Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Noyabr, 2026   |   25 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:38
Quyosh
06:59
Peshin
12:12
Asr
15:32
Shom
17:17
Xufton
18:32
Bismillah
05 Noyabr, 2026, 25 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19198   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Internet — ikki tig‘li pichoq

03.04.2026   15345   2 min.
Internet — ikki tig‘li pichoq

Zamonaviy dunyoni internetsiz tasavvur qilish ta’bir joiz bo‘lsa, ibtidoiy davrga qaytish bilan barobar. U bizning kundalik ehtiyojimiz, ish qurolimiz va aloqa vositamizga aylandi. Biroq, donishmandlar aytganidek, har qanday buyum va jihozning xatarli jihati bo‘lgani kabi internetning ham ikki tomoni bo‘lib, u ikki tig‘li pichoq kabidir.

Internetning birinchi tomoni bizning hayotimizni misli ko‘rilmagan darajada osonlashtirdi. Bugun shu tomoni bilan dunyoning eng nufuzli universitetlari ma’ruzalarini tinglamoqdamiz, masofaviy ta’lim va onlayn kurslar orqali o‘z ustimizda ishlayapmiz. Navbatlar, soatlab davom etadigan xaridlar ham qisman o‘tmishda qolayozdi. Kommunal to‘lovlardan tortib, oziq-ovqatgacha, barchasi soniyalar ichida hal bo‘lmoqda. Dunyoning narigi chekkasidagi yaqinlarimiz bilan yuzma-yuz ko‘rishib gaplashgandek muloqot qilinmoqda.

Agar pichoqni noto‘g‘ri tutsangiz, u albatta qo‘lingizni kesadi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz va mazmunsiz videolar insonning eng qimmatli boyligi bo‘lmish vaqtini beayov sovuradi. Kiberfiribgarlik, yolg‘on axborotlar (feyk), yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi mazmundagi saytlar inson ongini zaharlovchi “o‘tkir tig‘”dir. Virtual dunyoda “do‘stlari” ko‘p, ammo real hayotda yolg‘izlanib qolgan insonlar soni ortib bormoqda.

Internetdan manfaatli foydalanish uchun bir nechta oddiy, ammo hayotiy qoidalarga amal qilish zarur:

  1. Maqsadni belgilang: Internetga kirishdan oldin o‘zingizga savol bering: “Hozir nima uchun tarmoqqa kiryapman?”. Aniq maqsad (ish, o‘qish yoki 5 daqiqalik hordiq) sizni tarmoqda maqsadsiz kezishdan asraydi.
  2. Filtr o‘rnating: Hamma ma’lumot ham to‘g‘ri emas. Olingan xabarni aql chig‘irig‘idan o‘tkazing, uning manbasini tekshiring.
  3. Vaqt limiti: Pichoq bilan kun bo‘yi non kesilmaydi. Internetdan ham faqat kerakli vaqtda foydalaning. Qolgan vaqtni jonli muloqot va kitob mutolaasiga ajrating.

Internet shunchaki vosita. U yomon ham, yaxshi ham emas. Uni “foydali yoki «halokatli asbob”ga aylantiradigan narsa bizning tanlovimizdir. Raqamli dunyoda yashar ekanmiz, qo‘limizdagi imkoniyatni faqat ezgulik, bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘lida ishlatishni o‘rganishimiz shart.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA