Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Shu yilning 20–25 aprel kunlari Tatariston poytaxti Qozon shahrida nufuzli Xalqaro Qur’on musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli anjumanda yurtimiz sharafini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchisi, xushovoz qori Nizomiddin Ismoilov himoya qiladi.
Bugun, 23 aprel kuni Nizomiddin qori maslahat va ko‘rsatmalar olish maqsadida safari oldidan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qur’oni karim va tajvid bo‘limida bo‘ldi.
Tajribali ustoz Shayx Ali Fayzulloh Maxdum yosh qoriga tajvid nozikliklari bo‘yicha qimmatli tavsiyalarini berib, uning haqiga xayrli duolar qildi.
Alloh taolo yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga otlangan qorimizga zafarlar yor bo‘lishini va Qur’on nuri ila yuzini yorug‘ qilishini nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati