Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Qur’oni karimning Anfol surasi 60-oyatida:
﴿وَأَعِدُّوا لَهُمْ مَا اسْتَطَعْتُمْ مِنْ قُوَّةٍ وَمِنْ رِبَاطِ الْخَيْلِ﴾
“Ular uchun imkoningiz boricha (harbiy) kuch va otliq bo‘linmalarni tayyorlab qo‘yingiz!” deb otlar zikr qilinadi.
Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, otda yurishni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan. Otlar qadimdan inson hayotida og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiluvchi, janglarda esa muhim vosita hisoblangan. Shuning uchun, hadisi shariflarda ham ot minishni o‘rganish va unda chopishga keng targ‘ib qilingan. Arablar avvaldan chavandozlik bilan mashhur bo‘lganlar. Ular farzandlarini sakkiz yoshga to‘lmasdanoq ot minishni o‘rgatganlar. Islom dini yoyilgach, bu odatni yanada kengroq targ‘ib qilindi.
Ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa o‘yinlaringizning yaxshisi otda chopish, kamondan o‘q otish va ahllaringiz bilan o‘ynashishingizdir”, deganlar.
Boshqa bir hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ot mininglar. Chunki bu otangiz Ismoil alayhissalomning merosidir”, deganlar. U zot o‘zlari egarsizotni boshqarish va chopishda mohir bo‘lganlar. Ba’zan sahobalari bilan otda ham tuyada ham musobaqalashib turardilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Azbo’ degan tuyalari bo‘lib, unda musobaqalashardilar. Bu tuyadan o‘zadigani yo‘q edi.Nabiy sollallohu alayhi vasallamuning ustida o‘tirganlarida bir a’robiy kelib, undan o‘zib ketdi. Bu holat musulmonlarga og‘ir botdi. Shunda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohning dunyodagi narsalarni ko‘tarishi va tushirishi bordir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisdan ulovlarda musobaqalashish joizligi, musobaqalashganda kimdir yutib, kimdir yutqazsa, atrofdagilar ortiqcha bezovtalanmasligi va har qanday peshqadam yutqazishi mumkinligi tushuniladi.
Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhu turli shaharlarga maktub jo‘natganda, unda: “Farzandlaringizga suzishni va chavandozlikni o‘rgatinglar”, deb yozdirar edilar.
Amr ibn Oss roziyallohu anhu Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifalik davrlarida Misr voliysi bo‘lganlar vau yerda ko‘plab chavandozlik musobaqalarini o‘kazganlar.
Otda chopishkishining jismoniy jihatdan chiniqib, baquvvat bo‘lishida muhim vositadir. Unda inson salomatligiga ko‘plab foydalar bor. Jumladan:
1. Otda chopish ochiq havoda bo‘lgani tufayli nafas olish tizimini yaxshilaydi.
2. Yurak urushi tezligini me’yoriga keltirib, tanani kislorod bilan to‘yinishini ta’minlaydi.
3. Tanadagi qon aylanish tizimini yaxshilaydi.
4. Asab tizimi faoliyatini mo‘tadillashtiradi va insonning diqqatini jamlab hushyorligini oshiradi.
5. Tana muskullari quvvati ortadi.
Doktor Sayyid Muhammad Abdunnabiy aytadi: “Germaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasidan ma’lum bo‘lishicha, otda yurish bel, bo‘g‘imlardagi og‘riqni ketkazadi va qad-qomatdagi nuqsonlarni barataraf etadi”.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li