Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo yaratgan ajib ne’mat, insonning salomatligi uchun eng foydali mahsulotlardan biri asaldir.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
﴿وَأَوْحَى رَبُّكَ إِلَى النَّحْلِ أَنِ اتَّخِذِي مِنَ الْجِبَالِ بُيُوتًا وَمِنَ الشَّجَرِ وَمِمَّا يَعْرِشُونَ ثُمَّ كُلِي مِنْ كُلِّ الثَّمَرَاتِ فَاسْلُكِي سُبُلَ رَبِّكِ ذُلُلًا يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ﴾
«(Ey, Muhammad!) Robbingiz asalarilarga vahiy (bo‘yruq) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga inquringiz”. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!» Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir» (Nahl surasi, 68-69-oyatlar).
Hadisi sharifda ham juda ko‘p o‘rinlarda asalning shifo ekani bayon qilingan. Jumladan: Abu Mutavakkildan, u Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bir kishi kelib: “Mening bir birodarim qorni(kasalligi)dan shikoyat qilmoqda”, dedi. Boshqa rivoyatda; “Oshqozoni darmonsiz bo‘ldi”, deyilgan. U zot alayhissalom: “Unga asal ichirgin”, dedilar. U kishi jo‘nab ketdi va yana qaytib kelib: “Asal ichirgan edim. Undan biror narsani ketkazmadi”, dedi. Boshqa rivoyatda: “U (asal) faqat darmonsizlikni ziyoda qildi xolos”, dedi. Ikki yoki uch marta kelgan edi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga yana: “Asal ichir!” dedilar.Uchinchi yoki to‘rtinchisida: “Alloh rost gapiradi. Do‘stingni qorni yolg‘onchi ekan”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati).
“Sahihi Muslim”da: “Do‘stingni qorni tuzalmas kasallikka chalinibdi” lafzi keltirilgan. Ya’ni, hazmi buzilibdi, oshqozoni kasallanibdi degan ma’noda.
Yana bir hadisda: “O‘zlaringizga ikki shifo; asal va Qur’onni lozim tutinglar” deyilgan (Imom Moja, Imom Hokim rivoyati).
Asal mijozi nam, sovuq kishilar uchun eng yaxshi ozuqadir. U jigar, yurakni tozalaydi. Siydikni haydaydi. Ko‘zga surtilsa, ko‘rish qobiliyatini oshiradi.
Erta tongda asalni suvga aralashtirib ichishda juda ko‘p foyda bo‘lib, salomatlikni yaxshilaydi va zehnni oshiradi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li