Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
O‘zbekistonda nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi. Bu prezident 14 oktyabr kuni imzolagan qonunda nazarda tutilgan. O‘zgarishlar shu sanadan kuchga kirdi, xabar bermoqda Gazeta.uz.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish endi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (avval — 5 baravaridan 10 baravarigacha).
Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni turmushga berish yoki uylantirish uchun BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi (avval — 7 baravaridan 15 baravarigacha).
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish uchun jarima BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha oshirildi (avval — 15 baravaridan 30 baravarigacha).
Bahorda prezident moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor yoshlar o‘rtasida nikoh tuzilishini rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan edi. 2027 yildan boshlab har ikki tomon kamida 21 yoshga to‘lganda ilk bor nikohdan o‘tgan yosh oilalarga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.
Bundan tashqari, qonunchilikda nikoh yoshini pasaytirish uchun aniq (tugal) asoslar belgilash rejalashtirilgan edi. Hozirgi vaqtda hokimlar istisno hollarda va uzrli sabablar mavjud bo‘lganda (homiladorlik, bola tug‘ilishi va voyaga yetmagan shaxsni to‘liq muomalaga layoqatli deb e’lon qilish) nikoh yoshini 18 yoshdan 17 yoshgacha pasaytirish huquqiga ega.
Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda nikohlarning 40 foizi 18−19 yoshdagi yoshlar o‘rtasida tuzilmoqda.
1 sentyabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizi bunday holatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati