshini ko‘tarib:
- Suzishni bilansanmi? – dedilar. U:
- Ha bilaman – deb javob berdi. Najib Fozil:
- O‘zing suzishni bilsang, kemaga nima uchun chiqding, dengizda o‘zing suzib ketavermaysanmi? – dedilar.
Najib Fozilning bu savoliga u nima deb javob berishini bilmay qoldi.
Bu qissadan xulosa shuki, Islom shariati ulkan dengiz bo‘lsa, “mazhab kerak deyish” esa, dengiz safari uchun kemaga chiqishdir. “Shariat dengizida o‘zim suzaman, mazhab kerak emas” deyish esa, dengiz safariga kemasiz chiqish va o‘zini halokatga qo‘yishdir.
Alloh taolo barchamizni O‘zining haq yo‘lida bardavom qilib, to‘g‘ri yo‘lidan adashishdan asrasin!