Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2026   |   29 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2026, 29 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19576   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

20 OKTYABR — O‘ZBЕKISTON MUSULMONLARI IDORASI TASHKIL TOPGAN KUN!

20.10.2026   54926   1 min.
20 OKTYABR — O‘ZBЕKISTON MUSULMONLARI IDORASI TASHKIL TOPGAN KUN!

 2026 yil 20 oktyabr ushbu qutlug‘ dargoh ta’sis etilganiga 83 yil to‘ldi. 1943 yilning ayni shu kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ulamolar va din arboblari qurultoyida mazkur mas’uliyatli tuzilmaga asos solingan edi.

Tarixdan muhim qaydlar:

Tashabbus: 1943 yil iyulda Eshon Boboxon boshchiligidagi mintaqa ulamolari taklifi bilan idora ochishga rasmiy ruxsat olindi.

Ilk qurultoy: 1943 yil 15–20 oktyabr kunlari Shayx Eshon Boboxonning Qorasaroydagi hovlisida bo‘lib o‘tdi.

Ilk muftiy: 5 ta respublikadan kelgan 160 dan ziyod vakil bir ovozdan Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxonni besh respublika muftiysi etib sayladi.

Diniy idora manzillari:

1943–1956 yillar: Muftiy Eshon Boboxon hazratlarining hovlisida;

1956–2007 yillar: «Baroqxon» madrasasi binosida;

2007 yildan: Hazrati Imom majmuasida barpo etilgan zamonaviy binoda;

2026 yildan: Toshkent shahrida bunyod etilgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazi binosida faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasiga rahbarlik qilgan muftiylar:

1. Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon (1943–1957);

2. Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon (1957–1982);

3. Shayx Shamsiddinxon Boboxonov (1982–1989);

4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1989–1993);

5. Shayx Muxtorjon Abdulloh Buxoriy (1993–1997);

6. Shayx Abdurashid qori Bahromov (1997–2006);

7. Shayx Usmonxon Temirxon o‘g‘li (2006–2021);

8. Shayx Nuriddin Xoliqnazar (2021 yildan buyon).

Alloh taolo Diniy idoramizning kelgusi faoliyatiga fayzu baraka bersin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati