Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida “International Silk Route Festival – 2026” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi,deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Festivalning tantanali ochilish marosimida Pokiston Bosh vazirining turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sardar Yasir Ilyas Xan, Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Aftab Ur Rehman Rana, Shri-Lanka va Malayziya turizm idoralari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy turistik kompaniyalar, mehmonxona biznesi vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tomonidan festival maydonida O‘zbekiston paviloni tashkil etildi.
O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning ziyorat, madaniy, gastronomik, tibbiy, ishbilarmonlik va MICE-turizm yo‘nalishlaridagi salohiyati, rivojlangan turistik infratuzilmasi, zamonaviy xizmatlar hamda sayyohlik manzilgohlari namoyish etildi.
Shuningdek, diplomatlar tomonidan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga doir taqdimotlar o‘tkazildi. Ularda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy loyihalar haqida ma’lumot berildi.
“Uzbekistan Airways” va “Centrum Air” aviakompaniyalari O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida haftasiga to‘qqizta to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni amalga oshirayotgani, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, qulay aloqa va xizmatlarni taklif etish bo‘yicha ishlar davom etayotgani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida Pokiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi turoperatorlari, investorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston paviloniga Pokiston Bosh vazirining turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sardar Yasir Ilyas Xan tashrif buyurdi. U O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini va mamlakatimiz rahbariyati tomonidan xorijiy sayyohlarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholadi.
– Turizmni iqtisodiyotning drayver sohasiga aylantirish borasida O‘zbekiston tajribasini o‘rganish biz uchun har tomonlama foydali bo‘ladi, – dedi Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi. – Xususan, O‘zbekiston Pokistondan ham sayyohlarni jalb etishda faollik ko‘rsatmoqda. So‘nggi ikki yil ichida pokistonliklar uchun viza tartibi soddalashtirildi, Islomobod, Lahor va Karachi shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Pokiston hududlarida muntazam targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Biz O‘zbekiston tajribasini o‘rganish va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Pokiston hukumati hamda xususiy sektor vakillari ishtirokida maxsus ishchi guruh tashkil etmoqdamiz.
Anjumanning ikkinchi kunida “Ipak yo‘lida turizm, savdo va investitsiyalar” mavzusida muloqot sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev nutq so‘zlab, mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekistonning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha to‘xtaldi. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy mushtaraklik, umumiy meros va xalqlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik aloqalarini turizm, savdo, investitsiyalar hamda mintaqaviy bog‘liqlik sohalaridagi amaliy hamkorlikka aylantirish vaqti kelganini ta’kidladi.
Diplomatik missiya rahbari, shuningdek, Yangi Toshkent loyihasi doirasida barpo etilayotgan zamonaviy shaharsozlik infratuzilmasi, biznes va investitsiyalar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi hamda Pokiston kompaniyalari va investorlarini turistik, infratuzilmaviy va boshqa istiqbolli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston paviloni ikki kun davomida pokistonliklar va Islomobod shahri mehmonlari bilan gavjum bo‘ldi. Ularga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan jurnallar, broshyuralar, bukletlar va boshqa tarqatma materiallar tarqatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati