Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Londondagi elchixonamiz tashabbusi bilan 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunini nishonlash maqsadida Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylariga bag‘ishlangan “Bobur ruboiylari” (Bobur’s Rubaiyat) mavzusida vebinar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir o‘zbek mumtoz adabiyoti va madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratildi.
Vebinarda britaniyalik mashhur shoir va tarjimon Endryu Staniland tomonidan Bobur ruboiylarining ingliz tilidagi tarjimalaridan namunalar o‘qib berildi.
Endryu Staniland Markaziy Osiyo xalqlari adabiy merosini ingliz tilida keng targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. U buyuk o‘zbek shoir va mutafakkirlari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulhamid Cho‘lpon, Mashrab, Nodira va Uvaysiy asarlarini ingliz tiliga tarjima qilgan.
Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida shoir ijodi, ruboiylarda aks etgan hayotiy qarashlar, insoniy qadriyatlar va ularning bugungi kundagi ahamiyati yuzasidan jonli muhokama bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning adabiy merosi, xususan, uning ruboiylari hamda ularning badiiy va ma’naviy ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati