Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Noyabr, 2026   |   21 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:34
Quyosh
06:54
Peshin
12:12
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:36
Bismillah
01 Noyabr, 2026, 21 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   18958   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i

07.04.2026   12253   5 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i

Azim Toshkentning qoq markazida –Hazrati Imom majmuasi poyida bugun nafaqat muazzam bir bino, balki millat ruhiyatining yangi qiyofasi qad rostladi. Bu asrlar davomida xalqimiz qalbida yashagan ezgu orzularning me’moriy ifodasi, kelajak avlodlar uchun qoldirilayotgan eng qimmatli ma’naviy omonatdir.

Ushbu mahobatli maskan ostonasidan xatlab o‘tar ekansiz, go‘yoki vaqt va makon chegaralari yo‘qolgandek tuyuladi: bu yerda uch ming yillik shonli tariximiz Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlari va yuksak tamaddun zafarlari bilan mushtaraklik kasb etgan. O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi vaqt va makon tutashgan o‘ziga xos ma’naviy manzil sifatida dunyo nigohini o‘ziga tortmoqda. 

Markaz hududiga yaqinlashar ekansiz, avvalo, ko‘zingiz uning 65 metrlik muazzam gumbaziga tushadi. Yurak amri va millat irodasi bilan chizilgan bu mo‘jizaviy gumbaz shunchaki me’moriy yechim emas, u osmon bilan yerni, o‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik, milliy g‘urur va yuksalishning timsolidir. Binoning uzunligi 161 metr, eni esa 118 metrni tashkil etadi. Ushbu mahobatli raqamlar zamirida ulkan mehnat, mislsiz siyosiy iroda va xalqimizning bunyodkorlik salohiyati mujassam. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu markaz haqida gapirganda uning har bir chizgisiga alohida to‘xtalib: “Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir”, deya ta’kidlagani bejiz emas. Majmuaga ochiladigan to‘rt asosiy darvoza ilm-ma’rifat va bag‘rikenglik haqidagi muqaddas oyat va hadislar bilan bezatilgan bo‘lib, har bir mehmonni ezgulik olamiga chorlab turadi. 

Majmuaning eng hayajonli va muqaddas nuqtasi uning ma’naviy qalbi hisoblangan Qur’oni karim zalidir. Bu yerda inson ilohiy nur og‘ushida qolgandek bo‘ladi. Gumbaz ostiga qadam qo‘yganingizda, boshingiz uzra 90 dona “Swarovski” toshi va 650 dan ortiq chiroqlar yordamida yaratilgan ilohiy gologramma – Toshkentning musaffo tungi osmoni namoyon bo‘ladi. Bu manzara insonni koinot sirlari va ilmning nur ekani haqida chuqur tafakkur qilishga undaydi. 

Markazning ma’naviy xazinasi sifatida dunyodagi eng nodir qo‘lyozmalardan biri Usmon Mus'hafi saqlanmoqda. Uning atrofida Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar va Temuriylar davriga mansub 114 ta noyob Qur’on nusxasi jamlangan. Ushbu xazinalarning aksariyati Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijiy auksionlardan xarid qilinib, o‘z ona zaminiga qaytarildi. Bu tariximizga bo‘lgan yuksak ehtirom va milliy merosimizni tiklash yo‘lidagi tarixiy adolatning qaror topishidir.

Bugungi Yangi O‘zbekiston Sharq va G‘arb o‘rtasida ilmiy muloqotning jonli ko‘prigiga aylanmoqda. Zamonaviy sayyoh sifatida sizni markazdagi raqamli inqilob va “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi hayratga soladi. Robot-gidlar, sakkiz tildagi audio ma’lumotlar va imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus Bluetooth mayoqchalari inson qadri har narsadan ustunligining amaliy isbotidir. 

Markaz qisqa muddatda jahon hamjamiyati diqqat markaziga tushdi. Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgani, AQSHning “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra 2026 yilning eng kutilayotgan 10 ta muzeyidan biri deb topilgani hamda “BBC Travel” kabi nashrlarning e’tirofi O‘zbekistonning global maydondagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqdi. Ilm-fan va jadidlar merosiga e’tibor markaz faoliyatining muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Ikkinchi qavatdagi kutubxona 45 mingga yaqin adabiyot va 350 mingta elektron manbani o‘z ichiga olgan haqiqiy bilimlar ummonidir. Ayniqsa, 22 nafar ma’rifatparvar jadid bobomizning merosiga bag‘ishlangan bo‘lim kishida alohida faxr uyg‘otadi. Ularning siymosi bizga yangi Renessans poydevorini kimlar qo‘yganini eslatib turadi. 

Shuningdek, AYSЕSKO, IRSIKA va Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi xalqaro tashkilotlarning ofislari shu yerda joylashgani O‘zbekistonning dunyo ilm-fani bilan integratsiyalashuvi va Sharq sivilizatsiyasining yangi global muloqot maydoniga aylanganidan dalolat beradi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Islom sivilizatsiyasi markazi bu shunchaki muzey yoki kutubxona emas. Bu bizning kimligimizni anglatuvchi ko‘zgu, tarixiy zafar va kelajak avlodlarga yo‘llangan ma’rifiy maktubimizdir. Bugun biz guvohi bo‘layotgan jarayonlar millatning ruhiy va siyosiy tiklanishidir. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Bu yerga kelgan har bir inson qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak”. Yillar o‘tadi, avlodlar almashadi, ammo Toshkent osmonida porlayotgan bu ma’naviyat qasri O‘zbekistonning yangi yuksalish davri – Uchinchi Renessansning boshlang‘ich nuqtasi va so‘nmas mayog‘i bo‘lib qolaveradi. Bu yerga kelgan har bir inson bir haqiqatni his etadi: biz ulug‘ ajdodlarning munosib vorislari va buyuk kelajakning haqiqiy bunyodkorlarimiz! 

Alouddin G‘AFFOROV,

O‘zA

Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i