Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish, mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Amaliy tashrif bilan Istanbul shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Turkiyaning yirik tashkilot va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, “World Halal Summit Council” kengashi prezidenti Yunus Ete, “Pegasus Airlines” Boshqaruv kengashi raisi Mehmet Tevfik Nane hamda Istanbul Savdo palatasi prezidenti Shekib Avdagich bilan muzokaralarda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, “World Halal Summit Council” bilan uchrashuvda O‘zbekistonning xalqaro ziyorat va “Muslim-friendly” turizm yo‘nalishlaridagi salohiyatini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda 2027 yilda O‘zbekistonda “World Halal Summit” xalqaro sammiti va uning doirasida forumlar o‘tkazish, xalqaro jurnal nashr etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida Buxoro va boshqa shaharlarda Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” DM bilan yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
“Pegasus Airlines” Boshqaruv kengashi a’zosi Mehmet Tevfik Nane bilan muzokaralarda O‘zbekistonga yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish jarayonida “Pegasus” aviakompaniyasi uchadigan shaharlarda O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.
Aviakompaniya tomonidan O‘zbekistonning beshta shahriga yo‘lga qo‘yilayotgan parvozlarga sayyohlarni jalb etish maqsadida qo‘shma targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazishni nazarda tutuvchi hamkorlik bitimini imzolash bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Pegasus” aviakompaniyasi parvozlarni amalga oshiradigan, biroq O‘zbekistonning mahalliy aviakompaniyalari qatnovlari mavjud bo‘lmagan yo‘nalishlarda mamlakatimizning turizm salohiyatini hamkorlikda targ‘ib etishga kelishib olindi.
Aviakompaniyaning Istanbuldagi Sabiha Go‘kchen aeroporti orqali 58 ta mamlakatning 100 dan ortiq yo‘nalishini qamrab olgan xalqaro parvozlar tarmog‘i Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlaridan O‘zbekistonga tranzit sayyohlarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish maqsadida o‘zbekistonlik turoperatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma marketing kampaniyalarini o‘tkazish, TXTY-2026 doirasida aviakompaniya taqdimoti va B2B uchrashuvlarini tashkil etish, shuningdek, tanishuv safarlarini uyushtirish taklif qilindi.
Istanbul Savdo palatasi prezidenti Shekib Avdagich bilan uchrashuvda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, O‘zbekiston Turkiyaning xalqaro mehmonxona brendlarini jalb qilish hamda palata tarkibiga kiruvchi “Convention bureau” bilan hamkorlikda qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar turistik aloqalarni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Turkiya vakillari 2026 yil 25–27 noyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — TXTY-2026 hamda uning doirasida ilk bor tashkil etiladigan Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilindi.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlash, yangi sayyohlik oqimlarini shakllantirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati