Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mushriklar hujumiga duch keldilar. Masjidi Haramda namoz o‘qiyotganlarida mushriklar bostirib kirib, u zotning jonlariga qasd qilmoqchi bo‘lishdi. Bo‘yinlariga arqon solib, bo‘g‘moqchi bo‘lishdi. Bu holni ko‘rgan Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu mushriklarning yoniga borib, ularga qarata: «Bir odamni "Robbim Alloh" degani uchun o‘ldirmoqchimisiz?» deb xitob qildilar. U zot o‘zlarini o‘rtaga qo‘yib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni qutqarish fikrida edilar. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu muvaffaqiyat qozondilar, mushriklar Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamni o‘z holiga qo‘yib, ularga qarshi chiqayotgan hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuga yuzlanishdi. Yolg‘iz o‘zlari ularga qarshi chiqdilar. Umrida biror inson bilan janjallashmagan hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu atrofini qurshagan mushriklarning tarsakilari, musht va tepkilariga o‘zlarini tutib berdilar. Bu ham Rasulullohga bo‘lgan muhabbatdan boshqa narsa emas edi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi