Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Azizlarni xor qilar damlaring qolgan bo‘lsa,
Qaniydi, ey zamon, u kunlaring yonib bitsa!
Foydasiz jurnallar, ochiq suratlar, saviyasiz fikrlar, dahriylikka chorlovchi kitoblar va axloq qoidalariga zid rivoyatlar bilan vaqtingizni o‘ldirishdan saqlaning. Siz islomiy jurnallar, foydali kitoblar va insonning dunyo va oxiratiga manfaat beradigan maqolalarni o‘qing. Chunki ba’zi kitob va maqolalar borki, ular insonda shubha-gumon paydo qiladi va qalbga g‘ulg‘ula solib qo‘yadi. Bularning ba’zilari bizga chetdan kirib kelayotgan buzuq “ommaviy madaniyat“ asoratlaridir.
Shuni bilingki, Alloh taolo barcha narsani biladi. U zot g‘am-tashvishni yengillashtiradi, shunday ekan, Unga duo qilishda bardavom bo‘ling. Ushbu duoni doimiy takrorlab yuring: “Allohim, g‘am va mahzunlikdan Sendan panoh so‘rayman. Sendan ojizlik va dangasalikdan, baxillik va qo‘rqoqlikdan, dinim og‘ir kelishidan va zolimlar g‘olib bo‘lishidan panoh so‘rayman”.
Agar siz hadisda kelgan ushbu duoni doimo o‘qib, uning ma’nolarini chuqur ta’ammul qilsangiz Alloh sizdan g‘am-anduhingiz va tashvishingizni ketkazadi.
Shu’la: Har soniyangiz bir tasbeh, daqiqangiz bir g‘oya va har soniyangiz bir amal bo‘lsin.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan