Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘ini Beruniy ko‘chasi 17-uyda yashovchi oilaning yashash sharoiti yaxshi emas edi. Oila boshlig‘i 2017 yilda vafot etgani bois besh nafar farzand bilan yolg‘iz qolgan Mehriban Qoshimbetova hayotning og‘ir sinovlariga dosh berib kelayotgandi.
Ushbu oilaga ko‘mak berish maqsadida "Vaqf" xayriya jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali homiylarni jalb qilgan holda xayrli ishni amalga oshirdi. Mazkur manzildagi eski uy to‘liq buzilib, o‘rnida barcha zamonaviy sharoitlarga ega 4 xonali uy qurib bitkazildi.
Kuni kecha mazkur xonadon Mehriban Qoshimbetova va uning besh nafar farzandiga tantanali holatda topshirildi.
Alloh taolo ehtiyojmand oilaning turmush darajasini yaxshilash, bolalarning munosib sharoitda kamol topishiga o‘z hissasini qo‘shgan, ularga bir olam xursandchilik ulashgan saxovatli homiylardan, qo‘li gul ustalardan, barcha xalqimizdan rozi bo‘lsin.
Vaqf.uz